September 26

Turkiya - O‘zbekiston uchinchi ta’lim forumi doirasida 2025-yili YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining Samarqandda oʻtkazilishiga oid targʻibot tadbiri boʻlib oʻtdi

2023-yili Parij shahrida boʻlib oʻtgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 42-sessiyasida uning 43-sessiyasini 2025-yili Samarqand shahrida oʻtkazish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston tashabbusi bir ovozdan qoʻllab-quvvatlangan edi.
Bu qaror jahon hamjamiyati tomonidan muhim voqea sifatida eʼtirof etildi.Fursatdan foydalanib, mazkur tarixiy qarorni qoʻllab-quvvatlagani uchun men qardosh turk doʻstlarimizga oʻzimning chuqur minnatdorchiligimni bildiraman.Biz bu nufuzli xalqaro tashkilotning qarorini nafaqat Oʻzbekistonga, oʻzbek xalqiga nisbatan, balki butun turkiy dunyoga nisbatan yuksak hurmat ifodasi hamda jahon madaniyati rivojiga qoʻshgan munosib hissasining dunyo hamjamiyati tomonidan tan olinishi, deb baholaymiz.Mazkur yirik xalqaro tadbirni oʻtkazish maqsadida Samarqand shahri tanlangani bejiz emas. Samarqand diyori azal-azaldan inson sivilizatsiyasining qadimiy beshiklaridan biri boʻlib kelgani tarixdan yaxshi maʼlum. Oʻrta asrlarning mashhur arab sayyohi Ibn Batutta “Magʻribdan Mashriqqacha boʻlgan butun sarzaminni kezsangiz-da, Samarqanddan goʻzalroq oʻlkani topolmaysiz” deb yozgan.
YUNESKO Umumjahon merosi roʻyxatidan joy olgan hamda oʻzining noyob tarixiy-madaniy merosi va jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan katta hissasi bilan dunyoda dong taratgan Samarqand soʻnggi yillarda global muloqotlar markaziga aylanib bormoqda.
Mazkur nufuzli xalqaro anjumanni yuqori saviyada oʻtkazish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori qabul qilingan boʻlib, hozirgi vaqtda tadbirni yuqori darajada oʻtkazishga puxta tayyorgarlik koʻrilmoqda.
Oʻzbek va turk xalqlarining ildizi bir, maʼnaviyati mushtarak. Imom Buxoriy, Beruniy, Xorazmiy, Ibn Sino, Qozizoda Rumiy, Mavlono Jaloliddin Rumiy, Yunus Emro, Alisher Navoiy, Mahmud Qoshgʻariy, Ali Qushchi merosi xalqlarimizning milliy yuksalishida katta oʻrin egallagan. Asrlar davomida hamkorlik aloqalari
Toshkent bilan Anqara, Samarqand bilan Konyo, Buxoro bilan Bursa, Xiva bilan Edirneni bogʻlab, oʻzaro boyitib turgan.Shuni aytish joizki, YUNESKOning nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan Navroʻz bayrami, Ipakchilik, Miniatyura sanʼati, Xoʻja Nasriddin toʻgʻrisida latifalar, “Tazhib” kitob bezash sanʼati va Iftorlik anʼanalari turkiy xalqlarning, umuman sharq mamlakatlarining boy madaniy merosi hisoblanadi.
Hozir aytib oʻtilganidek oʻtgan yillar mobaynida YUNESKO bilan hamkorlikda ulugʻ ajdodlarimiz va qadimiy shaharlarimizning yubileylari koʻtarinki ruhda oʻtkazilgan edi.
Ayni paytda YUNESKOning xalqaro yubileylar rejasiga kiritilgan turkiy xalqlarning ilk oʻrta asr madaniyati arboblaridan biri Mahmud Koshgʻariy tomonidan yozilgan Devoni lugʻati turk asarinning 950-yilligi hamda atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli tavalludining 200-yilligi ham xalqaro miqyosda keng nishonlanmoqda.
Soʻnggi yillarda mamlakatlar rahbarlarining siyosiy irodasi va xalqlarimizning qoʻllab-quvvatlashi bilan doʻstlik va hamkorligimiz tarixida mutlaqo yangi sahifa ochildi.