YASHIL KELAJAK SARI QADAM: UNIVERSITET YOSHLARI EKOLOGIK TASHABBUSDA
📆 Xabaringiz bor, “Yashil makon” umummilliy harakati doirasida ekologik muhitni yaxshilash va aholining tabiatga bo‘lgan mehrini oshirish maqsadida respublika miqyosida keng ko‘lamli daraxt ekish ishlari olib borilmoqda. Ushbu tashabbusdan Toshkent davlat yuridik universiteti jamoasi ham chetda qolmay, o‘zining amaliy ishtirokini ko‘rsatib kelmoqda.
🍀 Avvalroq universitet jamoasi tomonidan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani G‘azalkent massividagi bo‘sh turgan yerlarga 2000 tupdan ortiq mevali daraxt ko‘chatlari ekilgan edi. Ushbu ekish ishlari nafaqat hududning ekologik holatini yaxshilash, balki kelajak avlodlar uchun toza va sog‘lom muhit yaratish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
🌱 Bugun esa mazkur ko‘chatlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ular universitet talabalari tashabbusi bilan sug‘orildi. Mazkur amaliy tadbirda 1 va 2-sonli Talabalar turar joyida istiqomat qiluvchi Talabalar kengashi a’zolari va faol talabalar faol ishtirok etishdi.
🌿 Ular birgalikda daraxtlarni parvarishlab, har bir ko‘chatga hayot suvi bo‘lgan suvni yetkazishdi. Bu esa nafaqat ekilgan daraxtlarning yashovchanligini ta'minlash, balki talabalar orasida ekologik madaniyatni shakllantirish borasida muhim ahamiyat kasb etadi.
🤝 Tadbir yakunida barcha ishtirokchilarga universitet ma’muriyati tomonidan chuqur minnatdorchilik bildirildi. Bu kabi amaliy tashabbuslar talabalarning ijtimoiy faolligini oshirish bilan birga, ularni vatanparvarlik, tabiatga mehr-oqibat va mas’uliyat ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.