5-sentyabrdan qator faoliyat turlariga ruxsat beriladi - Maxsus komissiya qarori
O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi navbatdagi qarorni qabul qildi.
Maxsus komissiya axborotiga ko‘ra, karantin cheklovlari yumshatilishiga qaramasdan amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida koronavirus infeksiyasi tarqalishini jilovlash bo‘yicha muayyan natijalarga erishilmoqda. Xususan, joriy yil 21-avgustdan boshlab koronavirus infeksiyasini yuqtirish bilan bog‘liq yangi holatlar 500 talik ko‘rsatkichdan qat'iy tushganligi, sog‘ayganlar soni 39,5 mingdan yoki umumiy kasallanganlarning 93 foizidan oshgani ham buni tasdiqlamoqda.
2020-yil 5-sentyabrdan boshlab umumiy ovqatlanish obektlari (restoran, kafe, oshxona, choyxona) faoliyatiga ruxsat berildi. Bunda ushbu obektlar quyidagi sanitari talablariga rioya etishi talab etiladi:
- banketlar va boshqa ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga yo‘l qo‘ymaslik;
- stollar oralig‘idagi 2 metrdan kam bo‘lmagan ijtimoiy masofani ta'minlash;
- bir stol atrofida 4 kishidan ko‘p bo‘lmagan (oila a'zolari bundan mustasno) mijozlarni joylashtirish;
- xodimlarning tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqopda bo‘lishi;
- har bir mijozdan keyin stol va boshqa jihozlarning yuza qismini dezinfeksion vositalar bilan tozalash;
- bino va xonalarga, shuningdek, havo aylantirish tizimiga zararsizlantirish anjomlarini (ultrabinafsha lampalar va b.) o‘rnatish.
Shuningdek, tomosha va madaniy-ko‘ngilochar obektlar (faqatgina teatr va kinoteatr) faoliyatiga ruxsat berildi. Bunda ushbu obektlar quyidagi sanitari talablariga rioya etishi talab etiladi:
- obektning havo aylantirish tizimiga zararsizlantirish anjomlarini (ultrabinafsha lampalar va b.) o‘rnatish;
- tashrif buyuruvchilarni ijtimoiy masofani saqlagan holda joylashtirish hamda tibbiy niqobda bo‘lish (zarur hollarda tadbir 2 soatdan ziyod davom etganda niqobni bepul almashtirish);
- obektlarning kirish-chiqish joylarini pirometrlar, dezinfeksion “to‘shaklar”, antiseptik vositalari bilan jihozlash, ularga kirishda har bir tashrif buyuruvchilarning tana haroratini o‘lchab, 37°C va undan yuqori bo‘lgan yoxud infeksiya alomatlari mavjud bo‘lgan holatda kiritmaslik;
- har bir seansdan keyin o‘rindiq va boshqa jihozlarning yuza qismini dezinfeksion vositalar bilan tozalash;
- xodimlarning tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqopda bo‘lishi.
Parklar va istirohat bog‘laridagi attraksionlar faoliyati ham tiklanmoqda. Bunda ushbu obektlar quyidagi sanitariya qoidalariga rioya etishi talab etiladi:
- tashrif buyuruvchilarni ijtimoiy masofani saqlagan holda navbatda turishini ta'minlash;
- attraksionlarning yuza qismini har soatda yoki har bir foydalangandan so‘ng dezinfeksion vositalar bilan tozalash;
- attraksiondan foydalanishda ijtimoiy masofani saqlash;
- xodimlarning tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqopda bo‘lishi;
- bino va xonalarga, shuningdek, havo aylantirish tizimiga zararsizlantirish anjomlarini (ultrabinafsha lampalar va b.) o‘rnatish (yopiq binolardagi attraksionlar faoliyati uchun).
Manba: Kun.uz
Telegram kanalimizga obuna bo'ling: