Muhammad al-Xorazmiy nomidagi stipendiya ta'sis etildi
O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligining 2023-yil 22-dekabrdagi 322-sonli buyrug‘ida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi stipendiya ta’sis etilgani va uni tayinlash tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi.
Mazkur buyruq va Nizom asosida 2023-2024-o‘quv yili yakuni (2024-yil 30-iyun)ga qadar Muhammad al-Xorazmiy nomidagi stipendiyaga talabgor bo‘lgan talabalardan hujjatlar qabul qilinadi.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi stipendiya Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (keyingi o‘rinlarda – Universitet) va uning filiallarining bakalavriat bo‘yicha o‘qiyotgan 2-3-4-bosqich hamda magistratura bo‘yicha 2-bosqich talabalariga tayinlanadi.
Nomzodlarga qo‘yiladigan talablar: Muhammad al-Xorazmiy nomidagi stipendiyaga o‘quv jarayonida yuqori reyting ko‘rsatkichiga ega bo‘lgan (o‘quv yili yakuniga (ikkala semestr natijalariga) ko‘ra, fanlardan o‘rtacha GPA balining 80 foizi va undan yuqori bo‘lishi, barcha fanlardan GPA bali 4,0 bo‘lishi zarur), jamoat ishlarida faol, tashabbuskor va intiluvchan, ijtimoiy hayotda faol ishtirok etayotgan, respublika hamda xalqaro olimpiada (shuningdek, sport musobaqalari) g‘oliblari va sovrindorlari, AKTga oid ilmiy-tadqiqot, yirik dasturlar va izlanishlarda ishtirok etayotgan hamda AKTga oid ilmiy maqolalar yozgan, dasturiy va texnik ishlanmalar yaratgan va bu yo‘nalishda faol qatnashayotgan, shuningdek, xorijiy til sertifikati, xalqaro IT-sertifikati mavjud bo‘lgan hamda mahalliy va xorijiy hakaton yoki IT-tanlovlardagi ishtirok etib sovrindor bo‘lgan Universitet va uning filiallari talabalari da’vogar bo‘lishlari mumkin.
Stipendiyaga topshiriladigan hujjatlar:
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi stipendiyaga taqdim etilayotgan nomzodlar quyidagi hujjatlarni Universitet va va uning filiallardagi Iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish bo‘limiga topshiradilar: o‘rnatilgan tartibdagi o‘rtacha o‘zlashtirish GPA bali to‘g‘risidagi tasdiqlangan ma’lumotnoma; ilmiy va innovatsion ishlari nusxalari, shuningdek, uning bevosita ishlab chiqish va yaratishda ishtirok etgan ishlanmalari hamda dasturlari;
ilmiy konferensiya va seminarlarda ishtirok etgan ma’ruza tezislari, ilmiy jurnallarda chop etilgan maqolalari, shuningdek, o‘quv-metodik qo‘llanmalari nusxasi;
xorijiy tilni bilish darajasidagi sertifikati hamda xalqaro IT-sertifikatining nusxasi; mahalliy va xalqaro darajadagi hakaton yoki IT-tanlovlardagi ishtirokini tasdiqlovchi hujjatning, shuningdek, agar tanlovlarda sovrindor bo‘lgan bo‘lsa tegishli diplom (sertifikat)ning nusxasi;
ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor, talabgor tahsil olayotgan fakultet dekani, kafedra mudiri, ilmiy rahbar tavsifnomasi; talabgorning o‘ziga oid uning maqsadlari, shuningdek narsa va hodisalarga subyektiv fikrlari bayon etilgan erkin mavzuda esse;
ijtimoiy faolligi (ma’naviy-ma’rifiy hamda turli xil yoshlar tadbirlarida ishtiroki) bo‘yicha asoslovchi hujjatlarning nusxalari va boshqa qo‘shimcha ma’lumotlar. Ishchi guruhi zarur hollarda hujjatlarning asl nusxalarini taqdim qilishni talab etishga haqli.
Barcha hujjatlar bir nusxada yig‘ma jildga joylanib taqdim etiladi.
Yig‘ma jild muqovasida o‘quv muassasasining nomi, nomzodning ismi va familiyasi, fakultet/bo‘lim nomi ko‘rsatiladi.