"Asobiyya" tushunchasi haqida
Ibn Xaldunning "Asobiyya" nazariyasini insonlarning qondoshlik, umumiy ajdodga mansublik prinsipi asosida birlashishi, deb tushuntirish mumkin. Badaviylar orasida keng tarqalgan bu dunyoqarash guruh a'zolariga boshqalar ustidan ustunlik berar edi.
Sahroyi badaviylardagi Asobiyya hissi ularga shaharlarda oʻrnashgan o'troq odamlarni mag'lub etish imkonini berdi va keyinchalik ular o'z sulolalariga asos soldilar. Vaqt o'tishi bilan, ular o'troq hayotga bemalol o'rnashib olganlaridan so'ng, asobiyya tuyg'ulari bo'shashib, zaiflashdi va oxir-oqibat kuchliroq asobiyyaga ega bo'lgan boshqa bir guruh ularni mag'lub etib, o'z sulolasini oldingisi bilan alishtirdi.
Bu “asobiyya” atamasi islomda salbiy tushuncha sifatida qabul qilinadi, chunki uning kelib chiqishi johiliyat davriga taqalgan, ya'ni islom ruhiga zid boʻlgan va Paygʻambarimiz (s.av) tomonidan qoralangan.
Ammo Ibn Xaldun fikricha, uning Asobiyya va Al-Umron nazariyalarini anglatishda Islom ijobiy ta'sirga ega bo'lishi kerak edi.
Ibn Xaldunning "Asobiyya" nazariyasi nima?
Lingvistik jihatdan, Asobiyya atamasi "asob", ya'ni “bog‘lash” degan so'zdan olingan. Fuad Baali buni
“biror kishini bir guruhga bog‘lash (asobatun, usbatun yoki isobatun)”
deb sharhlaydi. Islom Ensiklopediyasiga binoan,
"Asobiyya dastlab oila yoki qabiladagi erkaklar orasidagi "qarindoshlik hissi" degan ma'noni anglatar, ular odamni himoya qilib, unga qo'shimcha kuch va qo'llov berar edi".
Asobiyya, "jamoa hissi" yoki "jamoachilik"ni bildiradi.
Yoki Baalining so'zlariga ko'ra,
"Asobiyya" ... ijtimoiy guruhlar kuchini ko'rsatadigan ijtimoiy-madaniy instrumentdir.
Arab-ingliz leksikonida bu atamaning uzun ta’rifi berilgan:
Asobiyya deganda, o'z birodarlarini yoki qavmini urush-janjallarda qo'llash yoki o'z qavmi uchun qarshi tomonga g'azab va nafrat ko'rsatish va sheriklarini himoya qilish kabi fazilatlarga ega bo'lgan kishi tushuniladi.
Shuningdek, haqmi, nohaqmi, zulm ko'ryaptimi yoki ko'rsatyaptimi, bundan qat'i nazar, dushmanga qarshi turishga boshqalarni chaqirish ham asobiyya deb ataladi.
Lison al-Arab ham shunga o'xshash ta'rif berib oʻtadi.
“Asobiyya – bu o'z guruhini haq yoki nohaq bo'lishidan qat'i nazar qo'llab-quvvatlashdir"
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) hadisi shariflarida “Asobiyyu” degani o‘z birodarlariga ezgulik va yaxshi ishlarda emas, balki yomonlik va zulm yo'lida sheriklariga yordam berish ma'nosida keladi. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflari:
“Kim qabilaviy tarafkashlik yo'lida fitna qilsa bizdan emas, kim qabilaviy tarafkashlik yo'lida jang qilsa bizdan emas, kim qabilaviy tarafkashlik yo‘lida o‘lsa bizdan emas."
"Asobiyya"ni umuman olganda "..insonning o'zi mansub bo'lgan jamoani (ular haq yoki nohaq, zolim yoki mazlum bo'lsin) qo'llab-quvvatlashi", deb tushunish mumkin (Bu yerda Ibn Xaldun ilgari surgan Asobiyya nazariyasi nazarda tutilmayapti). Guruhga tegishlilik tug'ilgan joyi, fuqaroligi, fikrlashi yoki manfaatlar umumiyligida namoyon boʻladi. Shu ma'noda, "Asobiyya" shovinizmning bir turi bo'lib, bu "o'z mamlakati yoki guruhining boshqalardan yaxshiroq ekanligiga kuchli va asossiz e'tiqod" degan ma'noda qo'llaniladi. Boshqa guruhlar past darajali va hurmatga loyiq emas deb hisoblanadi.
Ibn Xaldun nazariyasidagi “Asobiyya” atamasi zamonamiz olimlarining koʻplab tarjima va talqinlarida uchraydi. Umumiy qilib aytganda, Ibn Xaldun ta'biridagi “Asobiyya” uchun ingliz tilida toʻgʻri keladigan soʻz yoʻq. Arnason va Staut taʼkidlaganidek,
“Bu uning tarjima qilib boʻlmaydigan atamalaridan biri boʻlib, Gʻarb tarjimonlari uning maʼnosi boʻyicha oʻz qarashlarida turlicha boʻlganlar”.
Bu atamani aniqlash va tarjima qilish mushkul, chunki Ibn Xaldunning o'zi unga aniq ta'rif bermagan.
Ehtimol, bu atama o'z davrida juda keng tarqalgani sabab buni ta'riflashga ehtiyoj bo'lmagandir. Demak, Simun, Baali va Rabi' atamani o'z holida ishlatishni maslahat berdilar, chunki mana shunda Ibn Xaldun nazarda tutgan ma'no saqlanib qoladi. Biroq, bu atamani “guruh hissi”, “ijtimoiy birdamlik”, va “guruhga sadoqat” kabi iboralar bilan tarjima qilishga uringan olimlar ham bor.
Ibn Xaldun ta'biri bilan aytganda,
“Asobiyya bir guruhning yoki jamiyatning yuksalishi va qulashiga ta’sir qiluvchi muhim unsurlardan biridir".
Qon rishtalariga, o'xshash manfaatlarga ega bo'lishga asoslangan bu his, bir guruhning birlashish qolish va Asobiyyaga tahdid qilayotgan boshqa guruhlarga qarshi kurash kuchiga aylanadi. Ibn Xaldun fikricha, bunga diniy ruh ham qo'shilsa, guruh a'zolarini hasaddan xalos eta oladi. Biroq, guruh o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga yetib, uning a’zolari farovonlik va dabdabada yashay boshlagach, “Asobiyya” tuyg‘usi zaiflashib, jamoa tanazzulga yuz tutadi. Garchi hamma jamoalar tarixi bir xil kechmasa ham, dabdaba va hashamat ularning tanazzuliga olib keladi va keyin ularning o'rnini kuchliroq "Asobiyya"ga ega bo'lgan yangi guruh egallaydi.
https://t.me/ufq_horizon uchun.