BuxDU, Ingliz adabiyotshunosligi va tarjimashunoslik kafedrasi
Buxoro shahar 39-maktabda metodik seminar tashkil etildi
Buxoro davlat universiteti Ingliz adabiyotshunosligi va tarjimashunoslik kafedrasi professori F.M. Xajiyeva hamda dotsenti G.F. Kendjayeva tomonidan Buxoro shahar 39-umumta’lim maktabida ingliz tili o‘qituvchilari uchun “Teacher-Centred and Learner-Centred Approach” mavzusida metodik seminar tashkil etildi.Mazkur seminar zamonaviy ta’lim jarayonida qo‘llanilayotgan pedagogik yondashuvlarni tahlil qilish, o‘qituvchilarning metodik mahoratini oshirish hamda dars samaradorligini kuchaytirish maqsadida o‘tkazildi. Seminar davomida an’anaviy o‘qituvchi markazli (teacher-centred) hamda zamonaviy o‘quvchi markazli (learner-centred) yondashuvlarning nazariy asoslari, ularning o‘ziga xos xususiyatlari, afzallik va ayrim cheklov jihatlari atroflicha muhokama qilindi.
Ishtirokchilar bilan interaktiv savol-javoblar, kichik guruhlarda ishlash, vaziyatli topshiriqlar (case study) hamda amaliy mashqlar tashkil etildi. O‘qituvchilar dars jarayonida o‘quvchilarning faolligini oshirish, mustaqil va tanqidiy fikrlashini rivojlantirish, shuningdek, kommunikativ kompetensiyalarini shakllantirish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Seminar davomida learner-centred yondashuvning zamonaviy ta’lim talablariga mosligi, o‘quvchining shaxs sifatida rivojlanishiga xizmat qilishi hamda dars jarayonida hamkorlik muhitini yaratishdagi o‘rni alohida ta’kidlandi. Shuningdek, o‘qituvchi markazli yondashuvning ham muayyan vaziyatlarda samarali qo‘llanishi mumkinligi misollar asosida ko‘rsatib berildi.
Tadbir yakunida maktab o‘qituvchilari tomonidan berilgan savollarga batafsil javoblar berildi, taklif va mulohazalar umumlashtirildi hamda kelgusida hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha fikr almashildi. Ushbu seminar maktab va oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi ilmiy-metodik aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.