Ibn-Xaldunning ta'lim sifati haqidagi eng muhim nuqtai nazarlari qanday bo’lgan?
Ta’lim-tarbiya bilan shug’ullangan kishilar har doim muallim, o'quvchi, muhit, o'qitish uslubi va o'quv dasturi singari bir necha jihatlarga oid samarador ta'lim sifatining eng muhim mezonlari va standartlari ustida bosh qotirib kelishgan. (Marjin, 2016)
Shu o’rinda, Ibn-Xaldun ham ta'lim sifatini ta'minlash uchun zarur qator amaliy choralar va mezonlarni sanab o’tadi. Bular quyidagilardir:
1) O'qituvchining kasbiy rivojlanishi: Ibn-Xaldun o'qituvchilar hech qachon o'rganishdan to'xtamasliklari va turli fanlarning yangi jabhalarini o'rganib borishlari kerakligini ta'kidlaydi.
2) O'qituvchi ta’lim berishni kasb sifatida davom ettirmoq bilan bog’liq talablarga javob beruvchi ma'lum kognitiv va jismoniy qobiliyat hamda fazilatlar sohibi bo’lmog’i darkor.
3) O'qituvchilarning xilma-xilligi: Bu shuni anglatadiki, o'qituvchilik kasbi borasida o'quvchilarga yaxshi o’zlashtirishda muhim bo’lgan iste'dodni yetishtirish uchun ko’maklashish sohasida turli xil ko'nikma va o'qitish usullariga ega har xil o'qituvchilar lozim.
4) O'qituvchilarning hamkorligi: O'qituvchilar o'zlarining bilim olish qobiliyatini kuchaytiradigan jamoaviy ish strategiyasi doirasida hamkor ishlashlari kerak.
5) O'qituvchilar o'quvchilar orasidagi individual farqlarni ajrata bilishga harakat qilishlari kerak, chunki rivojlanishning har bir bosqichi o'ziga xos qobiliyat va ko'nikmalarni talab qiladi.
6) O'quvchilarning salohiyati va qobiliyatlarini hisobga olgan holda: Ibn-Xaldun o'quvchi potensialining muhimligini ta'kidlab, bu orqali o'qituvchilar o'quvchilarga o’z imkoniyatlari chegarasidan yuqori bo'lgan narsalarni yuklamasliklari kerakligini ko'rsatadi.
7) O'qituvchilar zo’ravonlik va majburlashdan qochishi kerak: O'quvchilarga kuch va zo'ravonlik bilan muomala qilish ularga, ayniqsa o’zini noto’gri tutadigan yoshlarga zarar yetkazadi.
8) O'quvchilarga bilim berishda o'qitishning zamonasiga monand usullaridan foydalanish va o'quvchilar bilan o'zaro hurmatga asoslangan do'stona munosabatlarni o'rnatish.
9) "Gapirib ber va doskaga yoz" kabi o'qitishning an'anaviy usullaridan foydalanishni minimallashtirish uchun munozara, muzokara va muhokama kabi turli xil o'qitish usullarini qo'llash.
10) Ta’limda amaliyot qismiga urg‘u berish: Bundan shu anglashiladiki, o‘qituvchilar o‘rgatishning qo’llay olish bosqichiga alohida e’tibor berishlari kerak, chunki talabalar o‘rgangan narsalarini kundalik hayotiy vaziyatlarda qo‘llay olishlari kerak. Keyin esa o'qituvchilar nazariyotni amaliyot bilan bog'lashlari lozim.
11) Ta’lim jarayoni mantiqiy va ilmiy metodologiyadan foydalangan holda bosqichma-bosqich amalga oshirilishi kerak. Ya’nikim, ta’lim ham mavzuga, ham o'quvchilarga mos keladigan bosqichma-bosqich va takroriy bo'lishi kerak. Bunday o'sish tartibida o'quvchilarning kognitiv, psixologik va bilim qobiliyatlariga e’tiborning ahamiyati hisobga olinadi va bu bugungi o'qituvchi va psixologlarning fikriga mos keladi.
12) O'qituvchilar o'quvchining mavzuni yaxshi o’zlashtirmay qolishining oldini olish uchun birinchi vazifa yoki materialni o'quvchilar aniq tushunib olishlariga ishonch hosil qilmasdan turib, boshqa bir vazifa yoki mashg’ulotga o'tmasligi kerak. (Haddad, 2011)
13) Ayniqsa yangi boshlanuvchilar uchun hissiy ta'lim usullarini qo'llash va mavhum o'qitishdan qochib, amaliy maydon faoliyatiga urg'u berish, bu Ibn-Xaldunning o'rganish haqidagi qarashlari amaliy nuqtai nazarga juda yaqin ekanligini anglatadi. (Haddad, 2011)
14) Ta'limni haqiqiy hayot bilan bog'lash: Ibn-Xaldunning fikricha, "shayxlar", ya’ni ustozlar o'quvchilarga o'quv materiallarini tushunishga ko’maklashuvchi muhitdagi amaliy misollardan foydalansin, ayniqsa bu misollar shogirdlarning kundalik hayotiga juda yaqin bo'lsa.