June 25

BuxDU, Ingliz adabiyotshunosligi va tarjimashunoslik kafedrasi

BAHOUDDIN NAQSHBAND ZIYORATGOHIGA TASHRIF

Xorijiy tillar fakulteti 61010500 – Gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyati ta’lim yo‘nalishi 11-3-GHTF-23 guruhi talabalari Ingliz adabiyotshunosligi va tarjimashunoslik kafedrasi o‘qituvchisi (PhD) A.R. Ziyodullayev rahbarligida malakaviy amaliyotni samarali davom ettirmoqdalar.

Amaliyotning navbatdagi bosqichida talabalar Buxoro viloyatidagi muqaddas qadamjolardan biri bo‘lgan Bahouddin Naqshband ziyoratgohiga tashrif buyurdilar. Tashrif davomida ular buyuk mutasavvif va Naqshbandiya tariqati asoschisi Bahouddin Naqshbandning hayoti, ilmiy-ma’naviy merosi hamda ziyoratgohning tarixiy ahamiyati haqida amaliy ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

Talabalar amaliyot jarayonida ziyoratgoh tarixi haqida sayyohlarga ma’lumot berish, tarixiy va diniy manbalarni izchil bayon qilish, xorijiy mehmonlar bilan samarali muloqot o‘rnatish hamda tarjimonlik ko‘nikmalarini rivojlantirish ustida ishladilar. Shuningdek, majmua hududidagi masjid, maqbara va boshqa tarixiy obidalar bilan yaqindan tanishib, ularning me’moriy xususiyatlari hamda ma’naviy ahamiyati yuzasidan fikr almashdilar.

Amaliy mashg‘ulot davomida talabalar gid-hamrohligi faoliyatining muhim jihatlari, xususan, ziyorat turizmi obyektlarida ekskursiya olib borish, sayyohlarga to‘g‘ri va ishonchli ma’lumot taqdim etish hamda milliy-madaniy qadriyatlarni targ‘ib qilish ko‘nikmalarini yanada mustahkamladilar.

Mazkur amaliy tashrif talabalarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, tarixiy-ma’naviy meros obyektlari haqidagi bilimlarini boyitish hamda kelgusidagi faoliyatlari uchun zarur bo‘lgan amaliy tajribani oshirishga xizmat qildi.