June 12

BuxDU, Ingliz adabiyotshunosligi va tarjimashunoslik kafedrasi

Bugun, 12-iyun kuni, Adabiyotshunoslik (ingliz adabiyoti) mutaxassisligi 2-bosqich magistrantlarining magistrlik dissertatsiyalari himoyasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur himoya jarayonini fakultet dekani Ataboyev N.B., magistratura bo‘limi boshlig‘i Yavmutov D.Sh, kafedra mudiri Xodjayeva D.I. hamda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch Davlat Universiteti Xorijiy filologiya fakulteti Ingliz tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti, (PhD) F.J.Masharipova kirish so‘zlari bilan ochib berdilar. Ular o‘z nutqlarida ilmiy-tadqiqot ishlarining oliy ta’lim tizimidagi ahamiyati, yosh olimlarning ilm-fan rivojiga qo‘shayotgan hissasi hamda magistrlik dissertatsiyalarining ilmiy salohiyatni namoyon etishdagi o‘rni haqida alohida to‘xtalib o‘tdilar.

Himoya davomida magistrantlar o‘z dissertatsiya mavzulari bo‘yicha olib borgan ilmiy izlanishlari, erishilgan natijalar, tadqiqotning ilmiy yangiligi va amaliy ahamiyatini keng yoritib berdilar. Taqdimotlar jarayonida tadqiqotlarning nazariy va metodologik asoslari, o‘rganilgan muammolar hamda ularning yechimlari atroflicha tahlil qilindi. Magistrantlar tomonidan tayyorlangan ilmiy ishlar zamonaviy adabiyotshunoslikning dolzarb masalalariga bag‘ishlangani bilan e’tiborga sazovor bo‘ldi.

Himoya hay’ati a’zolari va mutaxassislar tomonidan dissertatsiyalar yuzasidan turli savollar, taklif va tavsiyalar bildirildi. Magistrantlar esa berilgan savollarga ilmiy asoslangan, mantiqiy va batafsil javoblar berib, o‘z tadqiqotlarini muvaffaqiyatli himoya qildilar. Jarayon davomida qizg‘in ilmiy munozaralar olib borildi, tadqiqot natijalarining nazariy hamda amaliy jihatlari keng muhokama qilindi.

Tadbir yuqori ilmiy saviyada, ochiqlik va xolislik tamoyillari asosida tashkil etildi. Himoya yakunida magistrantlarning ilmiy izlanishlari munosib baholanib, ularning kelgusidagi ilmiy va pedagogik faoliyatlariga ulkan muvaffaqiyatlar tilandi. Mazkur himoya yosh tadqiqotchilarning ilm-fan rivojiga bo‘lgan intilishi, izlanishlari va salohiyatini namoyon etuvchi muhim ilmiy tadbirlardan biri sifatida e’tirof etildi.