Qonunchilik palatasida yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi ustida ish boshlandi
Aholi bandligini ta'minlash, mehnat sharoitlarini yaxshilash, mehnat nizolarining yuzaga kelmasligiga erishish ko‘p jihatdan bu boradagi qonunchilikni takomillashtirishga bog‘liq. Mamlakatimizda ushbu munosabatlar O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi hamda Xalqaro mehnat tashkilotining (XMT) tegishli konvensiyalari va tavsiyalariga asoslanadi.
Raqamlarga e'tibor qaratiladigan bo‘lsa, yurtimizda so‘nggi yillarda mehnat bozorida bir qator jiddiy o‘zgarishlar amalga oshirilganini ko‘rish mumkin. Xususan, ish bilan band bo‘lganlar soni 1,5 barobarga (8,8 mln.dan 13,5 mln.gacha), ish beruvchilar soni 4,5 barobarga (203,2 mingdan 928,9 minggacha) oshdi. Bu esa ish beruvchi va xodimlarning o‘zaro munosabatlari faol rivojlanish talablarini hisobga olgan holda mehnat munosabatlarini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini takomillashtirib borishni talab etadi.
Amaldagi Mehnat kodeksi zamonaviy voqelikka mos kelmasligi va fuqarolarni mehnat faoliyatiga jalb qilishning yangi turli xil shakllarining faol rivojlanishini hisobga olmasligi, ish beruvchilarni, xususan, qo‘shimcha odamlarni mehnatga jalb qilishning sodda shakllarini tanlashga imkon beradigan moslashuvchan ish rejimlaridan keng foydalanish uchun yetarli shart-sharoitlarni yaratmasligi, bugungi kunda mahsulot, tovarlar va xizmatlar uchun mavsumiy talabning oshib borishi yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksini qabul qilish zaruratini tug‘dirmoqda.
2020 yil 4 sentyabr' kuni parlament quyi palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitalari tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda shular xususida so‘z yuritildi.
Deputatlar, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mutasaddilari hamda jurnalistlar ishtirok etgan tadbirda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi loyihasini qabul qilish uchun asoslar va undan kutilayotgan natijalarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Ta'kidlanganidek, ushbu qonun loyihasi mamlakatimizda davlat va jamiyat hayotida amalga oshirilayotgan islohotlar, ijtimoiy soha va iqtisodiyotni rivojlantirish, jumladan, investisiya muhitini yaxshilash borasida O‘zbekiston Respublikasi mehnat qonunchiligini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilamoqda.
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish xususiyatlari, xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, mehnat nizolarini ko‘rib chiqish kabi normalarni o‘z ichiga oladi.
— Yangi tahrirdagi Kodeks loyihasi xodimlar va ish beruvchilar o‘rtasidagi yakka tartibdagi va ular bilan bog‘liq bo‘lgan mehnat munosabatlarini tartibga solishga qaratilgani bilan ahamiyatli, — deydi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Odiljon Tojiev. — Unda ish beruvchi sub'ektlar sifatida mulkiy va idoraviy mansubligidan qat'i nazar tashkilotlar, yollash huquqiga ega bo‘lgan tashkilotlarning alohida tarkibiy bo‘linmalari hamda jismoniy shaxslar belgilanmoqda. Mazkur qoidaning belgilanishi ishchi o‘rinlarining ko‘payishiga, norasmiy sektorda faoliyat olib boruvchi shaxslarning qisqarishiga hamda ularning huquqlari doimiy ravishda himoya qilinishiga olib keladi. Shu bilan birga, hujjatda mehnat shartnomasini tuzish bilan bog‘liq ayrim munosabatlar takomillashtirilmoqda. Jumladan, ishga qabul qilishga yo‘l qo‘yiladigan yoshga aniqlik kiritilib, ishga qabul qilishda dastlabki sinov belgilanmaydigan shaxs toifalari kengaytirilyapti. Mamlakatda yoki mintaqada favqulodda holat yoki karantin choralari e'lon qilinganda xodimning roziligisiz mehnat shartnomasiga o‘zgartirish kiritish shartlari belgilanmoqda.
Tadbirda Mehnat kodeksining yangi tahrirda qabul qilinishi bir qator imkoniyatlarni yuzaga chiqarishi ham qayd etildi. Bozor iqtisodiyoti talablarini hisobga olgan holda xodimlar va ish beruvchilar manfaatlarining muvozanatini ta'minlash, ularni ijtimoiy hamkorlikka jalb qilish, tomonlarning mehnatning natijadorligiga qiziqishini rag‘batlantirish, kichik biznes va yakka tadbirkorlik sohasiga mehnat qonunchiligini tatbiq qilish shular jumlasidan.
Qizg‘in bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tgan yig‘ilishda ishtirokchilar tomonidan qonun loyihasi yuzasidan bir qator taklif va tavsiyalar ilgari surildi.
Yakunda “O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisi muhokamasiga kiritish to‘g‘risida tegishli qaror qabul qilindi.
Manba: http://parliament.gov.uz/uz/events/committee/31894/
Bizni telegramda kuzatib boring:
👉 https://t.me/tbinfouz