TDPU tomonidan Adiblar xiyobonida yana bir sermazmun ochiq dars tashkil etildi
Toshkent davlat pedagogika universiteti tashabbusi bilan 16 sentyabr kuni, Adiblar xiyobonida «Abdulla Avloniyning hayoti va ijodi - yoshlar uchun hayot maktabi» mavzusida ochiq namunaviy dars mashg‘uloti o‘tkazildi.
Ochiq darsni universitet rektori Alisher Umarov ochib berdi. Rektor o'z so'zida Abdulla Avloniy shaxsi va faoliyatiga to'xtalar ekan, adibning "Turkiy Guliston yoxud axloq" asarida bu dunyoda yaratilgan barcha narsalar inson uchun ekanligi, har bir odam bolasi insof, vijdon, diyonat va axloq qoidalariga rioya qilishga chaqirilganligiga alohida urg'u berdi.
Noodatiy va qiziqarli tarzda o'tkazilgan ochiq darsda Abdulla Avloniy tarixiy-badiiy o‘zbek filmi rejissyori, "Shuhrat" medali sohibi Muzaffarxon Erkinov, O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova, kino teatr aktyori Ma’ruf Otajonov, Milliy teatr aktyori Hamza Xasanov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi xodimi, shoira Farog‘at Xudoyqulova, Respublika ma’naviyat targ‘ibot markazining Chilonzor tuman bo‘limi rahbari Umid Tursunovlar ham ishtirok etdilar. Ular talaba-yoshlarga Avloniy shaxsining hech kimga ma'lum bo'lmagan qirralari, uning ijodidagi o'ziga xos sifatlar va bugun undan nima olishimiz mumkinligiga oid shaxsiy fikrlari bilan o'rtoqlashdilar.
So'lim tabiat, toza havo bag'rida, Abdulla Avloniyning purma'no haykali qarshisida o'tkazilgan ochiq dars oxirida talabalar adib faoliyatiga oid o'z ijodiy chiqishlari orqali ishtirokchilarga ko'tarinki kayfiyat ulashdilar.