May 25, 2021

TDPU vakillari maktablardagi "So'nggi qo'ng'iroq" tadbirlarida ishtirok etishmoqda

Bugun 25-may kuni mamlakatimizdagi barcha maktablarda oʻquv yili yakunlanib, “soʻnggi qoʻngʻiroq” tadbirlari tashkil etilib, bitiruvchilarga oq yoʻl tilanmoqda.

Bu yilgi oʻquv yili oʻzgacha shukuh va koʻtarinki ruh bilan yakunlanmoqda. Negaki, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ilk bor maktablarning bitiruvchilariga tabrik yoʻlladi.

Prezidentimizning bitiruvchi oʻgʻil-qizlarga murojaatini yetkazish maqsadida Toshkent davlat pedagogika universiteti rahbariyati va masʼullari poytaxtimizdagi Chilonzor va Yashnobod tumanlari va Toshkent viloyati Parkent tumanidagi 20 ga yaqin maktablarda tadbirlarda ishtirok etishdi.

Bu yil deyarli 438 ming oʻquvchilar maktabni tamomlaydilar. Ular ezgu orzu-intilishlarni roʻyobga chiqarishda mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan 137 ta oliy oʻquv yurti, 339 ta kasb-hunar maktabi, 193 ta kollej va 196 ta texnikumga hujjat topshirish imkoniyatiga egalar. Ular 5 tagacha OTMda tanlovlarda ishtirok etishi mumkin.

Aziz bitiruvchilar, mustaqil hayot sari tashlayotgan ilk qadamingiz qutlugʻ boʻlsin!