BuxDU, Ingliz adabiyotshunosligi va tarjimashunoslik kafedrasi
2026-yil 20-fevral kuni Buxoro davlat universiteti Ingliz adabiyotshunosligi va tarjimashunoslik kafedrasi dotsenti Kendjayeva Gulrukh Fattilloyevna rahbarligida tashkil etilgan “Reading and Thinking” to‘garagining “Education in the 21st Century” mavzusiga bag‘ishlangan mashg‘ulotidan lavha.
Mashg‘ulot davomida talabalar XXI asr ta’limining zamonaviy yondashuvlari, innovatsion pedagogik metodlari hamda raqamli texnologiyalar asosida ta’lim jarayonini tashkil etish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashdilar. Shuningdek, tanqidiy va mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishning ahamiyati, ta’lim jarayonida kreativ yondashuvni qo‘llash, hamkorlikda o‘qitish (collaborative learning) va muammoli vaziyatlarga yechim topish ko‘nikmalarini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Talabalar til va tafakkur o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik, chet tilini o‘rganish jarayonida mantiqiy fikrlashni rivojlantirish hamda kommunikativ kompetensiyani shakllantirishning muhim jihatlari haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Guruhlarda ishlash jarayonida ular mavzuga doir g‘oyalarni tahlil qilib, muammolarga turli nuqtayi nazardan yondashdilar hamda o‘z qarashlarini aniq dalillar va misollar asosida himoya qildilar.
Mazkur mashg‘ulot talabalar faolligini oshirish, erkin fikrlash muhitini yaratish hamda zamonaviy ta’lim tamoyillarini amaliyotda qo‘llashga xizmat qilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.