BuxDU, Ingliz adabiyotshunosligi va tarjimashunoslik kafedrasi
20-oktyabr kuni Ingliz adabiyotshunosligi va tarjimashunoslik kafedrasi dotsenti Sa’dullayev Feruz Baxtiyorovich tomonidan Tarjima nazariyasi yo‘nalishi talabalari ishtirokida “Sog‘lom kun tartibi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Davra suhbatining asosiy maqsadi talabalarda sog‘lom turmush tarziga rioya qilish, kun tartibini to‘g‘ri tashkil etish, vaqtni samarali taqsimlash hamda salomatlikka mas’uliyatli munosabatni shakllantirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida kun tartibining inson hayotidagi o‘rni va ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berildi. Talabalarga kunni rejalashtirish, o‘qish, dam olish, uyqu va jismoniy mashg‘ulotlar uchun yetarli vaqt ajratish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Shuningdek, ertalabki badantarbiya bilan shug‘ullanish, sog‘lom ovqatlanish, ko‘proq suv ichish va zararli odatlardan voz kechish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Suhbat davomida yetarli va sifatli uyquning inson salomatligi hamda aqliy faoliyatiga ta’siri ham muhokama qilindi. Talabalarga kech vaqtgacha telefondan foydalanmaslik, uyqudan oldin ortiqcha ovqatlanmaslik va har kuni bir xil vaqtda uxlashga odatlanish tavsiya etildi. Kun tartibiga amal qilish o‘quv jarayonidagi samaradorlikni oshirishi, diqqatni jamlashga yordam berishi va charchoqning oldini olishi ta’kidlandi.
Tadbir interfaol tarzda tashkil etilib, talabalar mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar hamda o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Ishtirokchilar sog‘lom kun tartibiga rioya qilish bo‘yicha shaxsiy tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Davra suhbati yakunida har bir talaba o‘z kun tartibini qayta ko‘rib chiqishi, vaqtni to‘g‘ri taqsimlashi va sog‘lig‘ini asrashga e’tibor qaratishi lozimligi qayd etildi. Tadbir mazmunli va samarali o‘tdi.