June 10

Ushlanmani qayerga ko'chirish mumkin?

Bu bo'yicha avval ham ma'lumot berilgandi. Faqat avval cheklov to'lov hujjatini tasdiqlashda chiqardi. Hozir so'rovnoma bo'yicha to'lov hujjatlari avtomatik tuzilayotgani va buning uchun to‘lov turlari bo‘yicha pul o‘tkaziladigan hisobraqamlar qismiga ma'lumot kiritish kerakligi uchun cheklov ham shu yerda chiqyapti. Xatolik matni quyidagicha: Nazorat tadbiri natijasida ortiqcha olingan mablagʼlar ushlanmasi toʻlov turi boʻyicha toʻlov hujjati turida G'azna memorial orderi (27 SHG'H)ni tanlab pul chiqarish mumkin emas. Mazkur cheklov O`zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining 01.05.2024 y. 25/4-1239-sonli hamda G'aznachilik xizmati qo`mitasining 10.05.2024 y. 01/13-33/84-sonli xatiga asosan qo`yilgan.

Mazkur ma’lumotda esa 715--Nazorat tadbiri natijasida ortiqcha olingan mablagʼlar ushlanmasi nega 25 talik daromad SHG’Higa o’tkazilishi kerakligi tushuntiriladi.

OʻzR VMning 21.05.2025 y. 325-son Byudjet tashkilotlari xarajatlarini moliyalashtirish va byudjetdan tashqari jamgʻarmalarni shakllantirish tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisidagi qarori 2-ilovaning 42-bandida qonun buzilish turi va u boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasini ijtimoiy rivojlantirish va xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasiga oʻtkaziladigan ajratma miqdori koʻrsatilgan. Bu qarorda koʻrsatilgan tushumlarning barchasi avval 25 talik daromad SHGʻHlarga tushib, keyin byudjet va tegishli tashkilotlarning hisobraqamiga taqsimlanib ketishi kerak.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan oʻtkaziladigan tekshirishlarda esa tashkilotlarga tegishli kamomad summalarini 4014 bilan boshlanuvchi 27 talik hisobraqamga oʻtkazish koʻrsatma berilyapti. Bunda dasturda Nazorat tadbiri natijasida ortiqcha olingan mablagʻlar ushlanmasi tanlanyapti. Lekin bu toʻlov turini tanlab 27 talikka pul chiqarib boʻlmaydi va bu aslida toʻgʻri ham.

Bu yangi kiritilgan tartib emas. Avval tegishli ajratmalar miqdori O'zR VMning 02.04.2010y. 62-son Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning byudjetdan tashqari jamgʻarmalariga mablagʻlar ajratishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi qarorida belgilangandi.

Yana ba'zida 25 talik daromad SHG'Hlar yo'qligi aytiladi.

Daromadlar boʻyicha shaxsiy gʻazna hisobvaragʻi raqami yigirma besh razryaddan iborat bo'ladi va uning 16 dan 22 gacha boʻlgan razryadlari daromad turini bildiradi. 25 talik daromad SHGʻHlari tahlil qilinganda 3450903 - Inspeksiya va uning hududiy boshqarmalari tomonidan o'tkazilgan nazorat tadbirlari natijalari bo'yicha byudjet, davlat maqsadli va boshqa jamg'armalari daromadiga undirilgan rastratalar, talon-toroj, kamomad, penya va jarimalar hamda noqonuniy xarajatlar summalari, 3450905 - Davlat moliyaviy nazorat inspeksiyasi tomonidan o'tkazilgan nazorat tadbirida tovar yetkazib beruvchi tashkilot tomonidan shartnoma shartlarini bajarmaganlik uchun jarima (penya), 3450939 - Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan qurilish-ta'mirlash ishlari bo'yicha aniqlangan va sud qaroriga asosan Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg'armalari daromadiga undirilgan summalar, 3450941 - Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan byudjet va smeta-shtat intizomini buzish bo'yicha maʼmuriy huquqbuzarlik to'g'risida tuzilgan bayonnomalarga asosan undirilgan jarima summalari, 3450942 - Davlat xaridlari to'g'risidagi qonunchilikni buzish uchun davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan qo'llanilgan jarimalar daromad turlari boʻyicha yaʼni yuqorida koʻrsatilgan qarordagi barcha tushum turlari boʻyicha hisobraqamlar ochilganligi maʼlum boʻldi.

Shuningdek, mazkur daromad turi uchun ochilgan SHG'Hlarga pul o'tkazishda 2 ta cheklov mavjud, bu cheklovlar tegishli kamomad summasi kassa xarajati qaysi SHG'Hdan amalga oshirilgan bo'lsa, o'sha hudud va o'sha byudjetga tegishli daromad SHG'Hlarga to'lanishi orqali kamomad o'z joyiga tiklanishiga xizmat qiladi:

  1. 3450903 - Inspeksiya va uning hududiy boshqarmalari tomonidan o'tkazilgan nazorat tadbirlari natijalari bo'yicha byudjet, davlat maqsadli va boshqa jamg'armalari daromadiga undirilgan rastratalar, talon-toroj, kamomad, penya va jarimalar hamda noqonuniy xarajatlar summalari uchun ochilgan daromad SHGʻHiga toʻlov qilish uchun kassa xarajati qilinayotgan SHGʻHdagi (21) va 25 talik daromad SHGʻHdagi (22) byudjet darajasi kodi (SHGʻHning 5-6-raqamlari) bir xil boʻlishi kerak.
  2. Kassa xarajati amalga oshirilayotgan shaxsiy gʻazna hisobvaraqda koʻrsatilgan hudud bilan toʻlov qilinayotgan daromad shaxsiy gʻazna hisobvaraqdagi hudud kodlari oʻzaro mos kelishi kerak. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining axborot tizimida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarni yuritish qoidalari (roʻyxat raqami 2772, 2016-yil 30-mart)ning 10-bandiga koʻra yigirma yetti razryaddan iborat xarajatlar boʻyicha shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarining 10 dan 14 gacha boʻlgan razryadlari - tasdiqlangan Hududiy tasnifga muvofiq hududiy tegishlilik kodini bildiradi. 8-bandiga asosan esa yigirma besh razryaddan iborat daromadlar boʻyicha shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarining 11 dan 15 gacha boʻlgan razryadlari - tasdiqlangan Hududiy tasnifga muvofiq hududiy tegishlilik kodini bildiradi. (Byudjet tasnifini qoʻllash boʻyicha yoʻriqnoma (roʻyxat raqami 2146, 2010-yil 11-oktyabr)ning 3-ilovasida Hududiy tasnif kodi keltirilgan)

Dasturda shartnoma, to'lov hujjatlari, ortiqcha to'lovlarni qaytarish xulosasi kabi hujjatlarda 25 talik daromad SHG'Hlari qo'lda kiritilardi. Shu sababli tashkilotlar shu vaqtgacha aslida 25 talik daromad SHG'H yo'q deyilsa ham ishonib ketaverishgan. Shuningdek, yuqoridagi kabi cheklovlarda to'g'ri SHG'Hni topishda ham qiynalishgan. Qolaversa, pul o'tkazilayotgan SHG'H aslida nima maqsad uchun ochilgan ya'ni undagi daromad turi qanaqa, qaysi tumanga tegishli, qaysi vazirlik, qo'mita yoki idoraga tegishli ekanligi bo'yicha xulosa qila olishmagan. Shularning barchasi hisobga olinib, hujjatlarda daromad SHG'Hlari kiritilmaydigan, balki tanlanadigan qilindi. Tanlash joyida ham viloyat, tuman, daromad kodi, tashkiliy tasnif kodlari bo'yicha filtr qilish imkoniyati qo'shildi.

OʻzR VMning 21.05.2025 y. 325-son Byudjet tashkilotlari xarajatlarini moliyalashtirish va byudjetdan tashqari jamgʻarmalarni shakllantirish tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisidagi qarori 2-ilovasidagi ajratmalar miqdori to'liq tegishli vazirliklar, qoʻmitalar va idoralarning byudjetdan tashqari jamgʻarmalariga yoʻnaltiriladimi?

Yo'q. OʻzR Prezidentining 29.12.2023 y. PQ-422-sonli Oʻzbekiston Respublikasining “2024-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi qarorining 7-bandida "Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi 2024-yil 1-yanvardan boshlab davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, vazirliklar va idoralarning byudjetdan tashqari jamgʻarmalariga majburiy yigʻimlar, bojlar va jarimalar hisobidan kelib tushgan mablagʻlarning hamda mazkur jamgʻarmalarning boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklariga joylashtirishdan olingan daromadlarning 40 foizini Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot tizimida avtomatik tarzda Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjetiga oʻtkazsin", deb koʻrsatilgan. Bu band boʻyicha 25 talikdan taqsimlangan pul mablag'lar manbasi 4014 bo'lgan 27 talik SHGʻHga kelib tushishi va uning 40 foizi byudjetga oʻtib, qolgani 4010 ga taqsimlanishi kerak. Lekin mazkur holatdayam bir qancha xatoliklarga yo'l qo'yilyapti:

  • OʻzR VMning 21.05.2025 y. 325-son qarori ilovasida ba'zi davlat bojlari, yigʻimlar va soliq boʻlmagan toʻlovlar 100 foiz tegishli vazirliklar, qoʻmitalar va idoralarning byudjetdan tashqari jamgʻarmalariga yoʻnaltirilishi belgilangan. Shu sababli ba'zi tashkilotlar uni to'g'ridan-to'g'ri o'zlarining 27 talik SHG'Higa tushirishyapti va to'liq o'z maqsadlari uchun ishlatishyapti.
  • Ba'zida tegishli summa boshqa daromad SHG'Hlariga o'tkazib yuborilsa, moliya organlari ortiqcha to'lovlarni qaytarish xulosasida yoki 40 foizi byudjetga o'tkaziladigan 27 talik 4014 lik SHG'Hga o'tkazmay, to'g'ridan-to'g'ri 4010 ga o'tkazish holatlari uchraydi. Misol uchun 3450903 daromad turi uchun ochilgan daromad SHG'Hga kelib tushishi kerak bo'lgan summa boshqa daromad SHG'Hga o'tkazib yuborilgan. Moliya organi o'sha summaning 8 foizini mablag'lar manbasi 4010 bo'lgan 27 talik SHG'Hga o'tkazishga xulosa yuborsa, xatoga yo'l qo'ygan bo'ladi. Chunki 4010 likka 8 foizning 60 foizi ya'ni 8*60%=4.8% summa ketishi kerak edi.
  • Ba'zida esa tegishli vazirlik, qo'mita yoki idoralar faqat byudjetdan tashqari jamgʻarmaga o'tkaziladigan qismiga tegishli summani tashlab berishni so'rashadi. Buning xatoligi shundaki, keyinchalik qolgan summa 25 talik daromad SHG'Hga o'tkazilganda, undan yana ajratma bo'lib, ularning byudjetdan tashqari jamgʻarmalariga o'tib ketadi.
Faraz qilaylik, dasturda mazkur cheklov yo'q edi. Unda davlat byudjeti qancha zarar ko'rishini aniqlaymiz.

3450903 - Inspeksiya va uning hududiy boshqarmalari tomonidan o'tkazilgan nazorat tadbirlari natijalari bo'yicha byudjet, davlat maqsadli va boshqa jamg'armalari daromadiga undirilgan rastratalar, talon-toroj, kamomad, penya va jarimalar hamda noqonuniy xarajatlar summalari daromad turi uchun ochilgan 25 talik SHG'Hga kelib tushgan summaning 92 foizi byudjetga va 8 foizi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasini ijtimoiy rivojlantirish va xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasiga o'tkazilishi kerak. OʻzR Prezidentining 29.12.2023 y. PQ-422-sonli qaroriga asosan esa bu pul dastlab 27 talik 4014 lik SHG'Hga kelib tushishi va undan ham 40 foizi byudjetga o'tkazilishi kerak. Qolgan 60 foizi 4010 lik SHG'Hga o'tkaziladi. Shunda byudjetga 92% va 8*40%=3.2%, jami 95.2% o'tishi kerak. Ya'ni, agar tashkilot pulni 25 talik daromad SHG'Hga o'tkazish o'rniga 27 talik 4014 lik SHG'Hga o'tkazsa, byudjetga 95.2 foiz ketishi kerak boʻlgani holda, 40 foiz ketyapti. Yaʼni 55.2 foiz qism byudjetga ketadigan summa tushmay qolyapti. Tashkilot ixtiyorida 4.8 foiz qolishi oʻrniga 60 foiz ketyapti.

Misol uchun, 2023-yilda 1,2 trln so‘mlik noqonuniy xarajat, 200 mlrd so‘mlik kamomad va o‘g‘riliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan ekan. Agar shuning barchasi ish haqidan ushlanib, 25 talik daromad SHG'Hga o'tkazilmay, 27 talik 4014 lik SHG'Hga o'tkazilsa, 1.4 trln*55.2%=772.8 mlrd so'm byudjetga tushmay qolardi. Ya'ni bitta shu cheklov shunday katta summaning boshqa yerga maqsadsiz o'tkazilishining oldini olyapti.

Agar tegishli summa to'g'ridan-to'g'ri 4010 lik SHG'Hga tushirilsa, byudjetga hech narsa o'tmay qoladi. Ba'zida shunaqa ko'rsatmalar ham bo'layotgani to'g'risida hisobchilar murojaat qilishyapti. Shuningdek, cheklovni aylanib o'tish uchun aniqlangan kamomad summasini bank orqali to'lashni maslahat berish va shu kabi yo'llarni o'rgatish o'ta achinarli holat hisoblanadi.