ADIBLAR XIYOBONI VA GʻAFUR GʻULOM HAYOTI VA IJODIGA BAGʻISHLANGAN DAVRA SUHBATI BOʻLIB OʻTDI
✅ Toshkent davlat yuridik universitetining Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakulteti tashabbusi bilan maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalishda muhim tadbir tashkil etildi. Tadbir doirasida taniqli shoir va Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Bobur Bobomurod taklif etildi hamda Adiblar xiyoboniga sayohat hamda Gʻafur Gʻulom hayoti va ijodiga bagʻishlangan davra suhbati oʻtkazildi.
📝 Davra suhbati doirasida Gʻafur Gʻulomning adabiy merosi, uning oʻzbek adabiyotiga qoʻshgan ulkan hissasi, istiqlol davridagi adabiy baholar va shoirning xalq ongidagi oʻrni haqida chuqur tahliliy fikrlar bildirildi. Bobur Bobomurod Gʻafur Gʻulomning poetik uslubi, gʻoya va mazmun uygʻunligi, xalq dardini his etish va ifoda qilish mahorati borasida oʻzining mulohazalari bilan oʻrtoqlashdi.
📚 Tadbirda talabalar faol ishtirok etib, shoir ijodiga oid oʻz fikr-mulohazalarini bayon qilishdi, savol-javoblar orqali adabiy bilimlarini mustahkamlashdi. Ayniqsa, Gʻafur Gʻulom hayoti va ijodiga bagʻishlab KAHOOT platformasi orqali tashkil etilgan interaktiv tanlov ishtirokchilar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Tanlov davomida talabalar shoir hayoti, asarlari, ijodiy bosqichlari va tarixiy xizmatlariga oid savollarga tezkorlik va aniqlik bilan javob berishga harakat qilishdi.
⚡️ Tadbir yakunida Bobur Bobomurod talabalarga ijodiy izlanishlarida muvaffaqiyatlar tiladi va Gʻafur Gʻulom merosini oʻrganishda davom etish lozimligini taʼkidladi.
🎓 Fakultet rahbariyati bunday tadbirlar muntazam oʻtkazilishini rejalashtirayotganini bildirar ekan, maʼnaviyat va maʼrifatning kuchi yoshlarga ruhiy madad boʻlishini alohida qayd etdi.