July 14, 2021

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti huzuridagi Ilmiy Kengash murojaati

Xabaringiz bor, prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 16-iyun kuni oliy ta’lim tizimidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi.

Ushbu videoselektorda oliy ta’lim muassasalariga akademik va tashkiliy-boshqaruv bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilish vakolati berilishi ta’kidlandi. Bunday ishonch va qo'llab-quvvatlov ortidan OTMlari talab qilinayotgan sifat va natijani ko'rsatishlari, jamiyatning lokomotivi bo'lishlari shart.

Yurtboshimiz bergan imkoniyat va vakolatdan foydalangan holda, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti huzuridagi Ilmiy Kengash navbatdagi yig'ilishida universitet jamoasi orasida COVID-19 ga qarshi emlash jarayonlarini jadallashtirish bo'yicha qaror qabul qilindi. Bunda universitetning barcha professor-o'qituvchilariga, xodimlari va talabalariga vaksinatsiya jarayonlarida faol ishtirok etishlarini so'rab murojaat qilamiz.

Albatta bunda surunkali kasallikka chalinganlar va vaksinatsiya sog'ligiga salbiy ta'sir etishi mumkin bo'lganlarning holati inobatga olinadi.

Davlatimiz rahbari pandemiya sharoitida aholi salomatligi va xavfsizligini saqlash bo'yicha juda katta ishlar amalga oshirilishiga bosh-qosh bo'ldilar. Ayniqsa vaksinatsiya jarayonini tezlashtirish uchun xorijdan tinimsiz vaksinalar olib kelinishi jadal suratlarda davom etmoqda. Yoshlar kelajagimiz deya bot-bot takrorlovchi yurtboshimiz, ularga yengillik yaratish maqsadida vaksina olgan (18 yoshdan katta) talabalarga kontrakt to'lovlariga bir martalik 10 % lik chegirma berilishi haqida qaror qabul qildilar.

26-iyundan boshlab universitetimiz jamoasi ham vaksina bilan emlanish jarayonlarida faol qatnashib kelmqoda. Birinchilar qatorida rektor Alisher Umarov "ZF-UZ-VAC 2001" vaksinasini olib, barchamizga o'rnak bo'ldilar.

Qadrli jamoa a'zolari, professor-o'qituvchilar, talabalar va xodimlar! Butun jamiyatimizga pandemiyadan omon chiqib olish uchun, farzandlarimiz, yaqinlarimiz sog' bo'lishi uchun, ziyoli sifatida ongli qaror qabul qilib, vaziyat taqozo etayotgan vaksinatsiya jarayonlarida qatnashib namuna bo'laylik.

Har bir inson uchun o'z hayoti qimmatli. Yaqinlarimiz hayoti esa ikki karra qadrlidir. Biz pedagoglar, ziyolilar hayot uchun kurashamiz. Shunday ekan keling bir bo'lib vaksina olib, kasallikni yengib o'zimiz va yaqinlarimiz hayotini asrab qolaylik.

Toki oramizdan boshqa hech kim bevaqt hayotdan ko'z yummasin!