June 27, 2021

Respublika ta'lim markazi TDPU rahbariyati va fidoyi o'qituvchilariga minnatdorchilik bildirdi

Yangi O'zbekiston uchun yangi o'quv darsliklari ustida ish olib borgan Respublika ta'lim markazi, bu ishda xayrixoh va qo'llab-quvvatlovchi bo'lgan barcha hamkorlarga xususan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rahbariyati va fidoyi o'qituvchilariga chuqur minnatdorchilik bildirdi.

RTM direktori Shuhrat Sattorov o'zining rasmiy facebook sahifasida yangi darsliklar ishlab chiqarilayotganligiga oid videorolikni va unga biriktirilgan o'z minnatdorchiligini e'lon qildi. Xususan:

"Hayotda eng xavfli tavakkalchilik -- yangilik va yaxshilik qilish uchun tavakkal qilmaslikdir. Respublika ta’lim markazida ilk marotaba darslik maketlarini tayyorlash fikri oʻzimizdan chiqqan boʻlsa ham, keyinroq bu ishning qanchalar mas’uliyatli ekanini anglab, jamoamizni bir muddat vahima bosgan. Chunki oldimizda bugungi oʻquvchi didi va ruhiyatiga, zamon shiddatiga mos zamonaviy darslik yaratish vazifasi turar edi.
"Xayrli yoʻldamiz, Alloh bizni qoʻllagay," degan ishonch boʻlgan. Bugun konveyyerdan chiqib kelayotgan, yangi oʻquv yili uchun bosilayotgan Matematika darsliklarini koʻrib, koʻzimda quvonch yoshi. "Biz buni uddaladik," deydi jamoamiz a’zolari bir-birlariga qarab.
Ishonch va qoʻllab-quvvatlash, xayrixohlik uchun Xalq ta’limi vazirligi rahbariyati - Sherzod Shermatov, Usman Sharifkhodjaev , Temur Komilov, Rustam Karimjonov , Nizomiy nomidagi pedagogika universiteti rahbariyati - Alisher Umarov va fidoyi olimlariga, soʻnggi 1-yildan beri tinim bilmay ishlagan ijodiy jamoaga, atrofimdagi kuchli jamoaga minnatdorchilik bildiraman. Ayniqsa, qimmatli xalqaro ekspertlar bilan qoʻllab-quvvatlagan UNICEF tashkiloti - Munir Mammadzade , Deepa Sankar, Yana Chicherina ning hissasi katta" - deydi Shuhrat Sattorov.


Yosh avlod ta'lim tarbiyasida o'ta muhim bo'lgan bunday ahamiyatli ishga o'z xissasini qo'shgan barchaga, xususan Nizomiy nomidagi TDPU professor o'qituvchilariga, universitet rahbariyati ham o'z minnatdorchiligini bildiradi va ezgu maqsadlar yo'lida hamkorlikka hamisha tayyorligini bildiradi.