ZAMONAVIY TEXNOLOGIYALAR ASOSIDAGI TA’LIM
Dilorom ODILOVA,Toshkent davlat pedagogika universiteti Maxsus pedagogika fakulteti dekani o‘rinbosari
Ta’lim tizimini rivojlantirish bugungi kunning muhim vazifasi bo‘lib, uni samarali tashkil etish orqali har tomonlama yetuk kadrlar tayyorlash mumkin. O‘z navbatida, yetuk kadrlar
mamlakatning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlaydi.
Toshkent davlat pedagogika universitetining Maxsus pedagogika fakulteti respublikamizda yuqori kasbiy tayyorgarlikka ega bo‘lgan kadrlar tayyorlovchi tayanch oliy o‘quv dargohi hisoblanadi. Buni shundan bilish mumkinki, uning iste’molchilari bo‘lmish maxsus maktab-internatlar, umumta’lim va ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasalari tomonidan bitiruvchilarni ishga qabul qilish bo‘yicha oldindan buyurtmalar berib qo‘yiladi.
Hozirgi kunda fakultetning kunduzgi, kechki, sirtqi (ikkinchi oliy ta’lim) ta’lim yo‘nalishlari, shuningdek, magistratura bo‘limida yetuk mutaxassis kadrlar tayyorlanmoqda.
Fakultetda surdopedagogika, logopediya, oligofrenopedagogika kafedralari bo‘lib, jami 40 nafardan ziyod professor-o‘qituvchi faoliyat yuritadi. Ular talabalarga xorijiy mamlakatlar tajribasidan, defektologiya faniga oid zamonaviy texnologiyalardan, ta’lim-tarbiya usullaridan samarali foydalanib ta’lim berib kelmoqda.
Shuning barobarida pedagogikaning murakkab yo‘nalishi deya nom olgan defektologiya fanining o‘ziga xos talablari, jismoniy va ruhiy nuqsonli bolalar rivojlanishining psixofizik xusu-siyatlari, ularga maxsus ta’lim-tarbiya asosida nuqsonlarni korreksiyalash qonuniyatlari hamda yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlash sir-asrorlarini o‘zbek va rus tillarida o‘rgatib kelmoqda.
Fakultetda qirqqa yaqin to‘garak bo‘lib, ular talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga xizmat qilyapti. Joriy o‘quv yilida surdopedagogika kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan korreksion yordam markazi tashkil etildi. Ushbu markaz eshitishida, nutqida, aqliy va psixik rivojlanishida, tayanch-harakat a’zolarida nuqsoni bo‘lgan, koxlear implantli shaxslarga korreksion va psixologik yordam ko‘rsatadi. Shuningdek, markaz talaba yoshlarga imo-ishora nutqi hamda logopedik yordam metodlarini o‘rgatishni ham o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Bundan tashqari, rivojlanishida turli nuqsonlari bo‘lgan bolalarning ota-onalariga maslahatlar berib boradi. Maxsus pedagogika fakultetida xorijlik talabalar uchun ham barcha shart-sharoit yaratilgan bo‘lib, ular, birinchi navbatda, yotoqxona bilan ta’minlanadi. Talabalar ta’lim olish bilan birga, multimedia mahsuloti, dizayn, video, raqamli, zamonaviy multimedia tendensiyalari va reklama sohasidagi texnik yangiliklardan xabardor bo‘lib boradi. Bu qo‘shni Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmanistondan kelib o‘qiyotgan talabalar uchun katta qulaylikdir.
2020-2021-o‘quv yilida kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha davlat buyurtmasi asosida fakultetimizga jami 150 ta o‘rin, kechki ta’lim shakli bo‘yicha davlat buyurtmasi asosida 100 ta o‘rin, sirtqi (ikkinchi oliy ta’lim) ta’lim bo‘yicha topshirilgan arizalar bo‘yicha
kvota belgilangan.