Abdulla Avloniy nomidagi maxsus stipendiya bo‘yicha e’lon!
📘 Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti tomonidan Abdulla Avloniy hayoti va ijodini o‘rganish, faoliyatini yoritish, ilmiy tadqiq qilish hamda targ‘ib etish yo‘nalishida izlanish olib borayotgan, alohida faollik ko‘rsatgan talabalarni rag‘batlantirish maqsadida maxsus stipendiya joriy etildi.
📘 Maxsus stipendiya kvotasi universitetdagi fakultetlar sonidan kelib chiqib, har bir fakultet bo‘yicha bittadan alohida ajratiladi.
📘 Maxsus stipendiya quyidagi mezonlarga javob beradigan universitetning kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan bakalavriatining 1-3-bosqich hamda magistraturasining 1-bosqich talabalariga beriladi:
⏩ maxsus stipendiya Abdulla Avloniyning hayoti va ijodini o‘rganish, faoliyatini yoritish, ilmiy tadqiq qilish va targ‘ib etish yo‘nalishida izlanish olib borgan;
⏩ adabiyot va kitobxonlikni keng targ‘ib qilish yo‘nalishida alohida faollik ko‘rsatgan;
⏩ adabiyot va kitobxonlikka doir konferensiyalarda (tanlovlarda) qatnashgan;
⏩nashr etilgan ilmiy va ijodiy ishlari mavjud bo‘lgan talabalarga beriladi.
Talabgorlar joriy yilning 20-martiga qadar fakultet ilmiy kengashiga quyidagi hujjatlarni topshiradilar:
✔️sinov daftarchasidan ko‘chirma (o‘zlashtirish ko'rsatkichi);
✔️kafedra tavsiyanomasi;
✔️ijodiy (ilmiy) ish, uning annotatsiyasi va taqriz (mavjud bo‘lsa);
✔️murabbiyning fikr-mulohazalari;
✔️Abdulla Avloniy hayoti va ijodi hamda faoliyati (OAVda, ijtimoiy tarmoqlarda va boshqa) targ‘iboti bo‘yicha materiallar;
✔️Abdulla Avloniy hayoti va ijodini, faoliyatini tadqiq kilish bo‘yicha respublika va xalqaro miqyosdagi jurnallarda chop etilgan yakka mualliflikdagi ilmiy maqolalar, o‘tkazilgan anjumanlardagi faol ishtirokini tasdiqlovchi hujjat (asl nusxasi);
✔️o‘z sohasi bo‘yicha xalqaro yoki respublika darajasidagi ko‘rgazma, festival, simpozium, tanlov va boshqa nufuzli tadbirlardagi ishtiroki va natijalarga erishganligi (mavjud bo‘lsa) to‘g‘risida tasdiqlovchi hujjat.
📘Barcha hujjatlar ikki nusxada, har bir nusxasi alohida jildga joylangan holda taqdim qilinadi. Har bir jild muqovasida takdim qilayotgan fakultetning nomi, talabgorning ismi va familiyasi, ishning nomi ko‘rsatilgan bo‘ladi.
📘Fakultet ilmiy kengashi 31-martga qadar talabgorlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chikib, maxsus stipendiyaga nomzodlarni tavsiya etadi. Fakultet dekanati 10-aprelga qadar nomzodlarning hujjatlarini Tanlov komissiyasiga taqdim etadi.
📘Tanlov komissiyasi tomonidan joriy yilning 20-aprelga qadar talabgorlar bilan test sinovi hamda suhbat o‘tkaziladi.
📘Joriy yilning 25-aprelga qadar nomzodning so‘nggi tanlovini yashirin ovoz berish yo‘li bilan tashkil etadi, bunda talabgor va uning ishi uchun ovoz berishda ishtirok etgan komissiya a’zolarining uchdan ikki kismi yoqlab ovoz berganda, ushbu nomzodni maxsus stipendiya tayinlash uchun tavsiya qiladi.
📘27-aprelga qadar maxsus stipendiya tayinlash uchun tavsiya etish to‘g‘risidagi qarorni universitet ilmiy kengashiga taqdim etadi.
📘Tanlov komissiyasining maxsus stipendiyani tayinlash to‘g‘risidagi qarori asosida joriy yilning 30-aprelga qadar universitet ilmiy kengashining qarori qabul qilinadi. Universitet ilmiy kengashining maxsus stipendiyani tayinlash to‘g‘risidagi qarori rektor buyrug‘i asosida kuchga kiradi.
📘Maxsus stipendiyaga sazovor bo‘lgan talabalarga joriy yilning 20-mayiga qadar “Abdulla Avloniy nomidagi maxsus stipendiya sovrindori” guvohnomasi beriladi.
📘Maxsus stipendiya talabalarga har yili, bir o‘quv yili uchun 1-sentyabrdan boshlab belgilangan miqdorga qatiy rioya qilingan holda tayinlanadi.
❗️Talaba o‘qishini boshqa OTMga ko‘chirganda yoki akademik ta’til olganda maxsus stipendiya to‘lanmaydi. 4-bosqich talabalariga maxsus stipendiya o‘qigan davri uchun to‘lanadi.
❗️Kundalik darslarni o‘zlashtirmaydigan, o‘quv intizomini va odob- axloqni buzgan talabalarni o‘quv yili mobaynida fakultet kengashining tavsiyasiga binoan universitet rektori buyrug‘i asosida maxsus stipendiyadan mahrum qilinishi mumkin.