30 ga yaqin TDPU talabalarining kontrakt summalari to'lab beriladi
Toshkent davlat pedagogika universitetida bugun Yoshlar ishlari agentligi Toshkent shahar va Chilonzor tumani boshqarmalari bilan hamkorlikda yoshlar muammolarini yechishga qaratilgan muloqot tadbiri tashkil etildi.
Muloqotda Yoshlar ishlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi boshlig'i Abdulaziz Nazirov, Yoshlar ishlari agentligining Chilonzor tumani bo’limi rahbari Bahodir Ziyovuddinov, TDPU Yoshlar ittifoqi Boshlang’ich tashkiloti yoshlar yetakchisi Mumtozbek Meliqoziyev va universitet talabalari ishtirok etishdi.
O'zaro suhbat davomida yoshlarni qiynayotgan muammolar, takliflar va murojaatlar o'rganildi hamda bulardan bir qanchasi joyida hal etildi.
Toshkent shahrida muqim istiqomat qiluvchi, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga Yoshlar ishlari agentligi tomonidan kontrakt summalari to'lab berilishi bo'yicha kelishib olindi.
Mamlakatimizning boshqa viloyatlaridan kelib Toshkent shahrida o'qiyotgan talabalarning kontrakt summalarini ular muqim istiqomat qiladigan viloyat, tuman Yoshlar ishlari agentligi boshqarma va bo'limlari bilan hamkorlikda to'lab berilishi bo'yicha ishlar olib borilishi haqida ma'lumot berildi.
Uchrashuv yakunlariga ko'ra, universitetimizda to'lov-kontrakt asosida tahsil oluvchi 30 ga yaqin talabalarining kontrakt summalari to'lab berilishi bo'yicha kelishuvga erishildi.