Chikago shahridagi Shimoliy-Sharqiy Illinoys universiteti TESOL dasturi vakillari universitetimiz bilan hamkorlik qilish taklifini bildirdi
Toshkent davlat transport universiteti delegatsiyasi AQShdagi safari davomida Illinoys shtatining Chikago shahridagi Shimoliy-Sharqiy Illinoys universiteti (NEIU universiteti) TESOL dasturi koordinatori hamda ko‘p tilli o‘quv markazi direktori Jeanine Ntihirageza va TESOL dasturi dotsenti Ulugʻbek Nurmuhammedovlar bilan uchrashdi.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi “Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 312-son Qaroriga muvofiq TESOL sertifikati xorijiy tillarni bilish darajasini baholovchi хalqaro tan olingan IELTS, TOEFL iBT, TOEFL ITP, APTIS kabi sertifikatlar qatoriga kiradi.
TESOL (Teaching English to speakers of other languages) – metodik dastur bo‘lib, xorijiy tilni bilish boʻyicha C1 darajasini beradi, muddat jihatdan chegaralanmaganligi esa uning asosiy afzalligi sanaladi. Ushbu dastur maqsadga yoʻnaltirilgan bilimlar, psixologik, metodik ko‘nikmalar hamda bir nechta qismlardan iborat 11 ta “Task”ni o‘z ichiga qamrab oladi va oʻquv kursi yakunida xalqaro sertifikat taqdim etadi. Bu sertifikat TEFL va TESL dan farqli o‘laroq, istalgan davlatda ingliz tilini o‘qitish huquqini beradi.
O‘zbekistonda xalqaro sertifikatlar beruvchi dasturlarda o‘qitish yo‘lga qo‘yilganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmadi. Shu bois bunday sertifikatlar bilan davlat ta’lim muassasalarida dars berib boʻlmaydi. Biroq Vazirlar Mahkamasining yuqorida keltirilgan Qaroriga muvofiq TEFL, TESL yoki TESOL sertifikatlariga ega ingliz tili o‘qituvchilarining xorijiy tilni bilish malakasi C1 darajasiga tenglashtirilishi va 50 foiz ustama haq berilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu dasturni jalb qilish orqali universitetimiz ingliz tili o‘qituvchilarining malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish reja qilindi.