Nazar Eshonqul - "Kitob bandasi" so'zboshi
Mutolaa zavqidan tobora uzoqlashib borayotgan, hatto uni unutayotgan, adabiyotdan bexabarlik fazilatga aylanayotgan, bu holatning oqibati o'laroq yaxshi bilan yomon, ezgulik bilan yovuzlik, asl bilan soxta, yolg'on bilan rost qorishib ketgan, bular o'rtasidagi farqni anglash, baholash tobora qiyinlashib borayotgan XXI asrda INSON mohiyatini va uning ko'nglini qutqarish ming yillar avval, dinda «jaholat davri» deb ataladigan davrlar kabi yana dolzarb ahamiyat kasb eta boshladi. Hali hech qaysi asrda ko'ngilni o'ldirish uchun bu qadar keng qamrovli xurujlar, tahdidlar bo'lmagan. Eng fojialisi odamning o'zi bu xurujning bir qismiga uni harakatlantiruvchi va hayotga tatbiq etuvchi kuchga aylanmoqda, bu bilan o'zini farishtalar bilan bog'lab turuvchi ko'nglidan tobora uzoqlashib boryapti. Kitobdan, uning asosi bo'lgan adabiyotdan uzoqlashish insonning o'zligidan, mohiyatidan, uni bog'lab turuvchi rishtalardan, ajdodlar xotirasidan, sabog'idan, asriy hikmatlardan, ko'ngildan, odamiylikdan uzoqlashish degani. Insonparvarlikning mohiyatini biz faqat adabiyot va san'at orqali, so'z orqali teran anglaymiz, zero, muqaddas kitoblarda behudaga «avval so'z paydo bo'lgan» deb yozilmagan. So'z - insonga uning asli kimligini, nima uchun yashayotganini, nimalarga intilsa, o'zining sha'ni-sharafiga munosib bo'lishini anglatib turuvchi vosita. Boshqa san'at turlari so'zga yuklatilgan ana shu vazifani bajarishga ko'makdoshlik qiladi, xolos. Bu bilan san'atning turlarini, ularning maqomini kamsitish niyatim yo'q. Men shunchaki so'zning ilohiy missiyasi haqida gapiryapman. Men bugungi dunyoda shafqatsizlik, murosasasizlik, toqatsizlik, nafrat va g'azab kuchayib borayotganining asosiy sababi, eng avvalo, keyingi 20-30 yilda odamning kitobdan, uning sabog'idan, hikmatidan uzoqlashgani deb o'ylayman. Shuning uchun ham odamni kitobga qaytarishni eng katta ma'naviy islohotlardan biri deb baholayman. Bugungi dunyoda kitobga munosabat achinarli holda. Kitobdan uzoqlashish asoratiga har kuni, har joyda duch kelyapmiz. Insonning yarmi nafs, ya'ni hayvondan, yarmi esa farishtadan iborat degan hikmat bor. Hayvonlik qismi insonni butunlay egallab olishiga yo'l qo'ymaydigan xaloskor vositalardan eng asosiysi - Adabiyot, San'at. Xalos qiluvchi so'zdan - xalos qiluvchi vositadan yuz o'girish G'arb adabiyoti qariyb bir yarim asrdan beri bong urib kelayotgan qalb o'limiga, insonning mutantlashuvi texnokratlashuviga olib keladi. Texnokratik Odamning kimligi "Terminator" va qator fantastik-realistik filmlarda ochiq-oydin namoyon bo'lgan. Zotan, adabiyot va san'at insonni "terminator" robot bo'lib qolishdan asraydi. Shuning uchun ham badiiy asar mutolaasini targ'ib qilish barcha zamonlarda millatini, xalqini, Insonning ertasini o'ylagan alloma-yu arboblarning bosh maqsadi, faoliyatining asosiy yo'nalishi bo'lib kelgan. Badiiy so'zdan - mutolaa zavqidan, mutolaa muolajalaridan uzoqlashib, bugungi tibbiyot tili bilan aytganda, mutolaa vaksinasini olmay turib insonni fojiaga giriftor qiladigan turli xil ma'naviy epidemiyalarga qarshi kurashib bo'lmasligini hechdan ko'ra kech tushungan bo'lsak ham, umid bor. Aslida, bu kitobim bugun esini tanib, suyagi qotib, kitobsizlik «epidemiyasi»ni yuqtirib bo'lganlarga, undan ayro yashashga allaqachon o'rganib bo'lganlarga emas, ko'proq hali ko'ngli ham, dunyoqarashi ham beg'ubor yoshlarga bir umid bilan mendan mengacha, ljod falsafasi kitoblari va keyingi yillardagi yozishmalar asosida yaratildi.