December 29, 2023

Ijtimoiy himoya milliy Agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig‘i Q.Rajabovning Yangi yil munosabati bilan bayram tabrigi

Aziz vatandoshlar!

Jonajon O‘zbekistonimizga 2024 yilning kirib kelishi tobora yaqinlashmoqda. Mana shu hayajonli, fayzli damlarda Siz, azizlarni Yangi yil bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Ta’kidlash joizki, poyoniga yetayotgan “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” xalqimiz manfaati va turmushiga, yurt ravnaqiga xizmat qiluvchi ezgu amallar yili sifatida tarix sahifalarida muhrlanmoqda. Shular qatorida, aholiga sifatli ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatishga qaratilgan bir qator huquqiy asoslar yaratilib, bu bo‘yicha ko‘plab istiqbolli loyihalar ro‘yobga chiqarilganligini alohida e’tirof etishim kerak.

Qadrli do‘stlar!

Bugungi kunda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ayniqsa, yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar doimiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ham mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasida ekanligi alohida norma sifatida belgilab qo‘yildi.

Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda “Ehtiyojmand aholi qatlamlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish ustida jiddiy ish olib boramiz”.

Haqiqatdan ham, bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadi “ijtimoiy davlat” tamoyili asosida Yangi O‘zbekistonni yaratishdan iborat bo‘lmoqda. Ushbu maqsadlarni amalga oshirish bo‘yicha Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi va tuman, shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan ham qator ijobiy ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, 2023 yilda viloyatda 581 nafar o‘zgalar ko‘magiga muhtoj yakka-yolg‘iz, yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Nogironligi bo‘lgan 8 300 nafar shaxslarga Tibbiy ijtimoiy ekspertiza komissiyalarining tegishli tavsiyalar berildi va ularga ko‘ra 121 nafarining bandligi ta’minlandi, 1 837 nafari kasb-hunarga tayyorlash bo‘yicha bandlik bo‘limlariga yo‘naltirildi, 2 990 nafari parasport turlariga yo‘naltirildi, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan 305 nafar bolalar pediatriya tibbiy psixologik tekshiruvidan o‘tkazildi.

Joriy yilda Navoiy viloyati nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazining qushimcha 55 o'rinli binosining ishga tushirilishi evaziga markaz quvvati ikki barobarga oshirildi. Natijada yiliga 3500 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan shaxslarga reabilitatsiya o‘tash imkoni yaratildi.

Shuningdek, 2023 yilda Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Navoiy viloyat hududiy bo‘limi yangi binosi foydalanishga topshirildi. Markaz tomonidan 1 287 nafar xotin-qizlarga psixologik, huquqiy va tibbiy yordamlar ko‘rsatildi.

Viloyat bo‘yicha 54 nafar bolalar voyaga yetmaganlar komissiyalari tomonidan ro‘yxatga olinib, 43 nafari vasiylikka olindi, 11 nafariga esa homiylar tayinlandi. Shuningdek, 28 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uy-joy bilan ta’minlanib, ushbu maqsadlarga 6.3 milliard so‘m mablag‘ ajratildi, 64 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar esa imtiyozli ravishda oliy ta’limga o‘qishga qabul qilindi.

Joriy yilda 2 mingdan ortiq nogironligi bo‘lgan reabilitatsiyaga muhtoj shaxslar tegishli tartibda rebilitatsiya qilindi, 2103 nafar fuqarolar 2 mlrd. so‘mlik 26 turdagi protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlandi.

O‘tayotgan yil davomida 2023 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar va pensionerlar hamda 11 nafar urush va mehnat fronti faxriylari sihatgohlarda bepul sog‘lomlashtirildi.

Hurmatli yurtdoshlar!

Prezidentimiz tomonidan ishlab chiqilib, e’lon qilingan “Yangi O‘zbekiston Strategiyasi” xalqimizning qalbidan chuqur o‘rin egalladi. Binobarin, davlatimiz rahbari qayd etganidek, “Yangi O‘zbekiston – inson qadri ustuvor bo‘lgan jamiyat vaxalqparvar davlatdir”.

Biz ham, o‘z navbatida, davlatimiz rahbariga xalqimiz farovonligini ta’minlash va yurtimiz ravnaqiga qaratilgan ulug‘vor maqsadlarni ro‘yobga chiqarishda, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda munosib hissa qo‘shishga, sodiqlik va shijoat ishlashga tayyormiz.

“Inson qadri uchun” tamoyili yurtimizning har bir go‘shasiga, har bir xonadoniga, har bir fuqaro hayotiga kirib borgani boisidan ham o‘tayotgan yilimizni shukronalik va rozilik bilan kuzatmoqdamiz.

Qadrli hamkasblar!

Eng asosiysi, kirib kelayotgan yangi yilda ham bu xayrli ishlar izchil davom ettirilib, ijtimoiy himoya qamrovini yanada yaxshilash borasida oldimizda katta vazifalar turibdi.

Jumladan, 2024 yilda viloyatimizning barcha hududlarida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi va viloyatdagi 330 ta mahallada 160 nafar kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi va ular tomonidan jami 49 turdagi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi.

Shuningdek, kelgusi yilda viloyatdagi uy-joyga muhtoj yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan jami 81 nafar 23 yoshgacha bo‘lgan yoshlar uy-joy bilan ta’minlanishi rejalashtirilgan. Shuningdek, Navoiy viloyati nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazining bolalarni ambulator reabilitatsiya qilish bo‘limi ishga tushiriladi.

O‘ylaymanki, Siz kabi soha fidoyilarining sa’y-harakatingiz, g‘ayrat-shijoatingiz va eng muhimi, qo‘llab-quvvatlashingiz bilan kirib kelayotgan yangi yilda ham o‘tgan yildagidan ko‘ra salmoqliroq natijalarga erishamiz.

Ushbu maqsad va marralarga erishish yo‘lidagi mas’uliyatli va sharafli faoliyatingizda barchangizga kuch-quvvat va zafarlar tilayman.

Aziz yurtdoshlar!

Ezgu orzu-umidlar bilan qarshi olayotganimiz — 2024 yilga barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, oilalaringizga shodu xurramlik, fayz-baraka tilayman.

Yangi yilning qadami barcha yurtdoshlarimiz uchun qutlug‘ va barakali kelsin!