November 4, 2021

Pedagogika universiteti kasaba uyushmasi raisi taqdirlandi

Har bir tashkilotdagi xodimlarni ijtimoiy-iqtisodiy, ma'naviy e'tibor nuqtayi nazaridan qo'llash, ko'maklashishda shu tashkilotlarda faoliyat yurituvchi kasaba uyushmasining o'rni beqiyos. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti kasaba uyushmasi ham ta'lim dargohi xodimlariga har tomonlama ko'mak berib kelmoqda. Ayniqsa universitet kasaba uyushmasi raisi Said_Nosir Fayzullayevning faol harakatlari natijasida so'nggi yillarda uyushma faoliyati ancha yuksaldi.

Kuni kecha Said-Nosir Fayzullayev kirib kelayotgan 11-noyabr Kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan Toshkent shahar kasaba uyushmalari kengashi tashabbusi bilan o'tkazilgan tadbirda shahar kengashi raisi Ahmedov Sayfulla Normatovich tomonidan ko'krak nishoni bilan taqdirlandi.

Butun universitet jamoasi nomidan Fayzullayev Said-Nosir Saidburxanovichni ushbu ulkan yutuq va e'tirof bilan chin qalbdan tabriklaymiz. Ishlarda muvaffaqiyat va sihat-salomatlik tilab qolamiz!

Said-Nosir Saidburxanovichni tabriklash bahona ulardan universitet kasaba uyushmasi faoliyatiga oid kichikroq intervyu oldik. Uni e'tiboringizga havola etamiz:

Savol: Universitet kasaba uyushmasining bugungi kundagi faoliyati qanday yo'nalishlardagi ishlarni qamrab olayapti?

Said-Nosir Said-Burxonovich: 2020-yil 11-fevraldagi jamoa yigʻilishining 1-sonli bayonnomasi bilan tasdiqlangan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitet maʼmuriyati hamda kasaba uyushmasi oʻrtasida 2020-2022-yillar uchun tuzilgan jamoa shartnomasi bandlarida: kasaba uyushmasi aʼzolarini ijtimoiy-iqtisodiy va fuqarolik huquqlari, kasbiy manfaatlarini ifoda etish va himoya qilish ishlarini qamrab olgan. Universitet ish faoliyatida barcha masalalarni hal etish kasaba uyushmasi raisi va kasaba uyushmasi ijroiya qoʻmitasi roziligi asosida amalga oshirilyapti, universitet faoliyatida turli masalalarni hal etishda kasaba uyushmasi oʻz oʻrni va ovoziga ega. Universitetning barcha hal etuvchi masalalaridagi tuzilmalarida kasaba uyushmasi ijroiya qoʻmitasi aʼzolari qatnashadilar (ilmiy kengash, jamoat nazorati, ustamalarni hal etish ishchi guruhi va buyruqlar). Yil yakunida kasaba uyushmasi qoʻmitasi va maʼmuriyat jamoaga, jamoa shartnomasi bandlarining bajarilishi boʻyicha hisobot topshiradilar.

Savol: So'nggi paytlarda uyushma universitet xodimlariga qanday imtiyozlar, ko'mak va yordamlarni ko'rsatmoqda?

Said-Nosir Said-Burxonovich: Uyushma ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy masalalarda, sogʻlomlashtirish (respublikadagi sanatoriy va oromgohlarga imtiyozli yoʻllanmalar berish), moddiy yordam berish, professor-oʻqituvchi va xodimlarning farzandlariga bolalar oromgohlariga imtiyozli yoʻllanmalar berish, sport-sogʻlomlashtirish tadbirlari va universitetda oʻtkaziladigan barcha bayram tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish, qimmatbaho sovgʻalar bilan faollarni taqdirlashda maʼmuriyatga oʻz koʻmak va yordamini koʻrsatib kelmoqda. Faol professor-oʻqituvchi va xodimlarning Buxoro va Xorazm viloyatlariga ziyoratlari uyushtirildi. 2021-yil 28-martdagi 5-23- sonli bayonnoma bilan tasdiqlangan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitet maʼmuriyati hamda kasaba uyushmasi oʻrtasida 2020-2022-yillar uchun tuzilgan jamoa shartnomasiga kiritilgan qoʻshimchalarda “Koronavirus yoki boshqa yuqumli kasalliklar tufayli joriy qilingan karantin choralari davrida xodimlarga beriladigan imtiyoz va kafolatlar” bandi kiritildi. Pandemiya davrida COVID-19ga chalingan xodimlarga dori-darmon xaridiga ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi tavsiyasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasida oʻrnatilgan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 3 barobari miqdorida, kasallikdan vafot etgan xodimga Oʻzbekiston Respublikasida oʻrnatilgan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 10 barobaridan kam boʻlmagan miqdorda moddiy yordam berildi.

Savol: Universitet kasabа uyushmasining bugungi kundagi a'zolari soni qancha?

Said-Nosir Said-Burxonovich: Bugungi kunda universitet kasaba uyushmasining xodimlar va professor-o'qituvchilarni qo'shib hisoblaganda 1109 nafar aʼzosi bor.

Savol: Uyushma tomonidan aynan qanday toifadagi xodimlarga imtiyoz va ko'mak beriladi?

Said-Nosir Said-Burxonovich: Ehtiyojmand xodimlarga, koʻp bolali va nogiron farzandlari bor xodimlarga, yosh bolali (uch yoshga toʻlmagan bolalari bor) ayol professor-oʻqituvchi va xodimlarga ko'mak ko'rsatiladi. Shuningdek yuqoridagi toifaga kiruvchi xodimlarga 1 soatga qisqartirilgan ish kuni belgilash bo'yicha huquqiy-amaliy yordam beriladi. Undan tashqari 9-may “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan har yili 30 nafar faxriy ustozlarga ozik-ovqat mahsulotlari beriladi.

Savol: Kasaba uyushmasining shiori qanday?

Said-Nosir Said-Burxonovich: Universitet kasaba uyushmasi xodimlarining shiori “Insonga naf keltirish-oliy baxt”.

Savol (uyushma xodimlariga): Said-Nosir aka Fayzullayevning uyushma ishlarida erishgan yutuqlari va u kishining uyushma faoliyatini rivojlantirishdagi hissasi qanday?

Universitet kasaba uyushmasi xodimlari: Fayzullayev Said-Nosir Said-Burxonovich 2018-yil oktyabr oyida universitet kasaba uyushmasi qoʻmitasi raisi lavozimiga saylandi. Shundan so'ng kasaba uyushmasi faoliyatida jonlanishga erishildi. Chunki S.S.Fayzullayev universitetda koʻp yillar davomida oʻquv ishlari boʻyicha prorektor lavozimida ishlagan. Shu davrda universitetning barcha faoliyatidan xabarlari boʻlgan. Universitetning professor-oʻqituvchi va xodimlarining hurmatiga sazovar boʻlgan, shu sababli xodimlar ham kasaba uyushmasi faoliyatiga maʼsuliyat bilan yondashib, oʻz muammo, masalalarini bemalol aytib, ularga yechim topishga erishmoqdalar.

Universitet taraqqiyoti uchun o'zining ulkan hissasini qo'shib kelayotgan TDPU kasaba uyushmasi jamoasiga, xususan jamoa faoliyatini sifatli tashkil etib kelayotgan Said-Nosir Said-Burxonovichga o'z minnatdorchiligimizni bildiramiz.