June 15, 2019

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi yig‘ilishida ishtirok etdi.

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi Rasining o‘rinbosari A.X.Xamzayev

Joriy yilning 14 iyun kuni O‘zbekiston Republikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 fevraldagi «2019 yilda vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishlarini baholashning asosiy mezonlari to‘g‘risida»gi Farmoyishida belgilangan vazifalarni O‘zbekiston Republikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan ijro etilish holati yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Qo‘riqxonalar, milliy tabiiy bog‘lar va ovchilik xo‘jaligi boshqarmasi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi, O‘zbekiston Ekologik harakati va ekologiya yo‘nalishidagi boshqa jamoat tashkilotlari hamda OAV vakillari qatnashdilar.

Tadbirda mazkur farmoyishining bajarilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasida 2019 yilning I choragida amalga oshirilgan ishlar o‘rganilganligi ta’kidlandi.

Baholashning asosiy mezonlarida 2019 yil davomida O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga 11 ta bandda 29 ta maqsadli vazifa belgilangan bo‘lib, shundan 6 ta banddagi 8 ta topshiriqning bajarish muddati 2019 yil I choragi etib belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan taqdim qilingan ma’lumotlarga asosan o‘tkazilgan tahlillar natijasida
2019 yilning I choragi davomida bajarilishi lozim bo‘lgan 8 ta topshiriqning 3 tasi (37%) o‘z vaqtida bajarilmaganligi aniqlangan.

Jumladan, baholashning asosiy mezonlarining 2-bandida tog‘ va tog‘oldi hududlarida 10 ming gektar maydonda yong‘oqmevali (pista, yong‘oq, bodom) shundan 6 ming gektarga pista, 3 ming gektarga bodom va 1 ming gektarga yong‘oq plantatsiyalarini tashkil etish rejasiga kiritish ko‘rsatilgan.

O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan taqdim qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yilning I choragida Qashqadaryo
(920 ga), Jizzax (890 ga), Surxondaryo (1334 ga), Navoiy (600 ga), Samarqand (316 ga), Toshkent (722 ga), Farg‘ona (59 ga) viloyatlari o‘rmon fondi yerlarining tog‘ va tog‘oldi yerlarida 5 ming gektardan ortiq maydonda yong‘oqmevali plantatsiyalarni tashkil etish uchun yer maydonlari tanlab olingan. Bunda topshiriq ijrosi 50% bajarilgan.

Baholashning asosiy mezonlarining 5.1-bandi bo‘yicha 2019 yilda sug‘oriladigan yerlarda shamol eroziyasi bilan kurashish uchun va suv xo‘jaligi ob’ektlarida qum ko‘chishiga qarshi 2500 gektar maydonda ihota daraxtzorlarini ekish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish
va ekspertizadan o‘tkazish topshirig‘i belgilangan.

Hisobot davrida, «O‘rmonqurilish» DUKning buyurtmasiga asosan «O‘rmonloyiha» DUK tomonidan loyiha qidiruv ishlariga asosan loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan hamda Qurilish vazirligiga ekspertizadan o‘tkazish uchun topshirilgan.

Lekin o‘rganish davrida faqat Andijon, Namangan, Navoiy va Samarqand viloyatlarining loyiha-smeta hujjatlari ekspertizadan o‘tkazilgan xolos.

Baholashning asosiy mezonlarining 11-bandida O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tizimiga kiruvchi tashkilotlarga 2019 yilda o‘z mablag‘lari hisobidan kamida 300 dona (25-27%) kompyuterlar sotib olish va kompyuterlar bilan ta’minlash ko‘rsatkichini 75 foizga yetkazish topshirig‘i berilgan.

Qo‘mita tomonidan 2019 yilda kompyuterlar bilan birinchi navbatda ta’minlashi lozim bo‘lgan tizim tashkilotlari ro‘yxati shakllantirilgan. Biroq, hisobot davrida qo‘mita tizimidagi tashkilotlar tomonidan 90 dona kompyuter sotib olinib, topshiriq ijrosi 30% bajarilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 fevraldagi
Farmoyishi ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasida Baholashning asosiy mezonlarida ko‘rsatilgan maqsadli vazifalar bajarilishi va ularga erishilishi bo‘yicha tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasining 2019 yilning I choragida ijrosini ta’minlash yuzasidan yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan bir qator taklif va mulohazalar bildirildi.

Tadbir yakunida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasining tegishli qarori qabul qilindi.

Manba: parliament.gov.uz