BuxDU, Ingliz adabiyotshunosligi va tarjimashunoslik kafedrasi
2026-yil 13-iyun kuni Qiyosiy tilshunoslik, lingvistik tarjimashunoslik mutaxassisligi 2-bosqich magistrantlarining magistrlik dissertatsiyalari himoyasi bo‘lib o‘tdi. Ilmiy tadbirni fakultet dekani Ataboyev N.B., magistratura bo‘limi boshlig‘i Yavmutov D.Sh., kafedra mudiri Xodjayeva D.I. hamda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti Xorijiy filologiya fakulteti Ingliz tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti, PhD F.J. Masharipova kirish so‘zlari bilan ochib berdilar. O‘z chiqishlarida ular magistrlik dissertatsiyalarining ilmiy-tadqiqot faoliyatidagi o‘rni, yosh olimlarning ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasi hamda zamonaviy ilmiy izlanishlarning dolzarbligi haqida fikr bildirdilar.
Himoya jarayonida magistrantlar o‘z tadqiqot ishlari mazmunini batafsil taqdim etib, dissertatsiyalarda qo‘llanilgan ilmiy yondashuvlar, tadqiqot metodlari, erishilgan natijalar va ularning nazariy hamda amaliy ahamiyatini yoritib berdilar. Shuningdek, qiyosiy tilshunoslik va lingvistik tarjimashunoslik sohalaridagi dolzarb masalalar yuzasidan olib borilgan izlanishlar, ilmiy yangiliklar hamda amaliy tavsiyalar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Himoya hay’ati a’zolari tomonidan magistrlik dissertatsiyalari yuzasidan savollar, mulohazalar va takliflar bildirildi. Magistrantlar esa o‘z ilmiy izlanishlariga tayangan holda berilgan savollarga aniq, asosli va izchil javoblar berib, tadqiqotlarining ilmiy qiymatini muvaffaqiyatli himoya qildilar. Muhokamalar davomida ilmiy ishlarning metodologik asoslari, amaliy qo‘llanish imkoniyatlari va istiqboldagi tadqiqot yo‘nalishlari yuzasidan samarali fikr almashildi.
Himoya yakunida magistrantlarning ilmiy ishlari munosib baholanib, ularga kelgusidagi ilmiy va pedagogik faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilandi. Mazkur magistrlik dissertatsiyalari himoyasi yosh tadqiqotchilarning ilmiy salohiyati, izlanuvchanligi va kasbiy mahoratini namoyon etgan muhim ilmiy tadbirlardan biri sifatida e’tirof etildi.