TDPUda olima Raxima Mavlonovaning 90 yillik yubileyi munosib nishonlandi
Ilm o‘rganish zahmati haqida ko‘p gapiriladi va bu burchaga birdek tanish holat. Ammo ilm o‘rgatuvchining mehnati, mashaqqati bunchalik ayon va ovoza emas. Vaholanki, bunda ulug‘vor fidoilik, samimiy kamtarlik mujassam.
Toshkent davlat pedagogika universiteti Boshlang‘ich ta’lim fakultetida pedagogika fanlari doktori, professor, xalq ta’limi a’lochisi, mashhur olima Raxima Mavlonova tavalludining 90 yillik munosabati bilan o‘ziga xos tadbir bo‘lib o‘tdi. Onlayn tashkil etilgan mazkur uchrashuvda Boshlang‘ich ta’lim fakulteti dekani Shahzoda Abdullayeva o‘z kirish so‘zida ustozni tabarruk yoshi bilan qutladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsiyalar Vazirligining ilmiy kotibi N.Mamadaliyeva, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi R.Jo‘rayev, Toshkent davlat pedagogika universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori B.Abdullayevalar tabrik so‘ziga chiqib, Raxima Abdurazzaqovnaning innovatsion g‘oyalari pedagogik jarayonni harakatlantiruvchi asosiy kuchi, har doim boshlang‘ich ta’limning eng dolzarb masalalarini anglay biladigan, o‘quv-tarbiya jarayonining samarali usullarini izlashga alohida diqqat-e’tibor bilan yondashadigan zukko olima ekanligini ta’kidladilar.
Professor Raxima Mavlonova bugungi kunga qadar mohir tashkilotchi, jonkuyar rahbar hisoblanadi. Uning bevosita ishtiroki va boshchiligida olti yoshlilarni maktabga tayyorlashning eksperimental o‘quv rejasi va dasturi tuzilib, umumta’lim sinflari qoshida tayyorlov sinflari ochilgan. Mana shunday samarali mehnatlari uchun 1974-yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi” unvoni, 2007-yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.
Hozirga kunda ham ko‘plap shogirdlariga ilmiy ishlarni olib borishda zarur metodik tavsiyalar bilan yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib kelayotgan ustozimizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt, farzandlar va shogirdlarining iqboli, kamolini uzoq yillar ko‘rib yurish nasib qilishini tilab qolamiz.
Rahima Mavlonova haqida yana iliq va qo'shimcha fikrlar bilan quyidagi elektron manzil orqali tanishishingiz mumkin.