October 12, 2020

Toshkent davlat pedagogika universiteti 1-bosqich talabalari uchun tanishtiruv darslari davom etmoqda

Yuqorida keltirganimizdek, Toshkent davlat pedagogika universitetiga 2020-yilda o'qishga kirgan talabalar (1-bosqich) uchun "Tanishtiruv darslari" keng ko'lamda, karantin qoidalariga rioya qilingan holda o'tkazilmoqda.

"Tanishtiruv darslarining birinchi bosqichi, ya'ni universitet rektori Alisher Umarov va rahbariyat xodimlari bilan uchrashuvdan so'ng, 1-kurs talabalari o'z yo'nalishlari kesimida fakultetlar va professor-o'qituvchilar bilan tanishish maqsadida, o'zlariga ajratilgan o'quv binolari va xonalariga yo'l oldilar.

Ushbu jarayon uchun TDPU tomonidan alohida tayyorgarliklar ko'rilgan edi. Barcha o'quv binolari karantinga amal qilish bo'yicha maxsus ko'rsatmali plakatlar va ko'rgazmali vositalar bilan ta'minlangan. Har bir binoda qo'l tozalash va dezinfeksiya vositalari orqali binoga kirib chiquvchi talabalar karantin-sanitariya qoidalariga amal qilishmoqda.

Fakultetlar tomonidan talabalarni ilk uchrashuv va darslar bilan tabriklash maqsadida, universitet va fakultetlar timsoli tushirilgan bloknot va o'quv qurollari tarqatilmoqda.

Shu bilan birga, universitet o'quv va ish faoliyatiga oid eng so'nggi va ishonchli ma'lumotlardan xabardor bo'lishi uchun talabalar universitetning va o'z fakultetlarining elektron manzillari yozilgan maxsus posterlar bilan ta'minlandi.

Tanishtiruv darslarida talabalarning universitetda o‘qish qoidalari, guruh rahbarlari bilan yaqindan tanishtirish, onlayn-platforma, undan qay tarzda foydalanish haqida tushunchalar berish rejalashtirilgan.