September 26

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari O.K. Abduraxmanovning Oʻzbekiston-Turkiya uchinchi taʼlim forumidagi nutqi

Oʻzbekiston-Turkiya uchinchi taʼlim forumi ishtirokchilarini samimiy qutlayman. Bugungi tadbirda ikki mamlakatning 60 dan ortiq nufuzli oliygoh rahbarlari ishtirok etmoqda. Aytib oʻtib joizki, soʻngi yillarda ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi, saʼy-harakatlari tufayli Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida hamkorlik aloqalari mutlaqo yangi bosqichga koʻtarildi. Mamlakatlarimiz oʻrtasida keng qamrovli strategik sheriklik aloqalari yuqori surʼatlarda rivojlanmoqda. Turkiya bugun Oʻzbekistonning barcha masalalarda eng yaqin hamkoridan biri.Gapimning isboti sifatida eʼtiboringizni quyidagi raqamlarga qaratmoqchiman.
Joriy yilning oʻzida savdomiz 2 mlrd. AQSH dollariga yetdi, 150 ta shirkatlar ochildi (jami – 1850 ta), 1,2 mlrd. AQSH dollariga teng investitsiya jalb qilindi. Havo parvozlari haftasiga 90 tadan ortdi. Bu kabi hamkorlik nafaqat iqtisodiy sohada, balki ijtimoiy-gumanitar sohasida ham izchil davom ettirilmoqda. 2022-yilda Izmir shahrida ilk bor tashkil etilgan, 2023-yilda Samarqandda oʻtkazilgan taʼlim forumlari ham mamlakatlarimiz oʻrtasida taʼlim va fan sohasida jadal rivojlanib borayotgan samarali hamkorlikning yorqin namunasi sifatida eʼtirof etish mumkin. Aytib oʻtish joizki, soʻnggi yillarda mamlakatlarimiz universitetlari oʻrtasidagi hamkorlik koʻlami kundan-kunga kengayib bormoqda. Hozirda oliygohlarimiz oʻrtasida imzolangan hamkorlik shartnomalari soni 150 tadan oshdi. Aminman-ki ushbu forum yakunlari boʻyicha ularning qatoriga yana koʻplab ikki tomon uchun manfaatli boʻlgan kelishuvlar qoʻshiladi. Hozirda ushbu shartnomalar asosida universitetlarimiz akademik almashinuvni faol rivojlantirib, hamkorlikda ilmiy forum va anjumanlar oʻtkazib kelmoqda.
Aziz do‘stlar!
Hozirda mamlakatimiz oliy taʼlim tizimi oldida turgan asosiy vazifalardan biri – bu taʼlim sifatini yaxshilash, jadal rivojlanib borayotgan iqtisodiyot tarmoqlarimiz uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash. Ushbu maqsadlarga erishishda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, ilgʻor xorijiy tajribani tatbiq etish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada biz Turkiyaning nufuzli oliy taʼlim muassasalari bilan oʻzaro manfaatli, ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini kengaytirishdan manfaatdormiz. Shuning uchun, hamkorligimiz koʻlamini yanada kengaytirish uchun quyidagilarni taklif etamiz:
Birinchidan, Turk universitetlari bilan hamkorlikda ilgʻor muhandislik maktablari, spin-off kompaniyalari va texnoparklarni tashkil etish; Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining ustuvor yoʻnalishlari va ehtiyojlaridan kelib chiqib, biz muhandislik-texnik taʼlimni modernizatsiya qilishga katta ahamiyat beramiz.
Ikkinchidan, ikki mamlakat oliygohlari oʻrtasida muhandislik-texnika mutaxassisliklari boʻyicha “ikki diplomli” qoʻshma taʼlim dasturlarini kengaytirish.
Uchinchidan, akademik mobillik va almashinuvlarni rivojlantirishda taʼlim standartlari va talablarni uygʻunlashtirishning samarali mexanizmlari ishlab chiqish;
Toʻrtinchidan, Turkiya oliygohlarida oʻzbek talabalari uchun magistratura va doktoranturada tahsil olish uchun stipendiyalar ajratish; Buning uchun Toshkent davlat transport universitetida YOS imtihonlarini oʻtkazish yoʻlga qoʻyilgan.
Beshinchidan, oʻzbekistonlik professor-oʻqituvchilar uchun Turkiya universitetlarida malaka oshirish kurslari va trening dasturlarini tashkil etish.

Soʻzimni yakunida ushbu forum tashkilotchilariga, ayniqsa: Turkiya oliy taʼlim kengashi raisi Erol OʻZVAR bey janoblariga, Istanbul texnika universiteti rektori Xasan MANDAL bey janoblariga, Ege universiteti rektori Nejdet BUDAK bey janoblariga va ularning jamoalariga ushbu forumni yuqori saviyada tashkil etgani uchun samimiy minnatdorchilik bildiraman. Barcha ishtirokchilarga muvaffaqiyatli va samarali muhokamalar, yangi gʻoyalar va istiqbolli hamkorlik tilayman.