February 27

BuxDU, Ingliz adabiyotshunosligi va tarjimashunoslik kafedrasi

2026-yil 26-fevral kuni “Movie club and discussion” to‘garagining navbatdagi mashg‘uloti yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur mashg‘ulot Ingliz adabiyotshunosligi va tarjimashunoslik kafedrasi o‘qituvchisi Xusenova Mehriniso O‘ktamovna tomonidan olib borildi.

Uchrashuv davomida ishtirokchilar bilan birgalikda The Ron Clark Story filmi ingliz tilida tomosha qilindi hamda atroflicha muhokama qilindi. Film real voqealarga asoslangan bo‘lib, unda fidoyi o‘qituvchi Ron Klarkning murakkab sharoitdagi maktabda o‘quvchilar bilan ishlash jarayoni, innovatsion pedagogik yondashuvlari va yuqori kasbiy mahorati tasvirlanadi.

Filmning aynan ingliz tilida tomosha qilinishi talabalarning tinglab tushunish (listening), so‘z boyligi va og‘zaki nutq (speaking) ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qildi. Dialoglar, pedagogik terminlar va motivatsion nutqlar til o‘rganish jarayonida muhim amaliy material vazifasini o‘tadi. Shu bilan birga, film o‘qituvchilik kasbining mas’uliyati, ijodkorligi va fidoyiligini ko‘rsatib beruvchi motivatsion asar sifatida talabalar pedagogik mahoratini oshirishga ham xizmat qiladi.

Mashg‘ulot davomida film mazmuni adabiy va tarbiyaviy jihatdan tahlil qilindi. Qahramon xarakteri, konflikt, ijtimoiy muhit ta’siri va motivatsiya masalalari yuzasidan fikr almashildi. Ayrim sahnalar tarjimashunoslik nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqilib, ingliz tilidagi iboralarning semantik va pragmatik xususiyatlari tahlil qilindi.

Muhokama qismida talabalar o‘z fikr-mulohazalarini ingliz tilida bayon etdilar, bu esa ularning erkin fikrlash va muloqot qilish ko‘nikmalarini yanada mustahkamladi. Mashg‘ulot yakunida filmning asosiy g‘oyasi — ta’lim orqali inson hayotini o‘zgartirish mumkinligi — haqida umumiy xulosa qilindi.

Shu tariqa, “Movie club and discussion” to‘garagining ushbu mashg‘uloti nafaqat mazmunli va interaktiv, balki til o‘rganish hamda o‘qituvchilik mahoratini rivojlantirishga xizmat qiluvchi samarali tadbir bo‘ldi.