Pedagogika universitetida korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Mamlakatimiz ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, uning sifati hamda samaradorligini oshirish, oliy o‘quv yurtlariga qabul jarayonlarining shaffofligini ta’minlash, korrupsiya va poraxo‘rlikning oldini olish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 24 va 28-may kunlari oliy ta’lim muassasalari rahbarlari va soha vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvda o‘quv dargohlaridagi ta’magirlik bilan bog‘liq holatlar chuqur tahlil qilinib, bu illat qoralandi. Korrupsiya ta’lim-tarbiya tizimi uchun eng katta xavf va birinchi raqamli dushman sifatida e’tirof etildi.
Yurtimiz oliy o‘quv yurtlarida oliy ta’lim “korrupsiyasiz soha” degan loyiha asosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Toshkent davlat pedagogika universitetida “Korrupsiya va poraxo‘rlikga qarshi birga kurashamiz!” mavzusida universitet rahbar-xodimlari, professor-o‘qituvchilari va mutaxassis-xodimlari ishtirokida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Bunda Toshkent davlat pedagogika univesriteti rahbariyati, Bosh prokuratura akademiyasining Korrupsiyaga qarshi kurashish ilmiy-ta’lim markazi, O‘zbekiston Musulmonlar idorasidan vakillar hamda O‘zbekiston Hakamlik sudlari assotsiatsiyasi sudyalari ishtirok etib, ushbu sohada vujudga kelayotgan muammolar va ularning natijalari bo‘yicha ma’lumot berib o‘tdilar.
Eng asosiysi, onlayn uchrashuvda Toshkent davlat pedagogika universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan Abdulla Avloniy qarashlarida poraxo‘rlik, nohaqlik va aldov kabi illatlarning salbiy oqibatlari bo‘yicha foydali ma’lumotlar berildi.
Yakunda uchrashuv ishtirokchilari o‘zlari qiziqtirgan savollarga javob olishdi.