July 14, 2021

Vaksina olib yaqinlarimizni asraylik!

Nizomiy nomidagi TDPU rektori, Alisher Umarov

To'rt yil avval kimdir "koronavirus degan kasallik keladi, u millionlab insonlarni yostig'ini quritadi, hayot tarzimiz butkul o'zgarib ketadi" desa ustidan kulgan yoki ishonqiramagan bo'lardik.

Afsuski boshimizda shunday global kasallik bilan kurashish, uning oqibatlari yuzaga keltirgan hayotda yashash ham bor ekan. O'zbekistonimizga ham bu kasallik kirib kelganiga bir yarim yilcha vaqt bo’lib qoldi. Shu vaqt mobaynida qanchadan-qancha yurtdoshlarimiz kasallik yenggan yaqinlarining sovuq tanalarini yerga qo'yishdi, qanchadan-qancha insonlar sog'ligi va immunitetining kuchsizlanganligi uchun bugun nimjon va holsiz. Bu balo nafaqat insonlar sog'ligiga balki iqtisodiyot, ta'lim, sog'liqni saqlash, turizm tizimlariga, umuman jamiyat va davlat hayotiga ulkan zarar keltirdi.

Bugun jamiyatimizda ozmi-ko'pmi ushbu kasallik sharoitida yashash, unga qarshi kurashish bo'yicha ko'nikmalar shakllandi. Ammo kasallik hali ham yo'qolgani yoki biz uni yengganimizcha yo'q.

Davlatimiz rahbari pandemiya sharoitida aholi salomatligi va xavfsizligini saqlash bo'yicha juda katta ishlar amalga oshirilishiga bosh-qosh bo'ldilar. Ayniqsa vaksinatsiya jarayonini tezlashtirish uchun xorijdan tinimsiz vaksinalar olib kelinishi jadal suratlarda davom etmoqda. Yoshlar kelajagimiz deya bot-bot takrorlovchi yurtboshimiz, ularga yengillik yaratish maqsadida vaksina olgan (18 yoshdan katta) talabalarga kontrakt to'lovlariga bir martalik 10 % lik chegirma berilishi haqida qaror qabul qildilar.

Birinchilardan bo'lib vaksinatsiya jarayonlariga jalb etiluvchilar safiga oliy ta'lim tizimida faoliyat yuritayotgan professor-o'qituvchilar va talabalarning kiritilganligi, ta'lim sohasining ziyolilariga qaratilgan katta e'tibordir. Ammo bugun ba'zi mish-mishtalab insonlar vaksina haqida turli asossiz, bo'lmag'ur gaplarni tarqatib, nafaqat o'zini balki boshqalarni ham hayotini xavf ostiga qo'yayotganligini tasavvur ham qilib ko'rmayapti.

Bugun Turkiya aholisining 20 % i, Qozog'iston aholisining 12 % i vaksina olib bo'lgan sharoitida, salkam 35 millionlik O'zbekiston aholisining 3 foizga yaqinigina vaksina olish jarayonida ishtirok etgan. Nahot biz o'zimiz va yaqinlarimiz sog'ligiga shu qadar befarq bo'lsak?

O'zini ushbu yurtning muhim bir bo'lagi deb sanagan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti jamoasi ham birinchilardan bo'lib vaksinatsiya jarayonlarida faol ishtirok etib kelmoqda. Shu vaqtga qadar ushbu kasallik universitetimiz jamoasining ba'zi a'zolarini hayotiga zomin bo'ldi. Bu holat bilan yuzlashish biz uchun juda og'riqli va afsuslanarli holat desam sira yanglishmayman. Bir necha yillar, oylar va kunlar mobaynida birga ishlab, ko'zi ko'zimizga tushib turgan insonni bir kun yoki bir lahza ichida yo'qotish hammamizni larzaga soldi. Jamoadoshlarimizga o'rnak bo'lish va turli mish-mishlarning yolg'on ekanligini yana bir bor isbotlash maqsadida o'zim ham "ZF-UZ-VAC 2001" vaskinasi bilan emlandim. Ishontirib aytamanki jismoniy va ruhiy holatim a'lo darjada.

Prezidentimiz joriy yilning 16-iyun kuni oliy ta'lim tizimiga bag'ishlab o'tkazgan tarixiy videoselektor yig'ilishlarida oliy ta'lim muassasalari mustaqil, jamiyatimizda ta'lim-tarbiya va madaniyatning o'chog'i bo'lishi lozimligini ta'kidlab, soha bo'yicha muhim ijobiy o'zgarishlarni, imkoniyatlarni barchamizga taqdim qildilar. Shu ishonch va qo'llov bayrog'i ostida, pandemiya sababli shakllangan shunday sinovli kunlarda oliy ta'lim muassasalari xalqimiz va jamiyatimizga chinakam o'rnak bo'lishi lozim deb hisoblaymiz. O'qituvchi, ziyoli, pedagoglarning esa bu borada vazifa va ma'suliyati juda ahamiyatlidir. Vaksinatsiya jarayonida barchaga o'rnak bo'lish, yurtboshimiz tomonidan yaratilayotgan ulkan imkoniyatlardan foydalanishga barchani faol chorlash universitetimiz jamoasining burchidir.

Shu sababli kuni kecha bo'lib o'tgan universitet Ilmiy kengashining navbatdagi yig'ilishida kengash a'zolarining yakdil ovozi bilan universitetda vaksinatsiya jarayonlarini jadallashtirish bo'yicha qaror qabul qilindi. Albatta bunda surunkali kasallikka chalinganlar va vaksinatsiya sog'ligiga salbiy ta'sir etishi mumkin bo'lganlarning holati inobatga olinadi. Universitetning oliy boshqaruv organi bo'lgan kengash ta'lim dargohimizning barcha a'zolariga vaksinatsiya jarayonlarida faol qatnashish bo'yicha murojaat qiladi:

Qadrli jamoa a'zolari, professor-o'qituvchilar, talabalar va xodimlar! Butun jamiyatimizga pandemiyadan omon chiqib olish uchun, farzandlarimiz, yaqinlarimiz sog' bo'lishi uchun, ziyoli sifatida ongli qaror qabul qilib, vaziyat taqozo etayotgan vaksinatsiya jarayonlarida qatnashib namuna bo'laylik. Yurtboshimiz boshchiligida vaksina olish bo'yicha yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, yaqinlarimiz va o'zimizning sog'ligimiz haqida qayg'uraylik. Barchamiz bir bo'lib, butun jamiyatimiz va dunyoga kasallikka qarshi yakdil kurashib uni yengishimizni ko'rsatib qo'yaylik. Toki boshqa biror yaqinimiz yoki yurtdoshimizning o'limi bizni mahzun etmasin!

Nizomiy nomidagi TDPU rektori, Alisher Umarov