September 7

BuxDU, Ingliz adabiyotshunosligi va tarjimashunoslik kafedrasi

2026-yil 7-sentabr kuni Buxoro davlat universiteti Xorijiy tillar fakulteti Ingliz adabiyotshunosligi va tarjimashunoslik kafedrasida talabalar uchun malakaviy amaliyotni tashkil etish va uni samarali o‘tkazishga bag‘ishlangan amaliyot oldi konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur konferensiyada kafedra mudiri D. I. Xodjayeva, amaliyot bo‘yicha kafedra mas’uli M. M. Raximov hamda amaliyot rahbarlari ishtirok etdilar.

Konferensiyani kafedra mudiri D. I. Xodjayeva ochib berdi. U o‘z nutqida talabalarning malakaviy amaliyotini tashkil etish, amaliyotning maqsad va vazifalari, uni o‘tash muddati hamda amaliyot davomida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Shuningdek, D. I. Xodjayeva talabalarni malakaviy amaliyot davrida belgilangan tartib-qoidalarga qat’iy rioya qilish, amaliyot rahbarlari bilan muntazam hamkorlikda ishlash hamda amaliyot jarayonida yuklatilgan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarishga chaqirdi. Bundan tashqari, amaliyotni rasmiylashtirish va nazorat qilish jarayonida career.edu.uz platformasi orqali amalga oshiriladigan ishlar, talabalar tomonidan bajarilishi zarur bo‘lgan bosqichlar hamda amaliyot rahbarlarining vazifalari haqida ham atroflicha tushuntirishlar berildi.

Shundan so‘ng amaliyot bo‘yicha kafedra mas’uli M. M. Raximov so‘zga chiqdi. U o‘z nutqida career.edu.uz platformasidan foydalanish tartibi, unda ro‘yxatdan o‘tish, amaliyot bilan bog‘liq zarur ma’lumotlarni kiritish va belgilangan hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlari yuzasidan batafsil ma’lumot berdi.

Konferensiya davomida talabalarning malakaviy amaliyotni muvaffaqiyatli tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha savollariga javoblar berildi. Shuningdek, amaliyot davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalar va ularni hal etish tartibi yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.

Amaliyot oldi konferensiyasi yakunida talabalarga malakaviy amaliyot davridan unumli foydalanish, amaliy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, o‘zlariga biriktirilgan amaliyot rahbarlari bilan hamkorlikda faoliyat olib borish hamda barcha belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish lozimligi alohida ta’kidlandi.