November 28, 2024

Tabel hujjati bilan ishlash tartibiga kiritilgan o'zgarishlar

Byudjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobi to'g'risidagi yo'riqnoma (ro’yxat raqami 2169, 2010-yil 22-dekabr) 285-bandida quyidagilar belgilangan:

Ish haqini hisoblab yozish uchun quyidagilar asosiy hujjatlar hisoblanadi: tashkilotning ishga qabul qilganlik, bo‘shatganlik va xodimlarni tasdiqlangan shtatlar jadvali va ish haqi stavkalariga muvofiq joydan-joyga ko‘chirish haqidagi buyruqlari, 421-son shakldagi foydalanilgan ish vaqti hisobi va ish haqi hisoblash tabeli (mazkur Yo‘riqnomaning 55-ilovasi) (keyingi o‘rinlarda tabel deb yuritiladi) va boshqa hujjatlar.
Tabellar tashkilot rahbarining buyrug‘i bilan tayinlangan shaxslar tomonidan har oyda belgilangan shaklda yuritiladi. Tabellar butun tashkilot bo‘yicha yoki tuzilmaviy bo‘linmalar (bo‘limlar, bo‘linmalar, fakultetlar, laboratoriyalar va boshqalar)ga bo‘lingan holda yuritiladi. Oyning oxirida tabel bo‘yicha ishlangan kunlarning umumiy miqdori, shuningdek, ortiqcha ishlangan soatlar aniqlanadi. To‘ldirilgan va tegishli imzolar bilan rasmiylashtirilgan tabellar, ishga qabul qilish va bo‘shatish to‘g‘risidagi buyruqlardan ko‘chirma hamda boshqa (JShShIR, jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘i, pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-karta ma’lumotlari va boshqa) ma’lumotlar tashkilotning kadrlar bo‘limi (xodimlar bilan ishlash bo‘linmasi yoki uning vazifasi yuklatilgan xodim) tomonidan “UzASBO” dasturiy majmuasiga kiritiladi hamda ish haqi hisoblash uchun buxgalteriyaga topshiriladi.

Shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2024-yil 12-noyabrdagi 06/36-5-23487-sonli xatida ham bu bo'yicha ko'rsatmalar berilgan.

Kadrlar bo'limi xodimiga login ochish bo'yicha video shaklda ma'lumot berilgandi. Shu tartibda kadrlar bo'limi xodimiga ham login ochiladi, agar tashkilot shtatlar jadvalida kadrlar bo'yicha xodim lavozimi ko'zda tutilmagan bo'lsa, mazkur vazifa yuklangan odamga login ochiladi. Agar mazkur vazifani tashkilot rahbari amalga oshirsa, unda rahbarning loginiga kadr (barcha vakolatlar) roli qo'shilsa bo'ladi. Bosh hisobchiga bu loginni qo'shish imkoni yo'q.

Tabel hujjatida foydalanuvchilarga biriktirilgan rollar kesimida bajariladigan amallar quyidagi rasmda ko'rsatilgan.

1. Kadrlar bo'limi xodimi tabelni tuzadi va uni rahbar imzolashi uchun Imzolashga tayyor tugmani bosadi.

2. Imzolashga tayyor tugma bosilgan tabelni rahbar o'ziga ochilgan loginda Imzolash tugmani bosib, Imzolangan statusga o'tkazadi.

3. Kadrlar bo'limi xodimi rahbar tomonidan imzolangan tabelni Yuborish tugmani bosgan holda bosh hisobchiga yuboradi.

4. Yuborilgan statusdagi tabelni bosh hisobchi Qabul qilish tugma yordamida Qabul qilingan statusga o'tkazadi. Agar xatoligi bo'lsa, Rad qilish tugmani bosadi.

2024-yil noyabr oyidan boshlab faqat Qabul qilingan statusdagi tabel hujjatlari asosida oylik hisoblash mumkin, Imzolangan (Podpisano) yoki avvalgidek O'tkazilgan (Provedeno) statusdagi tabellar asosida oylik hisoblab bo'lmaydi.

Tabel (ta'lim muassasalari uchun) hujjati ham tez orada mazkur qoida asosida ishlaydigan bo'ladi, hozircha mazkur tabel O'tkazilgan (Provedeno) statusda bo'lsayam oylik hisoblash mumkin. 2024-yil dekabr oyidan boshlab tabel (ta'lim muassasalari uchun hujjati ham qabul qilingan statusga o'tkazilgandan keyin avans vedomostida summalar chiqadigan va oylik hisoblanadigan bo'ldi.

Shuningdek, kadrlar bo'limi xodimi kiritishi kerak bo'lgan Hujjatlar-Kadrlar hisobi qismidagi hujjatlarda ham Bekor qilish, Tasdiqlash kabi tugmalar faqat mazkur xodim uchun ochilgan loginda ko'rinadigan qilindi. Bosh hisobchida esa bu funksiyalar olib tashlandi.