September 28, 2021

Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan bayram tadbiri bo'lib o'tdi

Har bir insonning komil shaxs boʻlib voyaga yetishida, yetuk kasb egasi boʻlib jamiyatda oʻz oʻrnini topishida ustoz-murabbiylarning oʻrni juda muhim. Jamiyatni ilmli qilish barobarida yetuk, komil shaxsni yetishtirishning asosiy bo'g'ini bo'lgan pedagoglarni insoniyat yuragi deb atasak yanglishmaymiz.

Fidoiy, zahmatkash muallim-oʻqituvchilar oʻz shogirdlariga bilim berish barobarida ular qalbiga insonga xos eng goʻzal ezgu xislatlarni, mehr-oqibat va odamiylik tuygʻularini singdirib boradi. Turli yoʻnalishlarda oʻz iqtidori, mahorati va bilim salohiyati bilan yuqori natijalarga erishib kelayotgan oʻgʻil-qizlarimizning muvaffaqiyatlari zamirida avvalo, aziz ustozlarning zahmatli mehnatlari mujassam.

Mamlakatimizda 1-oktyabr -Oʻqituvchi va murabbiylar kuni deb eʼlon qilinganligi mustaqil Oʻzbekistonimiz taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshayotgan ming-minglab oʻqituvchilar, ustoz va murabbiylar mehnatining yuksak eʼtirofi, ularga bildirilgan hurmat va eʼtibor namunasidir.

“Buyuk ajdodlarimizning betakror va noyob ilmiy-maʼnaviy merosi biz uchun doimiy harakatdagi hayotiy dasturga aylanishi kerak. Bu oʻlmas meros hamisha yonimizda boʻlib, bizga doimo kuch-quvvat va ilhom bagʻishlashi lozim. Avvalambor, milliy taʼlim tizimini ana shunday ruh bilan sugʻorishimiz kerak”, “Koʻpchilik ziyolilar qatorida men ham bir fikrni hamisha katta armon bilan oʻylayman: mamlakatimizda uchinchi Renessansni 20 asrda maʼrifatparvar jadid bobolarimiz amalga oshirishlari mumkin edi. Ular “Ilmdan boshqa najot yoʻq va boʻlishi mumkin ham emas”, degan hadisi sharifni hayotiy eʼtiqod deb bildilar” deb taʼkidlab oʻtganlar prezidentimiz Sh.Mirziyoyev.

Yangilanayotgan Oʻzbekiston islohotlarning muvaffaqiyatiga, mamlakatimizning dunyodagi rivojlangan, zamonaviy davlatlar qatoridan munosib oʻrin egallashiga, avvalo, ilm-fan va taʼlim-tarbiya sohasining rivoji bilan erishamiz, desak, hech qanday mubolagʻa boʻlmaydi.

Kuni kecha 27-sentyabr sanasida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida 1-oktyabr -Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan tantanali bayram tadbiri tashkil etildi.

Mazkur bayram tadbiridan koʻzlangan asosiy maqsad – universitetimizda koʻp yillardan beri yoshlarga taʼlim-tarbiya berib kelayotgan ustozlarni, oʻqituvchi va murabbiylarni bayram bilan qutlash, ularning mashaqqatli mehnatlarini eʼtirof etish, ularga bildirilgan hurmat va eʼtiborni yana bir bor namoyon etishdan iborat.

Ushbu tashkil etilgan bayram tadbirida Toshkent Davlat pedagogika universiteti rektori Alisher Umarov, prorektorlar, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Xalq taʼlimi vazirligi vakillari, faxriy ustozlar, universitet jamoasi, professor-oʻqituvchilar hamda talabalar ishtirok etdilar.

Tadbir davomida koʻp yillar davomida alohida oʻrnak, fidoiylik koʻrsatib kelayotgan professor-oʻqituvchilar universitet rektori va universitet Kasaba uyushmasi tomonidan tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg'alari bilan taqdirlandilar.

Shuningdek, universitet "Musiqa madaniyati” fakulteti talabalari, U.A.Uspenskiy nomidagi respublika oʻrta maxsus musiqa maktabi ansambli, “Orom” bolalar raqs ansambli tomonidan kuy, qoʻshiqlar, ajoyib raqslar ijro etildi.