April 24, 2020

Tilimiz “tug‘may” qo‘ydi...

Hukumatimizning ona tilimizga bu qadar e’tibor berishi quvonarli hol, albatta. Chunki, tilimiz milliy rangini yo‘qotish bilan birga, taraqqiyotdan ham ancha orqada qolib kelyapti. Ta’bir joiz bo‘lsa, o‘zbek tili borgan sari, “dangasa”, “tekinxo‘r”, “qashshoq” tilga aylanib borayotir. Ilmiy salohiyati-ku, no‘lga tushib qolayozgan. Texnika, tibbiyot, internet, qishloq xo‘jaligi... kabi sohalar tilining holi ham shu. Hatto tilshunosligimizga oid atamalar ham chetdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilinib, iste’molga kiritilmoqda. Xullas, tilimiz “tug‘may” qo‘ydi, faqat begonalarning “bola”sini asrash (yoki o‘ziniki qilib olish) bilan cheklanib qolmoqda. Albatta, bu holatga bizning o‘zimiz sababchimiz.
Oldindan ta’kidlab o‘taman, tilimiz borasida aytib o‘tilayotgan barcha kamchiliklarga qo‘shilaman, ko‘riladigan chora-tadbirlarni yuz foiz qo‘llab-quvvatlayman. Tilimiz mavqeini oshirish, tom ma’nodagi davlat tili darajasiga ko‘tarish bo‘yicha ba’zi takliflarimni aytib o‘tmoqchiman.
Korxona va tashkilotlardan Davlat tilida ish yuritish talab etilar ekan, hujjatlarni o‘zbek tiliga o‘girishda e’tiborli bo‘lish kerak. Yo‘qsa, no‘noq tarjimalar tufayli tilimizning ustidan kulishlariga sababchi bo‘lib qolishimiz mumkin. Masalan, “ogneopasno” so‘zining “yong‘indan xavfli” deb tarjima qilinganiga o‘xshab.
Sohalar (sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, texnika, energetika, xizmatlar va b.) bo‘yicha ilmiy asoslangan atamalarni iste’molga kiritish, zamonaviy atamalarning o‘zbekcha muqobillarini yaratish ishlari muntazam yo‘lga qo‘yilishi lozim. Bu jarayonda ham ehtiyot bo‘lib, ammo qo‘rqmasdan tarjima qilaverish kerak. Shunda balki, tilimizning boshqa tillarga qaramligi ham barham topar. Masalan, “samolyot” so‘zini olaylik. Sof o‘rischa so‘z (ya’ni “olimpiada”, “golf”, “ombudsman”, “sertifikat” kabi so‘zlarga o‘xshab baynalmilal emas). Uning o‘rnida bemalol “uchoq” so‘zini ishlatishimiz mumkin. Yoki, “pampers” (inglizcha) so‘zining o‘rnida ba’zi odamlar “tagshimma”ni qo‘llashmoqda. Shuningdek, bizda oldindan mavjud, ammo bugungi kunda unutilayotgan, iste’moldan chiqib ketayotgan so‘zlar, atamalar bor: achmil (kislota), qo‘nalg‘a (aeroport), jarnoma (reklama), hovuz (basseyn), qopqoq (klapan), qorovul/qo‘riqchi (security), chilla (karantin) kabi. Ularni iste’molga qaytarishimiz kerak.
Mazkur jarayonda, xohlaymizmi, yo‘qmi, tarjima qilib bo‘lmaydigan bir qancha so‘zlarni qabul qilishga majburmiz. Ana shu vaqtda har bitta so‘z “O‘zbek tilining asl tabiati va xususiyatlari”ga (Davlat dasturi, 2-bob) to‘la mos keladigan tarzda qabul qilinishi kerak. Hozirda baynalmilal so‘zlar, asosan, o‘ris tilidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, qanday yozilsa va qanday talaffuz qilinsa, shundayicha ko‘chirilmoqda. Masalan, “kompyuter” so‘zi. Bu so‘z asli inglizcha bo‘lib, uni inglizlarning o‘zi “kompyuti” deb talaffuz qilishadi. Faranglar (fransuzlar) yana boshqacha, olmonlar, arablar va hokazo xalqlar o‘z tillariga moslab talaffuz qilishadi. Ammo faqat biz o‘zbeklar o‘rislar qanday aytsa, shunday aytamiz, qanday yozsa, shunday yozamiz. Yoki, “palto” so‘zini olaylik. Nega uni “po‘stin” deyish mumkin emas? Yo‘q, u po‘stindan boshqacharoq narsa, deyilsa, unda nega “” (yumshatish) belgisi bilan yoziladi? Nega uni o‘zimizga moslab, “palto” (yoki “poltin”) deb olmaymiz? O‘rislarning tilida dag‘allik, qattiqlik bor, yumshatish belgisini qo‘ymasa, talaffuzlari qattiqlashib ketadi (“sdelal”ni “zdelal”, “sbor”ni “zbor” deyishadi-ku). Bizning tilimiz esa, shundog‘am muloyim. (Albatta, bu jarayon ikki-uch yilda amalga oshadigan jarayon emas. Chunki tilimiz bir necha o‘n yillar davomida o‘z xususiyatlarini yo‘qotib keldi.)
Xullas, aytmoqchimanki, chet tildan so‘zni o‘z holicha qabul qiladigan bo‘lsak, tilimiz tabiatiga moslashtirib olaylik. “Brigadir”ni (asli olmoncha so‘z) “birgadir” deb, “monitor”ni (inglizcha) “monito‘r”, “kiosk”ni (farangi) “kiyoska/kioska” deb, “kafel”ni (olmoncha) “kafel” deb, “kauchuk”ni (inglizcha) “kavuchuk” deb olinsa, tilimizning o‘ziga xos xususiyatlari saqlangan bo‘ladi, deb hisoblayman. Mana, masalan, tilimizda “cho‘t” degan so‘z bor. U, aslida, o‘ris tilidagi “schyot”ning o‘zbekchaga o‘zlashgan shakli, xolos. O‘ris millati ham “o‘tlig‘”imizni “utyug” deb, tillariga moslashtirib olishgan va xabarsiz odam uni hecham turkiy so‘z deb o‘ylamaydi, ya’ni bu so‘zimiz g‘irt “o‘ris”lashib ketgan. Bizning ham chetdan oladigan har bir so‘zimiz – agar olishga majbur bo‘ladigan bo‘lsak – xuddi shunaqa “o‘zbek”ka aylanib ketishi kerak. Aslida, bu xususiyat butun dunyo tillariga xos narsa. Faqat bizning tilimiz keyingi asrda shu xususiyatini boy berib qo‘ydi. Bu hol esa, ayni qaramlikning belgisi sifatida baholanadi.

tilimizda “cho‘t” degan so‘z bor. U, aslida, o‘ris tilidagi “schyot”ning o‘zbekchaga o‘zlashgan shakli, xolos. O‘ris millati ham “o‘tlig‘”imizni “utyug” deb, tillariga moslashtirib olishgan va xabarsiz odam uni hecham turkiy so‘z deb o‘ylamaydi, ya’ni bu so‘zimiz g‘irt “o‘ris”lashib ketgan. Bizning ham chetdan oladigan har bir so‘zimiz – agar olishga majbur bo‘ladigan bo‘lsak – xuddi shunaqa “o‘zbek”ka aylanib ketishi kerak. Aslida, bu xususiyat butun dunyo tillariga xos narsa. Faqat bizning tilimiz keyingi asrda shu xususiyatini boy berib qo‘ydi. Bu hol esa, ayni qaramlikning belgisi sifatida baholanadi.
Yana bir gap: ba’zi do‘stlarimizda “atoqli otlar qanday bo‘lsa, shundayicha olinishi kerak”, degan fikr bor. (Hatto ba’zilar o‘zbekchada “Visotskiy” deb yoza boshladi.) Ammo shaxsan men bu fikrga mutlaqo qarshiman. Mana, masalan, o‘rislar bizning “Toshkent”ni “Tashkent” deyishadi. Va to‘g‘ri qilishadi. Holbuki, tillarida “Toshkent” deyish uchun barcha tovush mavjud. Ammo o‘zlariga moslashtirib-o‘zgartirib aytishadi. Yoki “Jizzax”imizni qanchalar “buzib” aytishlarini olaylik. Lekin biz nega ularning “Moskva”sini “Moskva” deymiz? Bobolarimiz kabi “Moskov” demaymiz? Shu haqda ham o‘ylab ko‘rishimiz kerak. Bu yerda tilning sofligidan tashqari, milliy g‘urur degan narsa ham bor.
Ha, xalqimiz ona tilimizga muhabbat qo‘yishi uchun milliy g‘ururi hozirgidan ancha baland bo‘lishi kerak. Shundagina odamlarimiz majburan yoki jarima-jazolardan qochib emas, ixtiyoriy ravishda o‘zbekchalashadi, ochiq ko‘ngil bilan o‘zbekchani sevadi va himoya qiladi.
Reklama-jarnomalar haqida gapiradigan bo‘lsak, ularni o‘zbekchalashtirish bilan birga, milliylashtirish ham muhim. Juda ko‘p jarnomalar o‘zbek ma’naviyatiga mos emas. Shu o‘rinda yana bir narsani taklif etmoqchi edim, modomiki, davlat rahbari tomonidan kitobxonlikka katta e’tibor berilayotgan ekan ekan, hech yo‘g‘i, beshta tijoriy jarnomaning orasida bitta kitobning targ‘iboti ham qo‘yilsa yaxshi bo‘lar edi. Xarajati esa, o‘sha jarnomachilarning yoki oynayi jahonning hisobidan qoplansa. Chunki kitobni targ‘iboti uchun pul to‘lashga kitob chiqargan nashriyot yoki muallifning imkoniyati yetishmaydi.
Sohalar bo‘yicha terminlar lug‘atlarini yaratish masalasida shoshmaslikni so‘ragan bo‘lardim. Agar qisqa muddat ichida bajarish talabi qo‘yilsa, ish xom bo‘lishi, nomigagina bajarilishi mumkin. Faqat ularni tuzishda izoh berish bilan cheklanib qolinmasa, balki, so‘zlarni o‘zbek tiliga tarjima qilib, muqobil sifatida tavsiya ham qilinsa.
Tilimiz targ‘ibotida eng katta ta’sir kuchiga ega soha bu – tele va radioeshittirshlar. Eng oldin, ularning tilini o‘nglash kerak, hech bo‘lmaganda, tele-radio boshlovchilar sof adabiy tilda gapirishlari kerak, sheva yoki boshqa ajnabiy aksentda emas (masalan, “Yaponiya”ni “Yeponiya”, “Lola”ni “Lo‘la” demasliklari kerak).

Abdug‘afur Iskandar, “Muharrir nashriyoti” rahbari, filologiya fanlari nomzodi