June 2, 2020

Jismoniy shaxs Bog` tashkil qilish uchun nimalar qilishi kerak? ( M.F)

Tayyorlovchi: Fazliddin Mardonov

Fikrimni O`zbekiston qonunchiligi asosida bildiradigan bo`lsam, Yer kodeksining 56-moddasida shaharlar va posyolkalarda, shuningdek qishloq aholi punktlarida yashovchi, dehqon xo‘jaligi yuritish uchun tomorqa yer uchastkalariga ega bo‘lmagan fuqarolarga korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning iltimosnomasiga binoan jamoa bog‘dorchiligi va uzumchiligi yuritish uchun meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga yoki jamoa polizchiligi uchun vaqtincha foydalanishga yer uchastkasi tuman hokimi tomonidan berilishi nazarda tutilgan.
Jamoa bog‘dorchiligi, uzumchiligi va polizchiligi uchun beriladigan yer uchastkalari ko‘chalar ochish, jamoat imoratlari va inshootlari qurish zarurligi hisobga olingan holda bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatining har bir a'zosiga 0,06 gektargacha va polizchilik shirkatining har bir a'zosiga 0,08 gektargacha o‘lchamda belgilanadi.

🌳🌳🌳🍇 Bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlari to‘g‘risidagi nizomda jamoaviy bog‘dorchilik va uzumchilikni yuritish uchun fuqarolarga yer uchastkasi korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning yoki fuqarolar guruhining iltimosnomasiga binoan, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tuman hokimi tomonidan berilishi belgilab qo‘yilgan.

🌳🌳🌳🍇 Tuman hokimining yer uchastkasi berish to‘g‘risidagi qarorida shirkat tashkil etilganligi ko‘rsatiladi va keyinchalik merosga qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini rasmiylashtirish maqsadida shirkat a'zolarining shirkat har bir a'zosining yer uchastkalari maydoni ko‘rsatilgan holdagi ro‘yxati tasdiqlanadi.

🌳🌳🌳🍇 Jamoaviy bog‘dorchilik va uzumchilikni yuritish uchun fuqarolarga berilgan yer uchastkasidan meva, rezavor va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari o‘stirish uchun foydalaniladi.

🌳🌳🌳🍇 Jamoa bog‘dorchiligi, uzumchiligi va polizchiligini tashkil etish uchun fuqarolar bog‘dorchilik-uzumchilik yoki polizchilik shirkatlariga birlashadilar. Ushbu shirkatlar uning a'zoligiga kirishni xohlovchilar kamida 30 kishi bo‘lganda tashkil etilishi mumkin.

🌳🌳🌳🍇 Shuni ta'kidlab o‘tish kerakki, umumiy foydalaniladigan yerlar shirkatga doimiy foydalanish huquqi bilan beriladi. Shirkat a'zolariga yer uchastkalari jamoaviy bog‘dorchilik va uzumchilikni yuritish uchun merosga qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi bilan beriladi.