May 21

JINOYATCHILIK VA GIYOHVANDLIKKA QARSHI: TALABALAR BILAN OCHIQ MULOQOT

📆 Joriy yilning 20-may kuni Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi 2-sonli Talabalar turar joyida talabalarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, jinoyatchilik va giyohvandlik kabi salbiy illatlarning oldini olish maqsadida navbatdagi profilaktik tadbir bo‘lib o‘tdi.

📝 Mazkur tadbirda Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakulteti Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha dekan o‘rinbosari Bobodo‘stov Shahriddin Muxammadiyevich, fakultet tyutori Abdurazzakov Ixtiyor Kuvandikovich, shuningdek, Olmazor tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi profilaktika katta inspektori, podpolkovnik G'anijon Sobitov ishtirok etdi.

👮‍♂️ Tadbir davomida talabalar bilan jinoyatlarning sabablari, oqibatlari va ularni bartaraf etish yo‘llari xususida ochiq va samimiy muloqot o‘tkazildi. Podpolkovnik G‘. Sobitov jinoyat sodir etilishiga olib keladigan asosiy omillar, yoshlar orasida uchrayotgan huquqbuzarlik holatlari va ayniqsa giyohvand moddalar ta’sirida sodir bo‘layotgan jinoyatlar haqida aniq faktlar asosida ma’lumot berdi. U o‘z nutqida ta’kidladi:

“Yoshlarning o‘z hayoti uchun javobgarlikni his etishi – jinoyatlarning oldini olishdagi eng muhim omillardandir. Talaba yoshlar nafaqat o‘z kelajagi, balki jamiyat xavfsizligi uchun ham mas’uldir.”

📚 Shuningdek, Bobodo‘stov Shahriddin Muxammadiyevich jinoyatchilikka qarshi kurashda huquqiy savodxonlikning o‘rni, ota-ona nazorati va universitet jamoatchiligining roli haqida so‘z yuritdi. U talabalarga universitet ichki tartib-qoidalariga qat’iy amal qilish zarurligini eslatib, har bir yosh o‘zining kelajagini ongli ravishda barpo etishi kerakligini alohida ta’kidladi.

📊 Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi. Ular jinoyat va ma’muriy javobgarlik, giyohvand moddalarning huquqiy taqiqlari, internet orqali tarqatilayotgan noqonuniy axborotlar bilan bog‘liq masalalarda huquqiy tushunchalarga ega bo‘lishdi.

🤝 Bunday uchrashuvlar nafaqat huquqiy ongni yuksaltiradi, balki yoshlarni hayotda to‘g‘ri yo‘l tanlashga undaydi. Talabalar tadbir yakunida bunday ochiq muloqotlar tez-tez o‘tkazilishini istaganliklarini bildirgan holda, tashkilotchilarga minnatdorchilik izhor etishdi.