September 24

Unutilgan tabib: Ibn an-Nafis

Ibn Nafis

Tibbiyot tarixiga murojaat qilinarkan, asosan Hippokrat, Galen, Ibn Sino, Uilyam Harvi kabi nomlar ko‘p tilga olinadi. Biroq tarixda shunday olimlar o‘tganki, o‘z davrida paydo bo‘lib, jimgina o‘z vazifalarini bajarib, yana o‘zlari jimgina bu dunyodan chiqib ketadilar. Ular uchun bu dunyoda muhimi — o‘z missiyasini bajarish, xolos. Ana shunday olimlardan biri o‘rta asrlarda Damashq va Qohirada yashagan, Harvidan bir necha asr oldin biologiyaning eng muhim sirlaridan birini — o‘pka orqali qon aylanishini kashf etgan olim Alouddin Abulhasan Ali ibn Abu Ḥazm al-Qurayshiy bo‘lib, o‘z vaqtida Ibn an-Nafis nomi bilan tanilgan edi.

Ibn an-Nafis 1210-yilda Damashq yaqinidagi al-Qurashiyya nomli kichik qishloqda, Quraysh qabilasiga mansub arab oilasida tug‘ilgandi. Bolalik davri Ayyubiylar sulolasi hukmronligi ostidagi ilmiy yuksalish davrida o‘tdi. Payg‘ambar qabilasiga mansublikni imtiyoz emas, mas’uliyat sifatida qabul qilgan Ibn an-Nafis 16 yoshida Nuriddin Zangiy asos solgan, o‘sha davrning yetakchi tibbiyot markazlaridan biri hisoblangan Nuriy shifoxonasida tibbiyot ilmini o‘rganishni boshladi. Uning ustozi Suriya va Misr bosh tabibi ad-Dahvor edi. Ibn an-Nafis undan sinchkovlik va tanqidiy fikrlashni o‘rgandi.

Jismoniy salomatlikning ruhiy kamolot bilan chambarchas bog‘liqligini anglagan Ibn an-Nafis tibbiyot bilan bir qatorda ilohiyot, falsafa va adabiyotni ham chuqur o‘rgandi. Keyinchalik u nafaqat tabib, balki shofe’iy mazhabi faqihi sifatida nom chiqarib, Qohirada islom huquqi bo‘yicha ma’ruzalar o‘qidi.

1236-yilda ayyubiy sultoni al-Komilning taklifida o‘z ilmini yanada oshirish imkoniyatini payqagan Ibn an-Nafis Misrga ko‘chib o‘tdi. U yerda Misr bosh tabibi lavozimigacha ko‘tarilib, mashhur mamluk sultoni Baybars kabi hukmdorlarga xizmat qildi. Bu davrda uning faoliyati gullab-yashnadi: shifoxonalarni boshqardi, bemorlarni davoladi, shifokor shogirdlar avlodini tayyorladi va hatto o‘zining boy ilmiy merosini yaratdi. O‘z missiyasini bajarganini his qilgan, mol-mulkka esa faqat ana shu maqsad yo‘lidagi vosita deb bilgan olim umrining so‘ngida uyini ham, boy kutubxonasini ham Qohiradagi Mansuriy shifoxonasiga hadya qildi.

Xo‘sh, bu qanday missiya edi? Ibn an-Nafis amalga oshirgan eng yirik kashfiyot uning o‘pkada qon aylanishini tavsiflashidir. Ming yildan ortiq vaqt davomida Galenning qon yurak to‘sig‘idagi teshiklar orqali ko‘rinmas tarzda o‘tishi haqidagi fikri shubha ostiga olinmagan edi. Ibn an-Nafis bu fikrni tanqid qildi. O‘zining “Ibn Sinoning Qonun kitobidagi anatomiyaga sharh” asarida Galenning bu da’vosini rad etib, shunday yozdi:

“Ikki bo‘shliq orasida yo‘l yo‘q. To‘siq zich. Qon o‘pka arteriyasi orqali o‘pkaga o‘tib, u yerda havo bilan aralashishi, so‘ngra o‘pka venasi orqali yurakning chap bo‘shlig‘iga qaytishi kerak.”

Bunday aniq ta’rif Yevropadagi “qayta kashfiyot”dan bir necha asr oldin aytilgandi. Bu bilan cheklanib qolinmadi. Ibn an-Nafis “yurak o‘z toj tomirlari orqali oziqlanishi”ni ta’kidladi va hatto biz hozirda kapillyarlar deb ataydigan mayda qon tomirlari mavjudligini taxmin qildi.

Ibn an-Nafis sermahsul yozuvchi edi. Aytishlaricha, u 110 jilddan ortiq asar yozgan. Uning asosiy asarlari quyidagilar:

“Ash-Shamil fi as-Sino’a at-Tibbiyya” (“Tibbiyot san’ati haqida keng qamrovli kitob”): 300 jildlik tibbiy ensiklopediya yaratishga urinish; taxminan 80 jildi yozib tugatilgan. Unda jarrohlikdan tortib ovqatlanish ilmigacha qamrab olingan.

“Al-Mo‘jaz fi at-Tibb” (“Tibbiyotning qisqacha kitobi”): Islom dunyosidagi ko‘plab shifokorlar avlodi uchun qo‘llanma bo‘lib qolgan qisqacha darslik.

“Sharh Tashrih al-Qonun” (“Ibn Sinoning Qonun kitobidagi anatomiyaga sharh”): Unda kichik qon aylanish doirasi haqidagi kashfiyoti bayon etilgan.

“Al-Muxtor fil-Ag‘ziya” (“Oziq-ovqat mahsulotlarini tanlash”): Ovqatlanish va salomatlik haqidagi kitob.

“Al-Muhażżab fil-Kuhl” (“Oftalmologiya bo‘yicha mukammal kitob”): Ko‘z kasalliklari va ularni davolash haqida kitob.

“Al-Risola al Komiliyya fil Siyra al Nabaviyya” (“Theologus Autodidactus”): Aqliy dalillar orqali islom ilohiyotini himoya qiluvchi falsafiy roman — ilmiy fantastika va ilohiyotning ilk uyg‘unlashuvi.

Ibn an-Nafisning tibbiy iste’dodi boshqa barcha fazilatlaridan ustun bo‘lsa-da, u nufuzli huquqshunos va ilohiyotchi ham edi. U “al-Masruriya” madrasasida dars bergan, uning nomi o‘z davrining buyuk shofe’iy ulamolari qatorida tilga olinadi. Falsafiy asarlarida aql va e’tiqod uyg‘un bo‘lishi mumkinligi ta’kidlangan va u skeptiklarga qarshi tananing qayta tirilishi kabi tushunchalarni himoya qilish uchun mantiqdan foydalangan.

Ibn an-Nafis 1288-yilda Qohirada, 78 yoshida vafot etdi. Shogirdi Safiy Abul-Fath uni she’riy marsiya yozdi. Ibn an-Nafis o‘z qadriyatlariga sodiq qolib, uyi va kutubxonasini tibbiyot va ilm-fan rivojiga xizmat qilishi uchun hadya qilib qoldirdi.

Asrlar davomida uning inqilobiy g‘oyalari Yevropada e’tibordan chetda qoldi. G‘arb olimlari Maykl Servetus va Uilyam Harvi kabi olimlarning xizmatlarini tan olishdi. Faqatgina 1924-yilda misrlik olim Berlinda Ibn an-Nafisning qo‘lyozmalarini qayta topgach, uning tarixdagi o‘rni tiklandi.
Bugungi kunda uni “qon aylanish fiziologiyasining otasi”, Galenning fikriga qarshi chiqish jinoyat hisoblangan davrda boshqacha fikrlashga jur’at etgan olim deb atashadi.

Uning hayot yo‘li bizga ilm yo‘lidagi xolislik va xarislikka namuna bo‘lib xizmat qiladi.

https://t.me/ufq_horizon