BuxDU, Ingliz adabiyotshunosligi va tarjimashunoslik kafedrasi
Buxoro davlat universiteti Xorijiy tillar fakulteti Ingliz adabiyotshunosligi va tarjimashunoslik kafedrasi o‘qituvchilari M.X. Niyazova hamda B.O. Davronova boshchiligida 2026-yil 1-aprel kuni 2- va 3-juftliklarda 11-4 TNI-25 guruh talabalari ishtirokida Chashmai Ayyub Maqbarasi hamda Somoniylar bog'i hududlarida sayyor dars tashkil etildi.
Mazkur sayyor dars tarjimashunoslik fanidan “Translation: myths and legends” hamda og‘zaki nutq amaliyoti fanidan “Leisure time and sport” mavzulari asosida olib borildi. Talabalar tarixiy maskanlarda nazariy bilimlarini amaliy faoliyat bilan uyg‘unlashtirib, mavzular yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini ingliz tilida erkin bayon etdilar.
Dars jarayonida talabalar xorijiy turistlar, jumladan amerikalik mehmon bilan ingliz tilida muloqot olib borib, o‘zlarining og‘zaki nutq hamda tarjima ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdilar. Ushbu jarayon real kommunikativ muhitda tajriba orttirishga xizmat qildi.
Talabalar tarixiy va madaniy obyektlar haqida ingliz tilida fikr almashib, shuningdek, “leisure time” mavzusi doirasida bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish, sportning ahamiyati hamda sog‘lom turmush tarzi haqida ham o‘z qarashlarini bildirdilar.
Dars davomida interfaol metodlardan foydalanilib, savol-javoblar orqali mavzular chuqur o‘zlashtirildi. Mazkur sayyor dars talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan bog‘lash, ularning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish hamda madaniy merosimizni o‘rganishlariga keng imkoniyat yaratdi.