OʻZBEKISTONNING RAQQOS YIGITLARI
Tarjimondan kirish soʻzi
1932-yilning iyunida shoir Lengston Hyuz yigirmadan ortiq afro-amerikan san’atkorlar, rejissyorlar va aktyorlar hamrohligida Amerikaning janubidagi afro-amerikan hayot haqida film ishlash maqsadida Sovet Ittifoqiga tashrif buyuradi. Ishchi nomi “Qora va oq” deb atalgan o‘sha film ba’zi sabablarga ko‘ra umuman suratga olinmagan. Yuqori sinfda o‘qiganidan buyon Bolsheviklar inqilobi va yangi Sovet Ittifoqiga simpatiyasi paydo bo‘lgan Hyuz 1932-yilning sentyabridan to 1993-yil yanvarigacha Toshkent, Buxoro, Samarqand, Ashxobod kabi shaharlarda mehmon bo‘ladi. Ushbu sayohatlarning natijasi o‘laroq, 1934-yilda uning “A Negro Looks at Soviet Central Asia” (“Bir habashning Sovet Markaziy Osiyosiga qarashlari”) nomli kitobi dunyoga keladi.
Shu davr mobaynida Hyuz Markaziy Osiyo xalqlari, shu jumladan, O‘zbekiston madaniyati va san’ati haqida maqolalar yozdi. Paxta dalalarida kezdi, oddiy odamlar bilan uchrashdi.Birinchi o‘zbek raqqosasi Tamara Xonimdan intervyu oldi. O‘zbek SSR Davlat Nashriyoti uning elliktacha she’rini o‘zbekchaga tarjima qilishni Sanjar Siddiq zimmasiga yukladi. Shunday qilib, Lengston Hyuz she’rlari Markaziy Osiyo tillariga tarjima qilingan birinchi amerikalik ijodkorga aylandi.
Shoirning quyidagi “O‘zbekistonning raqqos yigitlari” nomli maqolasi bundan salkam 90 yil avval, 1934-yilda AQShdagi “Travel” (“Sayohat”) jurnalida chop etilgan. Garchi unda muallif Sovet hukumatiga nisbatan xayrixohligini ochiq bildirgan o‘rinlar bo‘lsa-da, maqolani asl holicha o‘zbekchalashtirishni to‘g‘ri deb topdim. Sababi yurtimizning ajnabiy shoir nigohidagi bundan to‘qson yil avvalgi qiyofasi asl holida yana-da qadrli manba bo‘ladi, deb o‘ylayman.
O‘ZBEKISTONNING RAQQOS YIGITLARI
Markaziy Osiyo respublikalaridan biri bo‘lmish O‘zbekiston dunyo xaritasining Afg‘oniston Xitoyga qarab cho‘zilgan qismida joylashgan. Kommunistik inqilobdan oldin erkakraqqoslarga ishqibozlik kult darajasiga ko‘tarilgani nozik harakatlanishning hadisini olgan har qaysi ko‘rkam yigitning g‘arblik Greta Garbo-yu Klark Geybldan qolishmaydigan shuhrat topishiga zamin yaratgandi. Stalin taxtga kelgunicha iste’dodli raqqos erkaklar Farg‘ona-yu Buxoroda, O‘sh-u Samarqandda ularning o‘yinini ko‘rish uchun choyxonalar-u raqs davralarini to‘ldirib o‘tiradigan erkaklar orasida birday mashhur va sevimli edilar.
Xuddi Xitoy va Yaponiyadagi odatiy teatrlarda bo‘lganidek, Markaziy Osiyoda ham ilgari har qanday ommaviy tomoshalarda faqatgina erkaklar qatnashishgan. Rol o‘ynash yoki raqs tushish ayollarga qat’iyan ta’qiqlangan. O‘zbekistondagi birorta erkak ayolini xalq spektakllariga hatto olib bormagan ham. Ayollarning vazifasi faqatgina to‘rt devor ichida qamalib o‘tirish sanalgan.
Ayol qiyofasiga kirib raqs tushadigan yigitlar yasama kokillar taqib, ayollarga xos kiyinishgani barobarida ohangga mos muqom qilishning nozik san’atini o‘zlashtirish uchun ham harakat qilishgan. Ulardan ba’zilari katta san’atkor bo‘lib yetishishgan, ammo ko‘pchiligi Markaziy Osiyodagi, xususan, O‘zbekistondagi erkaklar hayotining bir qismiga aylangan choyxonalardagi shunchaki tomoshaboz sifatida qolib ketishgan. Darvoqe, O‘zbekistonda choyxonalar xuddi bizning Amerikadagi gazli ichimliklar barlari kabi judayam ommalashgan.
Mazkur choyxonalarga faqat erkaklar kelishgan. Quyoshli ob-havoda ular tashqarida, tapchan yoki so‘rilarda, Marvdan yo Buxorodan keltirilgan yumshoqqina sharqona gilamlarda qarshilarida kichikroq choynaklarda damlangan choy-u sonlarida nosqovoq to‘la nosni qo‘ygancha chordona qurib o‘tirishgan. Tuyalar va otlar o‘tib turgan chang-to‘zonli yo‘ldan sal nariga qo‘yilgan soya-salqin so‘rilarda o‘tirisharkan, ularning sirti silliq matodan qilingan uzun kiyimlari, sallalari-yu yaltiroq do‘ppilari choyxonaning loy devorlari qarshisida ancha hashamatli ko‘ringani aniq.
Kechalari esa, bir yo ikki torli gardani uzun musiqa asboblari va ikkitalik fleytaga o‘xshagan qo‘shnayning nolavor sadolari choyxonani qamrab olgan. Ularning bir maromdagi kuylariga monand jingalak sochli boshlarini likillatgancha raqqos yigitlar hozir bo‘lishgan. Olloh va uning rasuli mast qiluvchi ichimliklarni ta’qiqlagan bo‘lsa-da, bunday kechki bazmlarda choynaklarning ichiga har doim ham choy to‘ldirilmagan. Sharqona shaharlarning zimiston ko‘chalarida choyxonalardan nur bilan birgashodon qiy-chuvlar ham taralib, aks-sado berib turgan.
Men raqqos yigitlar haqida ko‘p narsani Ahmedjon aka Umrzoqovdan bilib oldim. Toshkentda meni u kishi bilan ajoyib ayol, O‘zbek Milliy Teatrining eng oldi raqqosasi Tamar Xonim tanishtirgandi. Ahmedjon Umrzoqov oliyjanoblik vasozandalikda tengi yo‘q keksa kishi ekan. Uning xotiralari yaqin o‘tmishdagi Bolsheviklar inqilobidan ancha nariga, hali Rossiya va Britaniya imperiyalari Kaspiy shimolidagi ulkan hududni idora qilish ustida bosh qotirayotgan kunlarga borib taqaladi, o‘sha davrlarda u puldor boylarning to‘y ziyofatlarida nay chalib yurardi. Hozir esa u O‘zbekiston Respublikasi Milliy Orkestrining faxriy a’zosi, qolaversa, butun Sovet Osiyosida eng yaxshi naysoz ustalardan biri.
Tamara Xonimning zamonaviy uyida bir payola choy-u qand-qurs ustida, yerda gilam va ko‘rpachalar o‘rniga stol-stullarda o‘tirarkanmiz, Umrzoqov aka menga o‘tmishdagi raqqos yigitlar haqida so‘zlab berdi. Zamonaviy teatrning yosh a’zolari, ya’ni sovet tuzumi tarbiyasini olgan yigit-qizlardan birotasi ham men bilan o‘tmishda xalq hayotining bir qismi bo‘lgan bu holat haqida gaplashmagan bo‘lardi. Hattoki inqilobdan oldin o‘zlari raqqos yigit bo‘lganlar ham bu haqda og‘iz ochmagan bo‘lardi. G‘arblik sayyohlar buni to‘g‘ri qabul qilishmaydi, yoki tushunishmaydi, deb o‘ylashardi. Shuningdek, yoshlar bugungi kunlarning sururidan mast, ikkinchi besh yillik davri rejasidan hayajonga to‘la, Kommunizm g‘alabasi haqidagi Moskvada qo‘yilgan eng so‘nggi spektakl ularning teatrlari uchun milliy tillariga tarjima qilinayotganidan boshlari osmonda edi. Umrzoqov aka ham bu kabi narsalarga befarq emasdi, lekin u o‘tmishni ham yodga olar va bu haqida gapira olardi.
O‘rtadagi tilmoch vositasida (adashmasam, tilmoch Toshkentdagi sobiq rus zodagonlaridan edi), u menga bir necha yillar avval butun O‘zbekiston bo‘ylab o‘tkazilgan ulkan raqs sayillari haqida so‘zlab berdi. Bunday sayillarga tog‘lar va dashtlarda yashaydigan puldor boylar yo raqqos yigitlarni sotib olgani, yo bo‘lmasa uzoq-uzoqdagi uylarining bog‘larida mavsumiy tomoshaboz sifatida ishlatgani kelishgan ekan.
Ovozasi butun olamni tutgan bu sayillarda to‘nlarni kiyib, belbog‘larini tang‘ib olgan, boshlariga salla-yu kichkina dumaloq do‘ppini qo‘ndirgan, bellariga mahalliy chekimlik to‘ldirilgan qovoqlarini osib olgan bir gala erkaklar to‘planishgan. Ular ochiq havodagi katta supurib-sirilgan maydon atrofida sarg‘ish-bug‘doyrang yuzlarini bir-birga qapishtirib, doira qurib o‘tirishgan yo tik turishgan.(Tamara Xonimning albomlaridan birida xuddi shunaqa sayilning eski surati bor edi.) U yerda milliy kuylarni chaladigan nay, doira va torli cholg‘ulardan tashkil topgan orkestr ham bo‘lgan. Quyosh issiq taftini taratib, changlar esa havoda uyoqdan-buyoqqa uchib yurgan.
O‘zbekistonning to‘rt burchagidan ishsiz, kelishga qurbi yetgan yoki sayildan xabar topgan barcha raqqos yigitlar – ularni bachchalar deb ham atashgan – o‘z ijrosini ko‘rsatgani kelishgan emish. Ular yasama sochlarini, qizlarnikiday jingalak kokillarini, shoyi to‘nlari-yu yaltir-yultir etiklarini kiyishgan. Keyin har biri navbatma-navbat keng maydon uzra davra aylanib musiqa ohangiga mos yo‘rg‘alar, har biri o‘ziga xos tarzda muqom qilar, o‘zbek raqsining asosiy unsurlaridan hisoblangan bosh va belning nozik harakatlanishini ko‘rsatib berishardi. Har bir yigit chang-to‘zonli maydonda an’anaviy harakatlarning yangicha ko‘rinishda o‘ziga xos mohirlik bilan ado etarkan, erkaklarning tumonat davrasi ularni olqishlab baqirishardi.
Umrzoqov aka menga Ota Xo‘ja degan judayam mashhur raqqos yigitning bir gal o‘zi guvoh bo‘lgan karomati haqida aytdi. Aytishicha, u bosh-keti yo‘q katta davrani har qadamida o‘zbek raqsining nozik va murakkab milliy harakatlarini takrorlab naq uch marta aylanib chiqqan, aylanishlarni har gal yana-da go‘zal suratda takrorlaganidan sayildagi to‘rt ming kishilik tomoshabinlar ommasi na’ra ortidan na’ra tortib, qichqirib, qarsaklarni yog‘dirib tashlashgan emish.
Bu raqslarda hech qanday buzuqlik va behayolik bo‘lmagan. Bular shunchaki o‘tmishdagi raqs ustalaridan avloddan avlodgan meros bo‘lib kelayotgan, qadimgi ritmik imo-ishoralar va plastik pantomimaning milliy qolipga solingani edi xolos. Tomoshabinlar ularning ko‘pchilik harakatlarini yoddan bilishgan, jozibadorligi uchun yoqtirishgan.Barchaga tabassum qilib, ko‘zlari bilan noz-karashma qilayotgan uzun kokilli raqqoslarning qizlar emas, yigitlar ekanini aytmasa, g‘arblik inson ko‘ziga hech narsa o‘ta darajada g‘alati ko‘rinmagan bo‘lardi.
Har bir yigit raqsini yakunlagach otasi yoki qo‘riqchisi hamrohligida tujjorlar, boylar va choyxona sohiblari bilan savdolashganini borardi. Faqat o‘ta puldor boylarninggina Ota Xo‘jaga o‘xshagan zo‘r raqqos yigitlarning xizmatlarini o‘zlari uchun sotib olishga qurblari yetardi. Faqat o‘ta puldorlargina o‘zlarining yoki erkak mehmonlarining maishati uchun bir nechta raqqos yigitlarni yollashga va bir paytning o‘zida Sharqda boylik alomatii hisoblangan katta haramlarga egalik qilishga qodir edilar.
Bunday namoyishlarda tajribasi kamlik qilib, boylarning e’tiboridan chetda qolgan raqqos yigitlar esa kelasi sayilgacha yo‘l bo‘yidagi choyxonalarda o‘yin ko‘rsatib vaqt o‘tkazishgan majbur bo‘lishardi. Biroq omadi chopib yaxshi ustoz topganlarning ishlari ancha yurishib ketardi. Ular dang‘illama hovlilardagi tomoshabinlar qarshisida, musiqa sadolari va favvoralar shitirlashi sadolari ostida, shoyi gilamlar-u to‘kin dasturxonlar oldida raqsga tushishar va ortiq u choyxonadan bu choyxonaga, u sayildan bu sayilga daydib yurishlariga ehtiyoj qolmasdi.
Lekin bu gaplarning barchasi kechagina – o‘n besh, yigirma yo yigirma besh yil ilgari va undan ham avvalgi o‘tmishda, inson eslay oladigan darajada bir necha o‘n yillar narida sodir bo‘lgan. Bir yili, to‘satdan, birontayam raqs sayili o‘tkazilmadi, birontayam yigitn choyxonalarda xirom qilmdi!
Nega? Bu qanday sodir bo‘lishi mumkin?
Xalqning ming yillik udumlariga chek qo‘yadigan, ayollarni haramlar iskanjasidan xalos etadigan, paranjilarini yirtib otishga kuch beradigan, boylarning Afg‘onistonga qochib ketishiga sabab bo‘ladigan nima yuz berishi mumkin?
— Inqilob, — deydi Umrzoqov aka. — Hamma narsa o‘zgardi! O‘zgardi! Avvalari faqat bachchalar qilgan ishni bugun ayol kishi — Tamar Xonim qiladi. Bugun yoshlar ishli. Ular maktablarga qatnashadi. Ular Komsomollarga qarashli.
— Osiyo yoshlari uchun, — derdi menga keksa suhbatdoshim garchi bu haqda allaqachon bilsam ham, — bugun ko‘plab maktablar qurilgan, ularda yuzlari sarg‘ish va bug‘doyrang bolalar ma’lum yoshgacha majburiy ta’lim olishadi. Ular uchun o‘zbekcha deysizmi, tojikcha deysizmi, tatarcha deysizmi, xullas, barcha Sharq tillarida, hatto 1922-yilgacha o‘z alifbosi bo‘lmagan tillarda ham rasmli darsliklar bor. Inqilobdan buyon barcha sport turlarining atletik mashg‘ulotlari Markaziy Osiyoga olib kirilmoqda. Jumladan, futbol, boks, tennis, yugurishni aytsa bo‘ladi. Samarqand, Qo‘qon va Toshkentda bir nechta katta stadionlar va tennis kortlari qurildi yoki qurib bitkazilmoqda. Dam olish kunlari ko‘plab odamlar regbi ko‘rishga, bolakaylarning urish uchun kurashlarini qo‘llab-quvvatlashga to‘planishadi.
Raqs sayillarining changigan maydonlar atrofida erkaklar davra qurib o‘tiriladigan kunlar endi o‘tmishda qoldi. Baquvvatroq odamlar hozir ommaviy bir istakka ega: har bir yosh yigit fiskulturnik bo‘lishni va davlat tomonidan mukammal tana tuzilishiga ega kishilarga beriladigan nishonni taqib yurishi orzu qiladi.
Raqqos ygitlar choyxonlarda tomosha ko‘rsatib, sayillarda shoyi ko‘ylaklar-u yasama sochlarni kiyib gir aylanadiga, o‘zlarini boylarga pullaydigan davrlar endi o‘tmishda qoldi. Sovetlar hukumati xoh ayol, xoh erkak bo‘lsin, odamlarning sotilishini ta’qiqlagan.
Ammo eski raqs davralari haliyam o‘zbek teatrlarida o‘z o‘rniga ega. Bu raqslar katta festivallarda ijro etiladi va teatrning yosh ishchilariga o‘rgatiladi; lekin bu ishchilar davlatdan oylik olishadi. Axir ular Ittifoq farzandlari. Qolaversa, raqqos yoki tomoshabin sifatida ommaviy raqslar tadbirlarida qatnashish faqatgina erkaklar bilan cheklangan emas. Aksincha, bugun Farg‘onadan tortib Buxorogacha, Xivadan tortib Qo‘qongacha eng mashhur, har bir harakati gulduros qarsaklar-u qiy-chuvlarga sabab bo‘ladigan raqqosa aynan mana shu qora ko‘zli, uzun qora sochli sinchalakkina ayol, bugungi oqshomning mezboni Tamar Xonim bo‘ladi.
Ahmedjon aka Umrzoqovning guvohlik berishicha, u bir paytlar eng oldi bachchalar bilgan usullarning barchasidan xabardor ekan. Toshkentda yurgan mish-mishlarga ko‘ra, uni yaqin orada go‘zallik yaratuvchi har qanday ijodkor uchun eng ulug‘ e’tirof hisoblangan O‘zbekiston Xalq Artisti unvoni berilarmish. Agar u yigirma yillar oldin tug‘ilib, voyaga yetganida, haramda bandi bo‘lib o‘tirgan bo‘lardi. Bugun esa, agar u ijodiy safarlarga chiqadigan bo‘lsa, Samarqandning oltin yo‘lidagi barcha qadimiy shaharlar peshtaxtalarida TAMARA XONIM deya ismi katta-katta harflarda yozilganini ko‘rasiz. Allaqachon u raqqos yigitlardan, hatto eng puldor boylar o‘zlari bilan olib yuradigan raqqoslardan ham ko‘proq yerlarga sayohat qilib ulgurgan. Sovet artisti sifatida Tamara Xonim Moskva hamda Parijga ham borib kelgan.
Maqola matni “Travel” (AQSh) jurnalining 1934-yilgi sonidan olindi.