TDPU rektori chegara hududlardagi talabalar va ularning ota-onalari bilan uchrashdi
Qachonlardir yurtimizning eng chekka hududlaridagi yoshlar o‘z qishlog‘iga, o‘z uylariga o‘zlari tahsil olayotgan universitet rektori kelishini tasavvur qila olisharmidi? Yoki ushbu holat biror yosh hayotida bo‘lganmi? Ushbu savollarga javob topish qiyin. Hozir Yangi O‘zbekistonda yangicha dunyoqarash, yangicha fikrlaydigan yoshlar va ularga imkoniyat yaratuvchi rahbarlar bor. Yurtimiz imkoniyatlar mamlakati. Ushbu imkoniyatlar sari olg‘a qadam tashlash yoshlarning asosiy vazifasi. Yangilikka intilish kerak, yangilikni yaratish kerak.
Xabaringiz bor, yurtimiz bo‘ylab “Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash” ma’naviy-ma’rifiy tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda. Shunday tadbirdar Surxondaryo viloyatida ham tashkil etilib, bunda Respublika ishchi guruhi vakillaridan turli aholi qatlamlari bilan uchrashishmoqda.
Shunday uchrashuvlardan biri Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori Alisher Umarov tomonidan Surxondaryo viloyati Uzun tumanining eng chekka, chegaradosh Bobotog‘ qishlog‘ida hududlarida bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuvlar davomida universitet rektori Toshkent davlat pedagogika universitetining talabalari va ularning ota-onalari bilan uchrashdi.
Xususan, Pedagogika va psixologiya fakulteti sirtqi ta’lim yo‘nalishi talabasi Xusniddin Ibragimov hamda shu fakultetning 4-bosqich talabasi Bobomurod Musurmonov va uning ota-onasi Zulfiya va Eshboy Musurmonovlar bilan uchrashib, onlayn o‘quv jarayonlari, talabaga yaratilgan sharoitlar va darslarni o‘zlashtirish xolatlari bilan tanishdi.
“Yillar davomida ushbu chegaradosh joylarga poytaxtdan oliy ta’lim muassasasi rektorining birinchi marta tashrif buyurayotganligidan juda hursandmiz, bu biz va farzandimiz uchun juda katta sovg‘a bo‘ldi. Albatta, farzandim Bobomurod o‘zi o‘qiyotgan universitet rektorining ishonchini oqlaydi, bu unga katta mas’uliyat yuklaydi va kelajakda davlatimiz uchun munosib pedagog kadr bo‘lib yetishishiga biz ham ota-ona sifatida barcha sharoitlarni yaratib beramiz”, - dedi Eshboy Musurmonov.
Sirtqi ta’lim yo‘nalishida o‘qiyotgan talaba Xusniddin Ibragimov hozirgi kunda Uzun tumanidagi 35-sonli umumta’lim maktabda o‘qituvchilik qilmoqda. U universitet rektorining tashrifidan mamnunligini hamda professor-o‘qituvchilardan olayotgan bilimlarini maktabda qo‘llayotgani va o‘z ustida yanada ko‘proq ishlab, magistratura bosqichida ham tahsil olib, ilmiy tadqiqot ishi bilan shug‘ullanishni rejalashtirayotgani haqida aytib o‘tdi.