BuxDU, Ingliz adabiyotshunosligi va tarjimashunoslik kafedrasi
2026-yil 16-Oktabr kuni Buxoro davlat universiteti Ingliz adabiyotshunosligi va tarjimashunoslik kafedrasida “Adabiyotshunoslik: ingliz adabiyoti” mutaxassisligi 2-bosqich magistranti Baxromova Gulasal tomonidan “Science Fiction in English Literature” mavzusida ochiq dars yuqori saviyada tashkil etildi. Dars ilmiy rahbar, kafedra dotsenti Ganiyeva Orzigul Xayriddinovna rahbarligida o‘tkazildi hamda 11-6 ING-24 guruh talabalari ishtirokida amalga oshirildi.
Mazkur mashg‘ulot davomida magistrant tomonidan zamonaviy pedagogik yondashuvlar va innovatsion metodlardan samarali foydalanildi. Xususan, interfaol mashqlar, vizual ko‘rgazmalar, PowerPoint taqdimotlari hamda video lavhalar orqali mavzu keng va tushunarli tarzda yoritib berildi. “Match the Writer with the Information”, “Questions according to the video”, “Writer Detective” hamda “Bamboozle online game” kabi faoliyatlar yordamida talabalar bilimlari mustahkamlandi va amaliy jihatdan sinovdan o‘tkazildi.
Talabalar mashg‘ulot davomida science fiction jarining asosiy xususiyatlari, yetakchi namoyandalari va ularning asarlariga oid bilimlarini chuqurlashtirdilar. Shuningdek, tahliliy fikrlash, muloqot va jamoada ishlash ko‘nikmalari rivojlantirildi.
Dars interaktiv ruhda tashkil etilib, talabalar faol ishtirok etishga undaldi. Ular o‘z fikr va mulohazalarini erkin bayon etish imkoniga ega bo‘ldilar. Turli o‘yinlar, muhokamalar va ijodiy topshiriqlarning qo‘llanilishi mashg‘ulotning qiziqarli va samarali kechishini ta’minladi.