October 23

BuxDU, Ingliz adabiyotshunosligi va tarjimashunoslik kafedrasi

2026-yil 22-oktabr kuni Buxoro davlat universiteti Xorijiy tillar fakulteti Ingliz adabiyotshunosligi va tarjimashunoslik kafedrasi o‘qituvchisi, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Ashurova Dildora G‘afurovna tomonidan 3-TNI24- guruhida Chet tillarni o‘qitishning pedagogik asoslari fanidan “ Developing Students’ Vocabulary learning strategies” mavzusida ochiq dars o‘tkazildi.
Darsning asosiy maqsadi talabalarga leksik birliklarni o‘zlashtirish strategiyalarining nazariy asoslarini tushuntirish, so‘z boyligini kengaytirishda qo‘llaniladigan samarali usullarni o‘rgatish hamda zamonaviy elektron korpuslardan foydalanish orqali talabalarning mustaqil o‘rganish va kasbiy-metodik kompetensiyalarini rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.
Mashg‘ulot davomida lug‘at o‘rganish strategiyalarining turlari, ularni tanlash va amaliyotda qo‘llash yo‘llariga alohida e’tibor qaratildi. Talabalar Corpus of Contemporary American English (COCA) onlayn korpusi bilan ishlab, so‘zlarning qo‘llanilish chastotasi, birikmalari (kollokatsiyalari) va real nutqiy kontekstdagi ma’nolarini tahlil qildilar. Rejalashtirilgan barcha topshiriqlar to‘liq bajarildi: talabalar individual, juftlik va guruhlardagi amaliy mashqlarda hamda mavzu yuzasidan o‘tkazilgan muhokamalarda faol ishtirok etdilar. Mashg‘ulot jarayonida nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, talabalarning tahliliy fikrlashi va o‘z o‘quv faoliyatini mustaqil boshqarish ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida ahamiyat berildi.
Dars zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida tashkil etilib, talabalarning fanga bo‘lgan qiziqishini oshirish va bo‘lajak ingliz tili o‘qituvchilarining kasbiy tayyorgarligini mustahkamlashga xizmat qildi. Mashg‘ulot yakunida talabalar lug‘at o‘rganish strategiyalarini puxta o‘zlashtirganliklari kuzatildi, dars o‘z oldiga qo‘yilgan maqsadga to‘liq erishdi.
Ochiq dars o‘quv mashg‘ulotlarini samarali tashkil etish, korpus lingvistikasi imkoniyatlarini ta’lim jarayoniga tatbiq etish hamda bo‘lajak mutaxassislarning metodik kompetensiyalarini rivojlantirish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etdi.