November 3, 2020

TDPU yoshlar bilan ishlash bo’yicha prorektori va yoshlar ittifoqi fakultet yetakchilari o'rtasida uchrashuv bo'lib o'tdi

Toshkent davlat pedagogika universiteti yoshlar bilan ishlash bo’yicha prorektor Feruza Madrahimova va yoshlar ittifoqi fakultet yetakchilari o'rtasida shu yilning 2-noyabr kuni uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvdan ko'zlangan maqsad, yangi 2020-2021-o’quv yili uchun yangi loyihalar, tanlovlar tashkil etish, shuningdek talabalar muammolariga yechim topish, iqtidor egalarini iste'dodlarini yuzaga chiqarish va ularni bo’sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida o’zaro fikr almashish bo'ldi.

Prorektor va yetakchilar bir qancha ajoyib rejalarni, loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishib oldilar. Jumladan, yoshlar ittifoqi boshlang’ich tashkiloti qoshida “Yoshlar qabulxonasi”ni tashkil etish, “Yosh reportyorlar” jamoasini shakllantirish, Notiqlik klubini tashkil etish, Tez tibbiy yordam ko’rsatish kurslarini tashkil etish, har bir fakultet kirish qismlarida yoshlar burchaklarini yaratish, universitet radiouzel faoliyatini ijtimoiy tarmoqlarda yoritib borish, dekan va yoshlar uchrashuvlarini tashkil etish, shuningdek Respublika va xalqaro miqyosdagi tanlovlarda talabalar ishtirokini oshirish, ularni har tomonlama qo’llab quvvatlash masalasi shu kunlardagi eng ustuvor vazifalar etib belgilandi.

Uchrashuv yakunida har bir fakultet yetakchilariga ishonchnoma, yetakchi nishoni hamda esdalik o'quv vositalari taqdim etildi.

Yoshlar bilan ishlashda, ularni har tomonlama yuzaga chiqarish va qo'llab-quvvatlash borasida aktiv faoliyat yuritishni boshlagan TDPU Yoshlar bilan ishlash bo'yicha prorektori va fakultet Yoshlar ittifoqi yetakchilariga omad, kuch-g'ayrat tilab qolamiz.