July 19, 2025

Sukut orasidagi qorongʻulik

Shahar har doimgidek jimjit edi. Kuz faslining sovuq shamollari eski daraxt barglarini yulib, yo‘laklar bo‘ylab yovuz nigohdek sudralib yurardi. Ari maktabga borayotgan yo‘lda o‘zini g‘alati his qilardi — go‘yoki kimdir uni uzoqdan kuzatib turganday. Lekin orqaga qarasa, hech kim yo‘q. Bu kunlar unga shunday tuyg‘uni ko‘p marta bergan edi.

U yangi maktabga ko‘chib kelganiga endigina ikki hafta bo‘lgan edi. Bu maktab — Hoseok High School — tarixida ko‘plab sirlarni yashirardi, ammo Ari hali buni bilmasdi. U faqat shuni bilar edi: bu maktabda kimdir unga qaraydi. Doim. Har darsda. Har tanaffusda. Ayniqsa, u sinfdagi orqa qatorda o‘tirgan, yigitlardan eng sokin va g‘alati biri — Kim Taehyung.

Taehyung hech qachon ko‘p gapirmasdi. Uning qog‘ozdek oppoq terisi, quyuq rangdagi ko‘zlari va ko‘p hollarda sochlaridan yashiringan chehrasi unga sirli tus berardi. U ko‘p hollarda daftarining chetiga nimadir chizardi — lekin u nima chizayotganini hech kim ko‘rmagan. Ari bir marta qarab qolganida, Taehyung tezda daftarini yopdi va unga o‘sha qorong‘i, tushunib bo‘lmaydigan nigoh bilan qaradi.

— "U faqat kuzatadi... gapirmaydi," — degandi bir kuni Harin. — "Lekin shunaqa yigitlardan ehtiyot bo‘l, Ari. U haqida ko‘p mish-mishlar bor..."

Ari eshitgan edi — kimdir aytgan: "Uning avvalgi maktabida qiz yo‘qolib qolgan. Keyin u bu yerga ko‘chib kelgan." Lekin bu gaplar oddiy o‘quvchilar to‘qib chiqqan ertaklar bo‘lishi mumkin edi. Yoki yo‘q?

---

Bugun darsda Taehyung butun vaqt davomida Ari tomonga qarab o‘tirgan edi. Ari buni bilardi. U qaramaslikka harakat qilardi. Lekin oxiri doskaga chiqayotib, ko‘zlari beixtiyor unga tushdi. Taehyung asta jilmaydi. Bu tabassumning ichida sovuq narsa bor edi. Yashirin nimadir.

Tanaffusda esa, Harin yugurib keldi.

— "Ari! Uzoq yurmaylik, Jungkook keladi," — dedi u kulib. Uning yuzidagi har doimgidek issiq ifoda Ari uchun eng katta tasalliy edi. Harin doimo uni himoya qilardi. Va endi u Jungkook bilan birga edi. Harin va Jungkookning sevgisi deyarli butun maktabni qiziqtirib qo‘ygan edi.

— "Ular ideal juftlik, a?" — deb kuldi Ari.

— "Agar bu maktabda ideal nimadir bo‘lsa, demak bu bizman," — deb kuldi Harin va ko‘z qisdi.

Lekin o‘sha kuni kechqurun, Ari telefoniga noma’lum raqamdan xabar keldi:

“Sen noto‘g‘ri odamga yaqinlashayapsan.”

U titradi. Qorong‘ilikda oynadan tashqariga qaradi... ko‘chadagi chiroq ostida kimdir turgan edi. Qimirlamay. To‘g‘ridan-to‘g‘ri unga qarab.

---

Ertasi kuni sinfda joyini egallayotganda, Taehyung unga asta gap qotdi:

— "Senga bir gapim bor, Ari. Meni tinglashing kerak. Bugun kechqurun. Kutaman. Eski sport zali orqasida."

Ari hech narsa deyolmadi. U shunchaki boshini qimirlatdi. Ich-ichida nimadir aytayotgandek edi: borma. Lekin boshqa bir narsa esa shivirlardi: bor... chunki bu senga bog‘liq. Chunki bu haqiqatni ochadi.

U bilmas edi: bu tun, uning butun hayotini o‘zgartirardi. Chunki Taehyung — oddiy yigit emas edi. Va u faqat qarab yurmasdi... u bilib yurardi.

1-qism tugadi reaksiya bosishni unutmangla🥹❤️