Hunar ortidan kelgan baxt
Toshkent davlat pedagogika universitetining talabasi Mushtariybonu Komilova yosh bo'lishiga qaramay o'z tengdoshlariga qaraganda katta yutuqlarga erishgan umidli yoshlarimizdan biri. O'z bilimi, hunari va tirishqoqligi ortidan ham hayot, ham ijod va ham o'qish jarayonida bir qator muvaffaqiyatlarni qo'lga kiritgan.
Qo‘l mehnati bilan 9 yoshligidan boshlab shug‘ullana boshlagan Mushtariybonu 16 yoshga yetganda “Yuksak manaviyatli avlod” tanlovining tuman va Toshkent shahar bosqichlari g‘olibi bo‘lgan. 17 yoshida O‘zbekiston “Xunarmand” uyushmasining "Esdalik buyumlari" yo‘nalishi bo‘yicha “Eng yosh xunarmand” sifatida a'zolikka qabul qilingan.
Qahramonimiz 188-maktabning 11-sinfini Oltin medal bilan bitirib, o‘z qiziqishi bo‘yicha shu yili Toshkent davlat pedagogika universitetining “Texnologik talim” fakultetiga o‘qishga kirgan.
Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro hunarmandchilik Festivalida ishtirok etgan talabamiz iqtidorli qizlarning “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti uchun tanlovning tuman, shahar va Respublika bosqichi ishtirokchisi bo'lgan.
Mushtariybonu hozirgi kunda “Oddiy metallardan milliy taqinchoqlar” yasash yo‘nalishi bo‘yicha “Xunarmand” uyushmasi a’zosi hisoblanadi.
Karantin davrida, mana 3 oydan beri “Mahalla” telekanali orqali “Xunar” deb nomlangan ko‘rsatuvda onlayn tarzda mahorat darslarini o‘tdi va bu ko'rsatuv har haftaning chorshanba kunlari efirga uzatildi.
Poytaxtimizning "Naqqoshli" mahallasidagi binodan bir xona bugungi kunda Mushtariybonu uchun ajratilgan bo'lib, u yerda qahramonimiz o'z hunarini yanada takomillashtirish va yoshlarga uni o'rgatish uchun faoliyat yuritadi. Bugungi kunda Mushtariybonuning 63 nafar shogirdi bor, ularning eng kenjasini yoshi esa 4 da.
Toshkent davlat pedagogika universitetida 2-kursda tahsil olayotgan Mushtariybonu karantin davrida ham bo'sh o'tirgani yo'q. O'z shogirdlari va yurtimizdagi minglab yoshlar uchun TV, internet orqali onlayn darslarni o'tmoqda. U orqali hunarli yoshlarimizning safi kengaymoqda. Bugungi kundagidek sinovli paytlarda barchaga qo'lidan kelgancha yordam berayotgan, hunar o'rgatayotgan, o'z oilasiga tayanch bo'layotgan bunday yoshlarni barchaga ibrat va namuna qilib ko'rsatsak arziydi.
Mushtariybonu Komilovaga hamisha baxt, quvonch va o'z orzulari ro'yobini ko'rib yurishi nasib qilsin deya, bu talaba qizimizning shunday darajadagi ijodkor bo'lib yetishishiga sababchi bo'lgan yaqinlari va oila a'zolariga rahmat deb qolamiz.