Farg‘ona viloyati misolida barcha hududlarda tadbirkorlik bo‘yicha yangi loyiha amalga oshiriladi - Hukumat qarori loyihasi
Respublika hududlarida ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlikka keng erkinlik berish borasida boshlangan islohotlarni davom ettirish hamda joylarda to‘g‘ri tatbiq etilishini ta'minlash maqsad qilingan.
Vazirlar Mahkamasining “Farg‘ona viloyati misolida respublikaning barcha hududlarida “Tadbirkor – islohotchi” g‘oyasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
Hujjatda qayd etilishicha, “Farg‘ona tadbirkori – Farg‘onada islohotchi” g‘oyasi asosida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlar hududning investitsiya muhitini yaxshilash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish, bo‘sh turgan binolardan samarali foydalanish borasida bir qator kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatdi:
birinchidan, yer uchastkalarini ajratish hujjatlarini kelishishda belgilangan muddatlarni buzish va ochiq savdoga chiqarishda asossiz rad etish holatlari uchramoqda;
ikkinchidan, bo‘sh turgan davlat obektlarini sotilishi Hukumat bilan kelishilganligiga qaramasdan, balansda saqlovchilar tomonidan ularni o‘z vaqtida savdoga chiqarish choralari ko‘rilmagan;
uchinchidan, tadbirkorlik faoliyatini to‘laqonli tashkil etishda kommunikatsiya tarmoqlariga ulash bo‘yicha mavjud resurslardan foydalanilmagan;
to‘rtinchidan, koronavirus pandemiyasi davrida tadbirkorlarga belgilangan imtiyoz va preferensiyalarning qo‘llanilishi yetarli darajada ta'minlanmagan.
Farg‘ona viloyati misolida respublikaning barcha hududlarida “Tadbirkor – islohotchi” g‘oyasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanadi va quyidagilar inobatga olinadi:
tadbirkorlik sub'yektlarining huquqiy himoyasini kuchaytirish;
tadbirkorlik tashabbuslarini moliyalashtirish va bank xizmatlarini ko‘rsatishning sifatini oshirish;
bo‘sh turgan davlat mulki obektlariga xususiy sektorni keng jalb etish;
tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish uchun yer uchastkalarini ajratish;
tadbirkorlarning to‘laqonli faoliyat olib borishi uchun muhandislik-kommunikatsiya tizimlariga ulash.
Dasturga kiritilgan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun shaxsiy javobgarlik mas'ul ijrochilar — tegishli vazirliklar, idoralar, bank, huquqni muhofaza qilish va nazorat qiluvchi organlar rahbarlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga yuklatiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil Dasturda belgilangan choralarni to‘liq va o‘z vaqtida bajarish ishlarini muvofiqlashtirishi va ustidan monitoring o‘rnatishi hamda qonun buzganlik uchun javobgarlik choralarini qo‘llashi vazirliklar, idoralar, bank, huquqni muhofaza qilish, nazorat qiluvchi va mahalliy davlat hokimiyati organlar rahbarlari e'tiboriga yetkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir Qabulxonasi va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hududlardagi tadbirkorlar muammolarini tezkor hal etish va takliflarini o‘rganib chiqish uchun “Biznes-chat” nomli telegram kanali ochish choralarini ko‘radi.
Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida hududlardagi sektor rahbarlari quyidagilarni amalga oshiradi:
tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirgan aholini tadbirkorlikka keng jalb etadi;
tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatidagi mavjud g‘ov va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish choralarini ko‘radi;
hududlardagi tadbirkorlarning faoliyatini to‘laqonli tashkil etish uchun ularni kommunikatsiya tarmoqlariga (elektr, tabiiy gaz, suv va boshqalar) ulanishdagi muammolarini o‘rganadi va hal etish choralarini ko‘radi;
mehnatga layoqatli aholini ish bilan ta'minlash maqsadida oilaviy tadbirkorlikka va kasanachilik faoliyatiga ayollar va oilaning band bo‘lmagan boshqa a'zolarini jalb etish orqali uyda qilinadigan ishlarning turli ko‘rinishlarini rivojlantirishda “Korxona-Mahalla” iqtisodiy hamkorlik tizimini amalga oshirish choralarini ko‘radi;
tadbirkorlarning mavjud bo‘sh ish o‘rinlarini to‘ldirish uchun ishchilarga bo‘lgan ehtiyojini aniqlaydi va birinchi navbatda “Temir daftar”dagi fuqarolarni ish bilan ta'minlash choralarini ko‘radi.
Mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan korxonalar tomonidan o‘z ishlab chiqarishi uchun butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallarni import qilishda bojxona deklaratsiyasi qabul qilingan kundan boshlab bojxona to‘lovlarini (bojxona yig‘imlaridan tashqari) ta'minotsiz 120 kunga kechiktirib to‘lashga ruxsat beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Tijorat banklari, Lizing kompaniyalariga Tadbirkorlar uchun tuman, shahar markazlarida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarini texnologik vositalar, kichik mexanizatsiyalar, stanoklar va boshqa xildagi uncha murakkab bo‘lmagan vositalar, shuningdek, transport vositalari bilan ta'minlash maqsadida lizing kompaniyalarining filiallarini tashkil etish tavsiya etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qurilish vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda:
ikki oy muddatda auksion savdolariga chiqariladigan bo‘sh yer uchastkalarining minimal qiymatini va ular uchun investitsiya majburiyatlarini belgilashning yagona mezon va mexanizmini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
ikki hafta muddatda auksion savdolariga chiqariladigan bo‘sh yer uchastkalarini aniqlash uchun o‘tkaziladigan xatlovlarda qurilish idoralarini ham ishtirokini va bo‘sh yer uchastkalarini “YERELEKTRON” tizimiga aniqlangan vaqtdan boshlab uzluksiz kiritilishini ta'minlashni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Daryo o‘zanlarida va qirg‘oqbo‘yi mintaqalaridagi istiqbolli uchastkalarda geologik o‘rganish uchun 2019 yil 12 noyabrdagi PQ-4518-sonli qaror rasmiy e'lon qilingan kunga qadar litsenziyalar olgan tadbirkorlarga istisno tariqasida “Xavfsiz daryo” DUK bilan qum-shag‘al materiallarini qazib olish yuzasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzishga ruxsat beriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari hududlardagi kichik sanoat zonalari direksiyasi funksiyalarini tajriba asosida kamida bitta kichik sanoat zonasini ishonchli boshqaruv shartnomasi asosida xususiy boshqaruvchi tashkilotlarga berish taklifiga rozilik beriladi.
Xususiy boshqaruvchi tashkilotga quyidagi vazifalar yuklanadi:
buyurtmachining funksiyalarini bajarish, kichik sanoat zonasi hududidagi obektlar qurilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish, shu jumladan, kichik sanoat zonasi hududini muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta'minlash, kirish yo‘llari, avtomobil to‘xtash joylari qurilishi bilan bog‘liq masalalarni hal etish;
kichik sanoat zonasi hududida umumiy foydalanish joylari, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasidan foydalanish va xizmat ko‘rsatishni tashkil etish.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi kichik sanoat zonalar direksiyasi funksiyalarini xususiy boshqaruvchilar tomonidan boshqarishda muvaffaqiyatga erishilgan taqdirda, kichik sanoat zonalarini boshqaruviga xususiy sektorni keng jalb etish yuzasidan 2021 yil 1 yanvariga qadar takliflar kiritadi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlari boshqarish agentligi:
bir oy muddatda muayyan bir davlat tashkiloti qoshidagi ma'muriy binolaridan foydalanish va boshqa turdagi funksiyalarni tajriba tariqasida autsorsing asosida xususiy tadbirkorlarga berilishini ta'minlaydi;
tadbirkorlar soni va faoliyat turini kengaytirish, xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash va davlat budjetidan oqilona foydalanish maqsadida, joriy yil 1 oktyabrga qadar davlat ishtirokidagi barcha korxonalarni optimallashtirish orqali ularning funksiyasini autsorsing asosida xususiy sektorga bosqichma-bosqich o‘tkazish yuzasidan yo‘l xaritasini ishlab chiqadi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritadi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimiyatlari bilan birga quyidagi ko‘rsatkichlarga alohida e'tibor qaratgan holda hududlarda ishbilarmonlik faolligi darajasini tahlil qilib boradi:
bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalar dinamikasi;
tovar-xomashyo birjalaridagi faollik;
mulk huquqidan foydalanish;
tadbirkorlik sub'yektlarining faolligi;
“nol” soliq hisoboti topshirgan, zarar ko‘rib ishlayotgan va faoliyat ko‘rsatmayotgan tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini monitoring qilish.
Tahlil natijalariga ko‘ra, mamlakatda ishbilarmonlik faolligi darajasini oshirish va mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha aniq takliflarni har chorakda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etib boradi.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi va Davlat xizmatlari agentligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoniga tadbirkorlik sub'yektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatilishi ustidan doimiy monitoringni o‘rnatish uchun “YERELEKTRON” va davlat xizmatlarini ko‘rsatishning (dxa.gov.uz) avtomatlashtirilgan axborot tizimlarining yopiq qismidan foydalanishga ruxsat beradi.
Manba: Kun.u
Bizni telegramda kuzatib boring:
👉 https://t.me/tbinfouz