April 20, 2023

Toshkent viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarmasi: Referendum tushunchasi va yangi tahrirdagi konstitutsiya afzalliklari bo‘yicha shahar va tumanlarda targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi (Foto)

Bosh sahifa | Русский язык

Avval maʼlum qilingandek, Toshkent viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarmasi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va uning hududiy boshqarmalari bilan birgalikda shahar va tumanlarda korxona tashkilotlar binosining majlislar zalida “Referendum: uning tashkiliy-huquqiy asoslari va asosiy bosqichlari” mavzusida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.

Tadbirlar, viloyatning Chirchiq, Olmaliq shahri va Bekobod, Zangiota, Oqqo‘rg‘on Ohangaron tumanlaridagi hokimlik, Madaniyat saroyi binosi, Yoshlar ishlar agentligi va boshqa tashkilot binosining majlislar zalida uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarmasining tuman rahbari, xodimlari va boshqaruv servis kompaniyasining ishchi-xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbirda xalq konstitutsiyasi, yangi tahrirdagi konstitutsiya, konstitutsiyaning asosiy yangiliklari va tamoyillari bo‘yicha batafsil maʼlumotlar berildi.

Yangi tahrirdagi konstitutsiya loyihasidagi moddalar soni amaldagi 128 tadan 155 taga, normalar soni 275 tadan 434 taga oshdi. Yaʼni, Asosiy qonunimiz matni qariyb 65 foizga ortdi va xalqimiz takliflari asosida yangilandi.

Xususan, Konstitutsiyada davlat xizmatiga kirishda mamlakatimiz fuqarolari uchun teng huquq va imkoniyatlar yaratilishi maxsusnorma bilan mustahkamlanmoqda.

Keyingi yillarda davlat xizmatiga qabul qilish ochiq tanlov asosida amalga oshirilishi, kadrlarning xizmat bo‘yicha o‘sib borishi bilan bog‘liq faoliyatda nomzodlarni “teng huquqlilik” tamoyiliqo‘llanilishi belgilab berildi.

Bugungi kunda davlat idoralarida 118 mingdan ortiq davlat fuqarolik xizmatchilarining faoliyati yuritmoqda. Shu o‘rinda, ancha yillardan beri qabul qilinishi mo‘ljallangan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinib, amaliyotga tatbiq etildi.

Barchamizga maʼlumki, avvallari davlat xizmati o‘zining jozibadorligi jihatidan ko‘p ham o‘ziga jalb qilmas edi. Buning sabablari sifatida, davlat xizmatchilarining huquqiy maqomi, ijtimoiy taʼminot masalalari amalda huquqiy jihatdan tartibga solinmagan edi. Yoki davlat xizmatchilarini huquqini cheklashga qaratilgan qonunchilikdagi bo‘shliqlar saqlanib qolgan edi.

Yangi tahrirdagi konstitutsiya loyihasida fuqarolarimizning davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa ega bo‘lishining kafolatlanishi, davlat xizmatining raqobatdoshligini, ochiqligini va professionalligini oshiradi. Salohiyatli yoshlar, xotin-qizlarning davlat xizmatiga kirishda teng huquqni kafolatlaydi va davlat xizmatiga ishonchini ortishiga hamda iqtidorli, zamonaviy fikrlaydigan kadrlarni xorijiy davlatlarga chiqib ketish holatlari va korrupsiyaviy holatlarning oldini olinishiga xizmat qiladi.

Referendum tushunchasi qanday maʼnoni anglatadi?

“Referendum” so‘zining maʼnosi davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan muhim masalalar bo‘yicha o‘tkaziladigan va baʼzan qonunlar qabul qilish uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan umumxalq so‘rovi, ovoz berish yo‘li bilan xalq fikrini aniqlashdir.

Muddatidan oldin ovoz berish referendumga o‘n kun qolganida boshlanadi va referendumga uch kun qolganida tugallanadi. Muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish vaqti O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi va fuqarolarning, kuzatuvchilarning eʼtiboriga ommaviy axborot vositalari orqali yetkaziladi.

Ovoz beruvchi muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun referendum kunida bo‘la olmasligining sabablari (taʼtil, xizmat safari, xorijga chiqish va hokazo) ko‘rsatilgan ariza asosida tegishli uchastka komissiyasidan referendumda ovoz berish byulletenini oladi va tegishli uchastka komissiyasining kamida ikki nafar aʼzosi hozirligida ovoz beruvchi fuqarolar ro‘yxatiga imzo qo‘yadi. Referendumda ovoz berish byulleteni maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida ovoz beruvchi tomonidan to‘ldiriladi.

Maʼlumot uchun, Referendumda ovoz berish byulleteniga “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonunning 29-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2023-yil 10-martdagi hamda Oliy Majlis Senatining 14-martdagi qarorlarida ko‘rsatilgan masalaning matni kiritildi va ovoz beruvchi xohish-irodasining variantlari “ha” yoki “yo‘q” deb ko‘rsatildi.

Shuningdek, ovoz berish byulletenida uni to‘ldirish tartibi to‘g‘risida ham tushuntirish beriladi. Ovoz berish byulletenlarini ko‘zi ojiz ovoz beruvchilar tomonidan to‘ldirish uchun Brayl alifbosi asosida trafaretlar ham tayyorlanadi. Ovoz berish byulletenlari referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalari tomonidan taqdim etilgan maʼlumotga muvofiq referendum okrugi bo‘yicha ovoz beruvchilar sonini, shu jumladan referendum okrugi hududida istiqomat qilayotgan ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan tillarda ovoz berish byulletenlarini tayyorlash bo‘yicha ehtiyojni inobatga olgan holda chop etiladi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya O‘zbekiston jamiyatining evolyutsion rivojlanishidan kelib chiqayotgan hayotiy zarurat bo‘lib, mamlakat, millat va xalq sifatida keyingi qadamlarini aniqlab olishi uchun g‘oyat ahamiyatli masala, adolatli jamiyat qurish yo‘lidagi ulkan qadamdir.

FOTOLAVHALAR

Toshkent viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarmasi Matbuot xizmati